Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan muloqot qilmoqda.

Davlat rahbari so‘zining avvalida azm-u shijoatli, navqiron yoshlar bilan uchrashib turganidan mamnunligini bildirib, ularning timsolida Yangi O‘zbekistonning bugungi va ertangi bunyodkorlarini ko‘rayotganini ta’kidladi. 

«Buyuk shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, yoshlik – bu qalbning oltin sozi. Bunga qo‘shimcha qilib, yoshlar – xalqimizning, Vatanimizning oltin fondi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Aholimizning 60 foizini aynan yoshlar tashkil etishi ham bu fikrni tasdiqlaydi. 

Bugungi kunda biz mard va matonatli xalqimizga, serg‘ayrat yoshlarimizga ishonganimiz uchun o‘z oldimizga katta-katta maqsadlar qo‘ymoqdamiz, marrani baland olmoqdamiz. Kelgusida Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiylar qayerdan paydo bo‘ladi? Bu ulkan vazifalarni kim bajaradi? 

Men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Albatta, bu ezgu g‘oyalarni sizlar – bugungi Yangi O‘zbekiston yoshlari amalga oshirasizlar», - dedi prezident.

Yoshlar turli sohalardagi yutuqlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgani ta’kidlandi.

«Hozirgi vaqtda dunyodagi «top» oliygohlarda 1,5 mingdan ziyod talabalarimiz tahsil olmoqda. Bu O‘zbekiston uchun tarixda kuzatilmagan voqelik. Yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan katta forumda Toshkent shahridagi Prezident maktabi global darajada eng nufuzli nominatsiyada g‘olib deb topildi. 

Buning bosh omili nimada, deb so‘rasangiz, men avvalo yoshlarga munosabat davlat miqyosida butunlay o‘zgarganida, deb javob bergan bo‘lardim. O‘g‘il-qizlarimiz yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini sezib, o‘zlariga beqiyos kuch olmoqda», - dedi prezident. 

Bundan besh yil oldin Senat va Qonunchilik palatasida Yoshlar parlamenti tashkil etilgan edi. U yerda yoshlar siyosiy yetakchilik, demokratiya maktabi, parlamentarizm maktabi qanday bo‘lishini amalda ko‘rdi. Oxirgi saylovda ana shu yoshlardan ikki nafari Qonunchilik palatasiga, 250 nafari kengashlarga deputat bo‘lib saylandi. 

«Endi barcha tizimdagi rahbarlar yoshlarning baralla ovozini eshitishga majbur. Yoshlar buyuk kelajagimizning asosiy bo‘g‘ini ekanligini tushunmagan rahbar bizning safimizda bo‘lishga haqqi yo‘q», - dedi prezident.