O‘zbekiston | 15:37 / 13.10.2020
88481
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisini «UzAuto Motors» masalasida tanqid qildi

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 12 oktabr kuni axborot muhiti, matbuot kotiblarining samaradorligi, ularning axborot bilan ishlash faoliyatidagi muammo va kamchiliklar hamda boshqa masalalar muhokama qilingan yig‘ilishda «UzAuto Motors» masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

Kun.uz manbasi xabar qilishicha, bosh vazir Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining «UzAuto Motors» kompaniyasi faoliyati yuzasidan tekshiruviga xorijiy konsalting firma jalb etilmaganini qayd etib o‘tgan.

Shuningdek, qo‘mita raisi Najmiddin Sharipovning harakatlari ham tanqid ostiga olinib, uning rahbarligidagi tashkilot faoliyati populizm sifatida baholangan.

Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati ushbu xabar yuzasidan izoh bermadi.

Joriy yil mart oyida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqovga «UzAuto Motors» faoliyati yuzasidan tanqidiy axborotnoma kiritilgandi. Unga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari ishchi guruh tuzib, kompaniya faoliyatini tekshirishga ruxsat bergan. Qo‘mita maxsus komissiyasi tekshiruv natijasida aniqlangan kamchiliklarga asoslangan holda ish qo‘zg‘atgan.

Maxsus komissiya qarori ma'lum bo‘lgach, «UzAuto Motors» ushbu hujjatni haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida Toshkent shahar ma'muriy sudiga shikoyat kiritgandi. Ayni paytda ushbu masala yuzasidan sud majlisi davom etmoqda.

Aripovning tanqidi ijtimoiy tarmoqlarda fleshmobga sabab bo‘ldi. Blogerlar va internetning boshqa faol foydalanuvchilari «men ham populistman» sarlavhasi bilan «UzAuto Motors»ga qarshi kurashayotgan qo‘mita va deputatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Ma'lumot uchun, prezidentning 2020 yil iyuldagi farmoni bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Senat va davlat rahbariga bo‘ysunuvi belgilangan.

Mavzuga oid