Jamiyat | 11:41 / 15.11.2025
8243
4 daqiqa o‘qiladi

Ohangaronda miltiq bilan savdo do‘koniga kirib, sotuvchini jarohatlagan erkak qamoqqa olindi

Holat 22 oktyabr kuni sodir bo‘lgan. Ammo IIB oradan 20 kun o‘tib, 12 noyabrda Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘agan. Kun.uz xabaridan so‘ng jinoyat ishi bezorilik bilan qayta malakalandi hamda erkakka nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Foto: Kun.uz

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida savdo do‘koniga miltiq bilan bostirib kirib, bir erkak va sotuvchi ayolni qurol bilan kaltaklagan shaxs 2021 yildan Ovchilik jamiyati a’zosi bo‘lgan. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati axborotida keltirilgan.

Tumanning “Ko‘ksaroy” MFY hududida yashovchi 33 yoshli R.Q. (erkak), shar’iy nikohida bo‘lgan 35 yoshli N.Sh. (ayol)ning yoniga, o‘ziga tegishli ov quroli, (2021 yildan Ovchilik jamiyatiga a’zo) bilan kelib, o‘rtalaridagi nizo sababli ayolga tahdid qilgan va urib tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan hududiy IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumonlanuvchi fuqaro tergovga jalb qilingan. Unga 22.02.2021 yildan berilgan ovchilik guvohnomasi bekor qilinib, TOZ-34 rusumli ov quroli musodara qilingan.

Jabrlanuvchi N.Sh.ning olgan tan jarohati yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlanib, 11.11.2025 yilda olingan STE xulosasiga ko‘ra ayolda (sog‘liqning qisqa muddatga buzilishiga olib kelgan) yengil tan jarohati mavjudligi ko‘rsatilgan”, deyiladi boshqarma rasmiy axborotida.

Shuningdek, hozirgi kunda holat Toshkent viloyati IIBB tomonidan to‘liq nazoratga olinib, Ohangaron tumani IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.

D.Q. rasmiy axborotda aytilgani kabi Ohangaron tumanining Ko‘ksaroy mahallasida emas, Angren shahrining Nishbosh ko‘chasida yashaydi. Qolaversa, jabrlanuvchi ayolning bildirishicha, u D.Q. bilan er-xotin bo‘lmagan.

Xato ma’lumot tarqatilishi sha’nimga ta’sir qilmoqda. Men u bilan na qonuniy, na sha’riy nikohda bo‘lmaganman. Biz er-xotin emasmiz. Turmush qurmoqchi edik, sovchi jo‘natgan. Dadam oldin uy ol, keyin ko‘ramiz, degan. Sha’riy nikohida bo‘lgan, degan xabarlar tarqatilishi ortidan barcha yaqinlarim, otam, sen bizdan yashirincha nikohdan o‘tib olganmiding, deya so‘roqqa tutyapti. Men u bilan bir kun ham bir tom ostida yashamaganman”, deydi Sh.N.

D.Q.ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan qayta malakalangan.

JIB Ohangaron tuman sudining 2025 yil 14 noyabrdagi ajrimi bilan D.Q.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan qilmish uchun bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “b” bandi bo‘yicha esa uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.

Mavzuga oid