Jahon | 15:10 / 23.01.2026
6325
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning soyadagi floti nega Yevropa tomonidan AQShdagidek hibsga olinmayapti?

Rossiyaning norasmiy tankerlari atrofidagi bahslarda Yevropa Ittifoqi tanqidga uchrayapti. Zelenskiy ham Davosdagi nutqida yevropaliklardan noroziligini bildirdi. Xo‘sh, AQSh qat’iy choralar ko‘rayotgan bir paytda, nega YeI yumshoq pozitsiya tanlayapti? Bu savolga Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Umrbek Yusupov javob berdi.

AQSh Rossiyaning “soya floti” tankerlarini hibsga olyapti. Nega Yevropa Ittifoqi bunday qilmayapti?

Kamoliddin Rabbimov: Bu masalada bir nechta muhim jihatlar mavjud. Ulardan eng asosiysi – xalqaro huquq masalasidir.

Ikkinchi jahon urushidan keyin xalqaro suv yo‘llarida erkin harakatlanishni ta’minlash maqsadida ko‘plab qonunlar va konvensiyalar qabul qilingan. Yevropa Ittifoqi esa bugungi kungacha dunyo dengizlarida erkin suzishni himoya qilib kelayotgan sub’yektlardan biri hisoblanadi.

Xalqaro huquq va amaldagi konvensiyalarga ko‘ra, har bir davlatning dengizdagi hududiy suvlari mavjud. Bu hudud qirg‘oq chizig‘idan 22 kilometrgacha bo‘lgan masofani o‘z ichiga oladi va davlatning to‘liq ichki hududi hisoblanadi. Masalan, Janubiy Koreya, Shimoliy Koreya yoki Turkiya qirg‘oqlaridan 22 kilometrgacha bo‘lgan dengiz maydoni to‘g‘ridan to‘g‘ri ushbu davlatlarning suveren hududidir. 22 kilometrdan 44 kilometrgacha bo‘lgan hudud esa chegaradosh zona sanaladi. Bu hudud davlatning to‘liq ichki hududi bo‘lmasa-da, u yerda bojxona, fiskal, qonunchilik va immigratsiya masalalari bo‘yicha davlat organlari nazorat o‘rnatish va tekshiruv o‘tkazish huquqiga ega. Keyingi bosqich – eksklyuziv iqtisodiy zona bo‘lib, u qirg‘oqdan 370 kilometrgacha bo‘lgan dengiz hududini qamrab oladi. Bu zona doirasida davlat tabiiy resurslardan foydalanish bo‘yicha to‘laqonli huquqqa ega. 370 kilometrdan keyingi hududlar xalqaro erkin suvlar hisoblanadi.

Xalqaro suvlarda istalgan davlat kemalari hech qanday ruxsatsiz, erkin harakatlanish huquqiga ega. Hech bir davlat bu hududda kemalarni to‘xtatib, hujjat tekshirishga haqli emas.

Bugungi kunda dunyo bo‘ylab 5 mingdan ortiq tanker mavjud bo‘lib, ularning aksariyati neft va gaz tashiydi. Shulardan mingga yaqini Rossiyaga tegishli bo‘lib, bu tankerlar Rossiya neftining taxminan 80 foizini tashimoqda. Xalqaro sanksiyalar ostidagi davlatlar: Eron, Venesuela va Rossiya aynan xalqaro erkin suzish huquqidan foydalanib, o‘z neft va gazini yashirin yo‘llar bilan sotib kelmoqda. Rossiya nefti asosan Xitoy va Hindistonga yetkaziladi.

2025 yil dekabr va yanvar oyidan boshlab Donald Tramp ma’muriyati “soyadagi flot” deb ataladigan tankerlar faoliyatiga qarshi choralarni kuchaytirdi. Hozircha bu choralar to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya yoki Eronga emas, balki Venesuelaga borib-kelayotgan tankerlarni to‘xtatish va tekshirish orqali amalga oshirilmoqda. Buning asosiy sababi ham Venesuela omili bilan bog‘liq.

Yevropa Ittifoqining xalqaro huquqni buzmaslik majburiyatiga amal qilyapti. Rossiyaning soyadagi flotini tekshirish uchun hali huquqiy asos yetarli emas. Bu borada YeI hozir Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini ishlab chiqmoqda, ammo u hali kuchga kirmagan.

Shu bilan birga, Venesuelada hokimiyat qisman bo‘lsa-da AQSh nazoratiga o‘tgani, yangi rahbariyat Tramp siyosatiga mos harakat qilayotgani haqidagi qarashlar mavjud. Bu holat kelgusida navbat Eron va Rossiya tankerlariga ham kelishi mumkin degan taxminlarni kuchaytirmoqda. Yevropa Ittifoqi esa xalqaro huquqiy asos bo‘lmasdan Rossiya tankerlariga tegish to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya bilan keskin qarama-qarshilik, hatto urush xavfini keltirib chiqarishi mumkin, degan xavotirdan kelib chiqib, ehtiyotkorlikni afzal ko‘rmoqda.

