O‘zbekiston | 00:38 / 08.12.2016
41438
7 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar vazirligi tizimini tubdan o‘zgartirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda

O‘zbekiston respublikasining saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda ma'ruza qildi.

U o‘z nutqida “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunning amaliy ijrosi bo‘yicha chora-tadbirlar davom ettirilishini ma'lum qilgan.


Aziz do‘stlar! 

Barchamizga ayonki, yurtimizdagi har qaysi inson, har qaysi oilaning eng ezgu orzu-maqsadlari, hayotiy manfaatlari avvalambor uning farzandlari timsolida namoyon bo‘ladi, ro‘yobga chiqadi. Albatta, bu borada yurtimizda ulkan ishlar qilinmoqda va ular amalda o‘zining ijobiy natijasini bermoqda. 

Bu haqda gapirganda, barchamizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydigan bir misolni aytib o‘tmoqchiman. Joriy yilda Braziliyada o‘tkazilgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz 44 ta medal, jumladan, 12 ta oltin medalni qo‘lga kiritgani mamlakatimiz hayotida tarixiy voqea bo‘ldi. 

Fursatdan foydalanib, xalqaro maydonlarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan sportchi yoshlarimizga, ularning ota-onalari va ustoz-murabbiylariga chuqur minnatdorlik bildiraman. 

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” dasturidan yoshlarimizni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash masalasi alohida o‘rin egallashi tabiiydir. 

Bu borada farzandlarimiz uchun zarur sharoitlar yaratish, yangi-yangi ta'lim-tarbiya, madaniyat, san'at va sport maskanlarini barpo etish, yosh oilalar uchun uy-joylar qurish, yoshlarni ish bilan ta'minlash, ularni tadbirkorlik sohasiga keng jalb etish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni yangi, yuksak bosqichga ko‘taramiz. 

Biz ta'lim va tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlari faoliyatini bugungi zamon talablari asosida takomillashtirishni o‘zimizning birinchi darajali vazifamiz deb bilamiz. 

Yosh avlod tarbiyasi haqida gapirganda, Abdurauf Fitrat bobomizning mana bu fikrlariga har birimiz, ayniqsa, endi hayotga kirib kelayotgan o‘g‘il-qizlarimiz amal qilishlarini men juda-juda istardim. 

Mana, ulug‘ ajdodimiz nima deb yozganlar: 

“Xalqning aniq maqsad sari harakat qilishi, davlatmand bo‘lishi, baxtli bo‘lib izzat-hurmat topishi, jahongir bo‘lishi yoki zaif bo‘lib xorlikka tushishi, baxtsizlik yukini tortishi, e'tibordan qolib, o‘zgalarga tobe va qul, asir bo‘lishi ularning o‘z ota-onalaridan bolalikda olgan tarbiyalariga bog‘liq”. 

Qarang, qanday bebaho, oltinga teng so‘zlar! 

Bugungi kunda yon-atrofimizda diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migratsiya, “ommaviy madaniyat” degan turli balo-qazolarning xavfi tobora kuchayib borayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu so‘zlarning chuqur ma'nosi va ahamiyati yanada yaqqol ayon bo‘ladi. 

Haqiqatan ham, hozirgi vaqtda yoshlar tarbiyasi biz uchun o‘z dolzarbligi va ahamiyatini hech qachon yo‘qotmaydigan masala bo‘lib qolmoqda. 

Bugungi tez o‘zgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi, buyuk imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularni ilgari ko‘rilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor qilmoqda. G‘arazli kuchlar sodda, g‘o‘r bolalarni o‘z ota-onasiga, o‘z yurtiga qarshi qayrab, ularning hayotiga, umriga zomin bo‘lmoqda. 

Bunday keskin va tahlikali sharoitda biz ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-ko‘y bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirishimiz kerak. Bolalarimizni birovlarning qo‘liga berib qo‘ymasdan, ularni o‘zimiz tarbiyalashimiz lozim. 

Buning uchun yoshlarimiz bilan ko‘proq gaplashish, ularning qalbiga quloq solish, dardini bilish, muammolarini yechish uchun amaliy ko‘mak berishimiz kerak. Bu borada uyushmagan yoshlar bilan ishlashga alohida e'tibor qaratishimiz zarur. 

Bu vazifalarni amalga oshirishda biz asrlar mobaynida shakllangan milliy an'analarimizga, ajdodlarimizning boy merosiga tayanamiz. Farzandlarimiz, ayniqsa, qiz bolalarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni, xorijiy tillarni egallashlari, har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib, hayotdan munosib o‘rin topishlari uchun barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. 

Bizning navqiron avlodimiz manfaatlarini ta'minlash borasidagi faoliyatimiz yaqinda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun asosida qat'iy davom ettiriladi. 

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati barcha yoshlarimiz intiladigan, ularning qobiliyat va iqtidorini ro‘yobga chiqaradigan va manfaatlarini haqiqiy himoya qiladigan tashkilotga aylanishi uchun barcha choralarni ko‘ramiz. 

Aziz do‘stlar! 

Barchamizga yaxshi ayonki, inson manfaatlarini yurt tinchligi, jamiyatimizdagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitidan ajratgan holda tasavvur etolmaymiz. Bularning barchasi bizning bebaho boyligimiz va uni ko‘z qorachig‘idek saqlash har birimizning muqaddas burchimizdir. 

Bu borada mahalla idoralari, xotin-qizlar, nuroniylar, yoshlar tashkilotlarining o‘rni va rolini yanada kuchaytirish e'tiborimiz markazida bo‘ladi. 

Ayni vaqtda hozirgi murakkab zamon tinch-osoyishta hayotimizni asrash va mustahkamlash, xalqimizning kafolatlangan xavfsizligini ta'minlash masalasini yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda. Shu maqsadda biz hozirgi vaqtda Ichki ishlar vazirligi tizimini tubdan o‘zgartirish chora-tadbirlarini ko‘ryapmiz. 

O‘z paytida muhtaram Yurtboshimiz ichki ishlar organlarining eng quyi tizimida profilaktika inspektorlarini tashkil qilgan edilar. Ammo bugun bu inspektorlar profilaktika, ya'ni jinoyatlarning oldini olish bilan shug‘ullanmayapti, aksincha, sodir bo‘lgan jinoyatlarni ro‘yxatga olish, yuqori idoralarga hisobot yozish bilan band. 

Shu sababli bu masalaga qarashimizni tubdan o‘zgartirib, mahalladagi uchastka nozirlariga samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha zarur ish va turmush sharoitlarini yaratib beramiz. 

Shuningdek, har bir tuman hokimi va tuman ichki ishlar bo‘limlari rahbarlarining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi. Bu rahbarlarning asosiy vazifasi mahallada uchastka inspektorlari bilan ishlashni tashkil etishdan iboratdir. 

Mavzuga oid