O‘zbekiston | 08:08 / 30.06.2021
6785
6 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p kvartirali uy-joylar boshqaruvchi tashkilotlarga biriktiriladi

Foto: KUN.UZ

Prezidentning «Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

2022 yil 1 iyulga qadar amalga oshiriladigan loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan 1 227ta ko‘p kvartirali uy-joylar boshqaruvchi tashkilotlarga biriktiriladi.

Boshqaruvchi tashkilotlar ochiq tanlov o‘tkazish yo‘li bilan tanlanadi. Ularga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

  • shartnomaga asosan barcha ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish, shuningdek yakka tartibda qurilgan uylarga, mulkchilik shaklidan qat'i nazar tashkilotlarga (obektlarga) kommunal va avariya vaziyatlarini bartaraf etish xizmatlarini ko‘rsatish;
  • tegishli hokimlik bilan tuzilgan shartnomaga asosan hududni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish;
  • 24 soat mobaynida faoliyat yuritadigan dispetcherlik va avariya vaziyatlarini bartaraf etish xizmatini tashkil etish.

Barcha davlat buyurtmachilariga tanlangan boshqaruvchi tashkilot bilan biriktirilgan hududda istisno tariqasida tanlov o‘tkazmasdan kommunal va avariya vaziyatlarini bartaraf etish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat etiladi. Yakka tartibda qurilgan uylar mulkdorlari, xususiy tashkilotlar vakillari tomonidan tanlangan boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma ixtiyoriy ravishda tuziladi.

2021 yil 1 iyuldan boshlab uy-joy mulkdorlarining shirkati, boshqaruvchi tashkilot va boshqaruvchi, bevosita boshqaruvchi tomonidan har bir ko‘p kvartirali uy-joy uchun majburiy badallarning yoki to‘lovlarning alohida hisobi yuritilishi shart.

Ko‘p kvartirali uy-joylarning mukammal va joriy ta'mirlash ishlarini moliyalashtirish mazkur uy-joylarni ta'mirlash ishlari umumiy smeta qiymati doirasida amalga oshiriladi. Bunda:

  • 30 foizi hajmidagi mablag‘lar mulkdorlar hisobidan qoplanadi;
  • 70 foizi hajmidagi mablag‘lar teng ulushlarda respublika budjeti va mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanadi.

Mulkdorlar va boshqaruvchilarga ko‘p kvartirali uy-joylarga tutash yer uchastkalari chegaralari va o‘lchamlarini belgilash hamda ularga doimiy foydalanish huquqini belgilovchi zarur hujjatlarni, shu jumladan kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun to‘lovlarni bir yil davomida teng ulushlarda bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.

2021 yil 1 oktyabrdan boshlab qurilishi tugallangan va foydalanishga qabul qilingan ko‘p kvartirali uy-joyni boshqarish birinchi ikki yilda quruvchi tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek mazkur muddatga uy-joydan foydalanishning kafolat muddati joriy qilinadi. Bunda:

  • quruvchi tomonidan mazkur vazifani amalga oshirish uchun shartnomaga asosan boshqaruvchi tashkilot jalb qilinishi mumkin;
  • birinchi 2 yil ichida ko‘p kvartirali uy-joydagi quruvchidan tashqari mulkdorlarning soni 50 foizdan oshgan taqdirda, mulkdorlar tomonidan belgilangan tartibda umumiy yig‘ilishning qaroriga muvofiq ko‘p kvartirali uy-joyni boshqarish usuli tanlanadi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab notarial idoralar tomonidan mulkdorlarning boshqaruvchi oldida qarzdorligi mavjud bo‘lgan taqdirda, uning miqdori uy-joylarga bo‘lgan mulk huquqini rasmiylashtirishda tegishli shartnomada aks ettiriladi. Yangi mulkdor ushbu qarzdorlik haqida ogohlantiriladi.

Ko‘p kvartirali uy-joylarda istiqomat qiluvchi «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga majburiy badalni to‘lab berish uchun «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini moliyalashtirish manbalari, «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari» jamg‘armalari hisobidan subsidiyalar ajratiladi.

Ko‘p kvartirali uy-joydagi umumiy mulkning ayrim qismlarini boshqa shaxsga berish to‘g‘risidagi umumiy ulushli mulkning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaror belgilangan tartibda notarial tasdiqlangan taqdirda mulk huquqining vujudga kelishini va boshqa shaxsga o‘tishini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga asos bo‘ladi.

Quyidagi masalalar bo‘yicha umumiy yig‘ilishning qarori, agar uni yoqlab uy-joy mulkdorlari yoki ular vakillarining 80 foizidan ko‘prog‘i ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi:

  • ko‘p kvartirali uy-joyga tutash hududlarda yangi obektlarni qurish;
  • mulkdorlar amal qilish majburiy bo‘lgan ko‘p kvartirali uy-joylarda umumiy mol-mulkni boshqarishning talab va qoidalarini tasdiqlash;
  • ko‘p kvartirali uy-joy uchun qarz va kreditlarni jalb qilish.

2021 yil 1 avgustga qadar loyiha doirasida biriktirilgan hududlarda ko‘p kvartirali uy-joyga xizmat ko‘rsatish jarayoniga uy-joy mulkdorlarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami va ularning tegishli mol-mulki kadastr raqamidan foydalangan holda billing tizimi joriy qilinadi. 2022 yil 1 yanvarga qadar tizim butun respublika hududlarida joriy qilinadi.

2021 yil 1 oktyabrga qadar ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqaruvchilarning elektron reyestri shakllantiriladi va ishga tushiriladi.

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2022-2025 yillarda ko‘p kvartirali uy-joylarni mukammal va joriy ta'mirlash, shuningdek ularga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari;
  • Respublika bo‘yicha ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan va ma'nan eskirgan ko‘p kvartirali uy-joylarni instrumental o‘rganish va renovatsiya qilish bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari;
  • Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi.

Mavzuga oid