Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xotira va Qadrlash kuni tadbirlari fuqarolar tomonidan qanday qabul qilindi?
Yurtimiz ko‘chalari bo‘ylab harakatlanayotgan avtomobillardagi bayrog‘imiz tasviri tushirilgan tasmalarni ko‘rdingizmi? “9 may — Xotira va Qadrlash kuni” degan yopishqoq etiketlarni olgandirsiz?!
Bu shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab keng nishonlangan va shukuhi hali ham davom etayotgan bayram kayfiyatidan bir lavha. Ochig‘i, bu yilgi bayram o‘zgacha bo‘ldi. Bunday ko‘tarinkilik qutlug‘ sanaga tayyorgarlik ko‘rishdan boshlanib, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi so‘lim go‘shada tashkil etilgan ma'rifiy dasturda ham yaqqol aks etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 4 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida amalga toshirilgan ishlar kattayu-kichikni to‘lqinlantirib yubordi. Tasavvur qiling: ushbu hujjatlar ijrosi yuzasidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har biriga Prezidentimiz tabrigi, 2 million so‘mdan pul mukofoti, navbatsiz mashina olish uchun sertifikat topshirildi, ehtiyojmandlarga uy berildi...
Ayyom arafasida internet tarmog‘i orqali Xotira va Qadrlash kunini yanada keng targ‘ib etish, uning tadbirlari haqida nafaqat yurtdoshlarimiz, balki chet elliklarni ham yaqinroq tanishtirish maqsadida “#Xotirauz” aksiyasi keng o‘tkazildi. Bir necha kun mobaynida ushbu xeshteg yordamida ijtimoiy tarmoqlarni yurtimizdagi 9 may sanasi bilan bog‘liq turli tadbirlar qamrab oldi.

O‘zbekiston iqtidorli yoshlarga boy mamlakat sanaladi. Bugun yigit-qizlarimiz o‘z bilimlarini kuchaytirish maqsadida nafaqat yurtimiz, shuningdek, xorijning turli davlatlaridagi oliy o‘quv yurtlarida ham tahsil olishayapti. E'tiborolisi, bu navqiron avlod vakillarining aksariyati o‘zi o‘qiyotgan mamlakatda Xotira va Qadrlash kunini faol targ‘ib etishdi. Masalan, Xitoyning Zhejiang Normal University talabasi Doston Ermatovni olaylik. U Xotira va Qadrlash kuni tasviri aks etgan lavhani o‘qituvchi va do‘stlari bilan birga targ‘ib qilib, feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida surati va dil so‘zlari bilan e'lon qildi.
— Tinch va osoyishta yurtda tug‘ilganimdan juda ham faxrlanaman, — deb yozadi Dostonbek. — Ota-bobolarimiz yurt tinchligi uchun jonini fido qilishgan. Biz, yoshlar ularni har doim eslab yurishimiz, keksalarni yo‘qlab, ko‘tarinki kayfiyat va quvonch ulashib, ularning duosini olishimiz kerak. Axir, qariyalarning duosida xislat ko‘p. O‘qishlarimi a'lo darajaga tugatib, ona yurtimga beminnat o‘z hissamni qo‘shishga va'da beraman.
Tokio jahon tillari universiteti talabasi Guljahon Nazarova esa Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan yurtimizda o‘tkazilgan tadbirlarni yaponiyalik dugonalariga ham faxr bilan aytib berdi. U o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida, jumladan, shunday deydi:
— Har birimizning bobolarimiz frontda jang qilgan. Xotira va Qadrlash kuni yoshlarga bizning tinchlik va kelajagimiz uchun o‘z jonini fido qilgan bobolarimizni yod etish, ziyorat qilish va tinchlikning qadriga yetishga undaydi. Bu kabi loyihalar nafaqat O‘zbekistondagi vatandoshlarimizni, balki butun dunyodagi hamyurtlarimizni ham birlashtiruvchi bir tadbir desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi akademik M. Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti bog‘ida bo‘lib o‘tgan Xotira va Qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Falabaning 72 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri ham feysbuk, tvitter va boshqa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan keng muhokama qilindi. Chunonchi, bog‘da “9 may — Xotira va Qadrlash kuni”, “Falaba bayramingiz muborak bo‘lsin!”, “Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!”, “Vatan o‘z qahramonlarini unutmaydi” kabi yozilgan shiorlar, Ikkinchi jahon urushi yillaridagi harbiy qurol-aslahalar, tanklar, avtomototransport vositalari, shuningdek, o‘sha davr harbiy xizmatchilarining xizmat sharoiti aks ettirilgan ko‘rgazmalar barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Jumladan, foydalanuvchilardan biri Qobil Rajabov shunday yozadi: “O‘zbekiston xalqi Xotira va Qadrlash kunini munosib nishonlayotgani va bunday bayram uchun Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevga katta rahmat! ”

Yana bir foydalanuvchi Valeriy Shepotkin esa “Bog‘da bunday ko‘rgazmani tashkil etilishi tarbiyaviy jihatdan katta ma'noga ega. Voyaga yetayotgan avlod fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba uchun ota-bobolarimiz jon fido qilganini chuqur bilishi va mustaqillikning qadriga yetishi kerak”.
Poytaxtimizdagi “Do‘stlik” bog‘ida o‘rnatilgan Shomahmudovlar monumenti ham ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Jumladan, Umida Ahmedjonova “Bu juda ajoyib voqea. Chunki O‘zbekiston barcha xalqlarni o‘zida birlashtirgan, ko‘p millatli mamlakat. Qoyil” deb yozgan.
Bu voqea qo‘shni mamlakatlar vakillarida ham katta taassurot qoldirdi. Xususan, Olmaotadan Oltinoy Qambarqizi “Toshkentga borib, Shomahmudovlar poyiga gul qo‘yib kelmoqchiman. O‘zbek xalqining mehr-muhabbati cheksiz ifoda etgan bu oila oldida ta'zim qilaman... Sizlar bilan faxrlanaman”
Munavar Shukurova ismli fodalanuvchi esa “Xotira va Qadrlash kunidagi ajoyib ssenariy uchun katta rahmat” deb yozadi.
Prezidentimizning qaroriga muvofiq, 9 may kuni kech soat 21:00da mushaklar otildi. Rang-barang bunday mo‘'jizani shu kuni Toshkentdan ko‘rish mumkin bo‘ldi. Ayniqsa, hozirda ham ushbu mushakbozlikni tasvirga tushirganlar internet tarmog‘ida keng tarqatmoqda.
“Chiroyli, ajoyib mushaklar otildi” deb yozadi, Vazgen Gevorkyan. Firuza Ismatova esa “Bu salyutlar musaffo osmon, farovon hayotimiz uchun” deb izohlagan.
Bir so‘z bilan aytganda, bu yilgi Xotira va Qadrlash kuni tadbirlari hammaning hayratiga sazovor bo‘ldi.
Omonulla Fayziyev tayyorladi
Mavzuga oid
19:01 / 12.01.2026
AEXA O‘zbekistonni uran chiqindilaridan tozalash rejasini tasdiqladi
12:44 / 07.01.2026
O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz kirish davlatlari soni oshiriladi
18:02 / 05.01.2026
O‘zbekistonda bir yilda 4 000 ta standart bekor qilindi
20:57 / 03.01.2026