Tramp – yirik va qudratli davlat rahbari sifatida bunday qarorlarni tez va qat’iy qabul qila oladi, Yevropa Ittifoqida esa hozircha bunday huquqiy va siyosiy erkinlik yo‘q. Shu sababli Yevropa Ittifoqi keskin qadamlardan tiyilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaro ehtimolini kamaytirishga intilmoqda.

Umrbek Yusupov: Bu tankerlarning texnik holati odatda yaxshi emas. Ularni majburiy sug‘urtalash talablari mavjud bo‘lsa-da, ko‘plab kemalar turli bayroqlar va yurisdiksiyalar ostida harakat qiladi. Rossiya aynan shu mexanizmdan foydalanib, aldov yo‘llari orqali o‘z tankerlarini turli davlatlar bayrog‘i ostida ro‘yxatdan o‘tkazadi. Ayrim davlatlar bilan tuzilgan shartnomalar asosida o‘z vakolatlarining bir qismini ushbu kemalarga delegatsiya qiladi, natijada ular rasmiy jihatdan boshqa yurisdiksiya ostida faoliyat yuritadi.

Eng muhim jihatlardan biri shundaki, bu tankerlar qo‘lga tushmaslik uchun neytral suv hududlarida yukni bir kemadan boshqasiga o‘tkazadi. Bu jarayon orqali yuk manbayi yashiriladi va iz yo‘qotiladi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday “yashirin flot” tarkibidagi kemalar soni 600 dan 1000 tagacha yetadi. Shundan taxminan 20 foizi Rossiyaga tegishli ekani aytiladi va bu raqamlar real holatga mos keladi.

Mazkur tankerlarning texnik ahvoli juda og‘ir. Ayrim kemalar allaqachon cho‘kib ketgan, boshqalari esa ozgina tashqi ta’sir bo‘lsa ham jiddiy zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan darajada eskirgan. Shunga qaramay, bugungi kunda aynan shu flot Rossiya uchun eng muhim logistika vositasiga aylanib qolmoqda.

E’tibor berilsa, Ukraina ham bir necha bor o‘z hududidan minglab kilometr uzoqlikdagi suv hududlarida Rossiya tankerlariga zarba bergan. Shu nuqtada men Zelenskiyning ayrim baholariga qo‘shilmayman. Amalda Yevropa Ittifoqi hududida, xususan Finlandiya, Estoniya va Norvegiya portlarida Rossiyaga aloqador kemalar bir necha bor to‘xtatilgan. Muammo ularni ushlashda emas, balki jazolash masalasida keskinlik yetishmasligidadir. Tekshiruvlar o‘tkazilmoqda, biroq qat’iy choralar ko‘rilmayapti.

Bu tizim faqat yetkazib beruvchi tomonga bog‘liq emas. Neft va gazni qabul qilayotgan davlatlar ham jarayonga hissa qo‘shmoqda. Yuklarning qariyb 80 foizi neft, 15–20 foizi esa suyultirilgan gazdan iborat. Hindiston singari iste’molchi davlatlar bu mahsulotlarni qabul qilish orqali yashirin tashish, yukni berkitish va kemadan kemaga o‘tkazish amaliyotlariga sharoit yaratmoqda. Agar xaridorlar bilan hamkorlik bo‘lmaganida, bu tizim amalda ishlamas edi.

Yevropa Ittifoqi yuqori huquqiy va siyosiy standartlarga amal qiladigan mintaqa sifatida, bu mexanizmdan osonlikcha chetga chiqolmaydi. Buni muzlatilgan Rossiya aktivlari masalasida ham ko‘rish mumkin: aktivlar Yevropa qo‘lida bo‘lsa-da, ularni berish bo‘yicha hanuz yakdil qarorga kelinmagan. Shunday ekan, tankerlar masalasida Yevropaning ehtiyotkorligi tushunarli.

Bundan tashqari, bu jarayonda iqtisodiy omil hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Masalan, Hindiston misolida ko‘rish mumkinki, kuchli siyosiy bosim va tahdidlarga qaramay, arzon neft manfaatlari ustuvor bo‘lib qolmoqda. Ayrim davlatlar iqtisodiy foyda evaziga siyosiy risklarga ham tayyor.

Xulosa qilib aytganda, “yashirin flot”ning saqlanib qolish mantig‘i siyosatdan ko‘ra ko‘proq iqtisodiy va energetik ehtiyojlar bilan bog‘liq. Shu ehtiyoj mavjud ekan, bu tizim ham yashashda davom etadi.

Suhbatni to‘liq YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid