Jamiyat | 18:19 / 03.04.2019
62515
9 daqiqa o‘qiladi

«Uyingizni buzamiz, evaziga palatka va shifer beramiz». Paxtakor tumanidagi mahalla ahli ko‘chada qolishi mumkin

«Yor-yor» yoki «Mahallada duv-duv gap» filmlarini ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lsa kerak. Bu filmlarning bir necha sahnalarida uyi hukumat tomonidan buzilgan va o‘rniga uy berilgan kishilar ko‘rsatiladi. Nega hozir ham aholiga buzilgan uylari uchun o‘sha filmlardagi kabi tartibda uylar berilishi yo‘lga qo‘yilmagan?

Kun.uz tahririyatiga navbatdagi murojaat Jizzax viloyatining Paxtakor tumani hududidagi «Do‘stlik» MFYdan kelib tushdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

 

«Bu uylar barak uylar. Bular 1958 yilda qurilgan. Hamma narsasi chirib tamom bo‘lgan. Bizga bu uylarning muddati tugagani, o‘rniga yer berishlari, uyni esa o‘zimiz qurib olishimiz kerakligini aytishmoqda. 30tadan shifer beramiz deyishdi. Boshqa materiallar yo‘q, quruq shiferni boshimizga qo‘yib o‘tira olmaymiz-ku? Oilamiz, bola-chaqamiz bor. Qurilish oson ish emas. Materiallar kerak, beton kerak. 20 aprelgacha chiqib ketinglar deyishyapti. Palatkalar olib kelganmiz, o‘sha joyga chiqib ketasizlar deyishdi. Qarindoshlarimizning uylariga borishimizni maslahat berishdi. 3 sotix yer va palatka beramiz, uy olmoqchi bo‘lsangiz, 20 million so‘mdan boshlang‘ich to‘lovini to‘laysiz. Muammo yo‘q deyishdi. Biz buncha pulni qanday to‘laymiz? Bunga sharoitimiz bo‘lsa barakda yasharmidik?

To‘g‘risini aytganda, palatkada yashash hech qanday me'yorlarga to‘g‘ri kelmaydi. Na musulmonchilikka, na o‘zbekchilikka to‘g‘ri keladi. Bitta palatkada 12 kishi turar ekanmiz. Qanday qilib? Bir tarafda yosh kelin-kuyov yotsa, bir tarafda qaynota-qaynona yotmaydi-ku? Bizga bu to‘g‘ri keladimi?», deydi kasbi advokat bo‘lgan Zamira Xidirova.

«3 sotix yer va shifer bersa, men qanday qilib qurilish qilaman? Bir o‘zim yashayman. Pensioner odamman. 260 ming so‘m pensiya olaman. Bu pul nimaga yetadi? Bizdan so‘rasangiz ahvol shu», deydi Malika Abdujalilova.

«Uy-joyimizni ta'minlab bersin, keyin chiqishga rozimiz. Uyda nogiron bolalarimiz bor. Ular aytgan holatda chiqib qanday yashaymiz? Palatkamish...», deydi Norboy Sharifov.

«O‘zim hokimiyatda farrosh bo‘lib ishlayman. Bitta o‘zimning oyligim bilan kun ko‘ramiz. 230 ming so‘m oylik olaman. 3ta xo‘jalik yashaymiz. Hammada daromad shu. Uy qurishni qo‘ying, tirikchilikka pul bazo‘r yetadi», deydi Ra'no Nosirova.

«Hali bizga tayinli joy qilmasdan turib ko‘chaga olib chiqishmasa kerak, to‘g‘rimi? Ikki o‘g‘lim bor. Ikkisi ham oilali. Qanday qilib hammamiz bir palatkada yashaymiz? Uy qur deyishadi. Uy qurishga qurbimiz yetsa, allaqachon chiqib ketardik-ku?», deydi Gulhayo Mirzayeva.

Shundan so‘ng barak uylarni aylanib chiqdik. Uylarda sharoitlar yomon holatda. Sharoitni yaxshilashga esa bu tumanda ish o‘rni yoki qulay tadbirkorlik muhiti mavjud emas.

Qiyin ahvolda necha yillardan beri topganiga sabr qilib kun o‘tkazayotgan bu odamlarga endi navbatdagi muammo ham kelib qo‘shilgan. Talabga javob bermasligi uchun buziladigan uylar o‘rniga aholiga yer va shifer taklif qilinmoqda. Uy egalari buzilgan uylaridan chiqqan materiallarini olib, qurilish qilishi lozim. G‘alati holat: uy talabga javob bermas ekan-u, materiallar javob berar ekanmi?

Navbatdagi manzilimiz shiferlar va palatkalar berish haqidagi takliflar tashabbuskori - tuman hokimiyati bo‘ldi.

Hokimiyatda har doimgi muammoga duch keldik. Azaldan oddiy xalq biror amaldorning huzuriga kirishi amrimahol bo‘lgan. Bu an'ana hali ham o‘zgarmagan ko‘rinadi. Avvaliga eshik oldida kutib turdik, so‘ngra majlislar zaliga olib borishdi.

Shu vaqt biz uchun kutilmagan holat yuz berdi. Uy buzilishlari bilan bog‘liq norozi aholi sekin-asta yig‘ilib zal to‘lish arafasiga keldi. Ushbu «chaqirilmagan mehmonlar»ning so‘zlariga ko‘ra, shu vaqtgacha hokimiyat ularning so‘zlarini tinglamagan. Bizga hokim hududlarga chiqib ketgani sababli, ozroq kutishimiz kerakligini aytishdi. Aholi vakillari bilan salkam 3 soat davomida kutdik.

Hokimliklarga kelgan muxbir bilan ko‘rishish o‘rniga hokimlar ularning sabr kosasi to‘lishini kutishadi. Toqati toq bo‘lgan muxbir izohni oddiy mutaxassisdan olish bilan kifoyalanadi. Biz ham kuta-kuta izohni hokim o‘rinbosari Hamidjon Hasanovdan olishga majbur bo‘ldik.

«Hozirgi kunda butun respublika bo‘ylab muhtaram yurtboshimizning tashabbuslari bilan ilg‘or hudud davlat dasturi qabul qilingan. Dastur doirasida tuman markazlarida Mirzacho‘l va Gagarin shaharlari misolida qayta arxitekturaviy yechimga ega bo‘lgan imoratlar qurish, hamma joy bir xil obod bo‘lishi kerakligi uchun yo‘l xaritasi bo‘yicha ish olib boryapmiz. Tumanimizning 4ta mahallasida eski baraklar joylashgan. Ahvolini o‘zingiz ham ko‘rgan bo‘lsangiz kerak.

Hali birorta uy buzilmagan. Bu bo‘yicha o‘zimiz ham bir qarorga kelganimiz yo‘q. Hamma narsani hisobga olyapmiz. Hali hech kimni tashqariga chiqarib qo‘yganimiz ham yo‘q. Eng qulay joyda namunali uy-joylar qurib, kommunikatsiya, yo‘llarni qurib keyin aholini ko‘chiramiz. Palatkalar haqida ham bizda hech qanday gap yo‘q», deydi tuman hokim o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga javoban aholi vakillari o‘z e'tirozlarini bildirishdi.

«Biz bilan bir necha marta yig‘ilish qilib, uchrashuvlar tashkil qilindi. Ularda bizga palatkalarga ko‘chib o‘tishimiz kerakligi haqida aytildi. Shifer beramiz deyishdi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, faqat shiferning o‘zi bilan biz nima qila olamiz? Bu uylarda yosh bolalar, yolg‘iz onalar, qariyalar bor. Ular olayotgan 250-260 ming so‘m pul nimaga yetadi?», deydi Zamira Xidirova.

«Biz har taraflama o‘ylab puxta reja bilan ish qilamiz. To‘lovlar masalasiga kelsak, respublika xotin-qizlar qo‘mitasi ajratilgan limit asosida sharoiti og‘ir ayollarga bir martalik bosh to‘lovni to‘lab beryapti. Qolganlar boshlang‘ich to‘lovni to‘lasa, qolgan summani ipoteka krediti asosida to‘lab boraveradi», deydi hokim o‘rinbosari.

Uning javobiga mahalladan kelgan shikoyatchi o‘z munosabatini bildirdi.

«Kredit deysiz. Bizning mahallada 10 foiz odam ishlashi mumkin. Qolganlar qanday to‘laydi? Masalan, men ham ishsizman. Bitta korxona ochilayotgan ekan. Borsam ko‘zing to‘g‘ri kelmaydi, bo‘ying kelmaydi deyapti. Ish o‘rni bo‘lmay turib biz kredit ololmaymiz», deydi shikoyatchi ayol.

Shaharsozlik, urbanizatsiya bo‘yicha ilg‘or imoratlar qurilishi kerakligi tushunarli. Lekin vatandoshlarimizning uylarini tortib olib, ularni ko‘chaga chiqarib, bir tutam mato ostida qoldirish qanchalik to‘g‘ri? Yana bir qiziq jihat, davlat yashab turgan uyingni olib, boshqa boshpana bermay ipoteka krediti asosida uy berar ekan. Ham uyingni olib, ham qarzdor qilish mantiq qoidalariga nomutanosiblik bo‘lmaydimi?

Hokimiyat vakillari hali bir qarorga kelinmaganini ta'kidlashdi. Aholi bilan kim uchrashganidan bexabarliklarini aytishdi.

Kun.uz bu masalani kuzatib boradi.

Muxbir - Bahodir Ahmedov
Tasvirchi – Muhammadjon G‘aniyev

Mavzuga oid