Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi 11−12 may kunlari rasmiy tashrif bilan Eronda bo‘ldi, deb xabar qildi Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati.

11 may kuni Tehronda O‘zbekiston va Eron hukumatlari delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, unga Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif rahbarlik qildi.

Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish istiqbollarini muhokama qildi, shuningdek, transport-logistika sohasidagi ko‘p yillik muammolarni zudlik bilan hal etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini qayd etdi.

Bundan tashqari, yig‘ilish ishtirokchilari sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, mamlakatlar hududlari aro aloqalarni faollashtirish, ilm-fan, ta’lim, texnologiya va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish, shu bilan birga, turizm, madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhim ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha quyidagilar imzolandi:

  • O‘zbekiston va Eron o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha 2025−2027 yillarga mo‘ljallangan «Yo‘l xaritasi»
  • Imtiyozli savdo bitimining tovarlar ro‘yxatini tasdiqlash bayonnomasi
  • O‘simliklar himoyasi va karantini sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi
  • Halol standart sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif O‘zbekiston-Eron biznes forumining ochilishida ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 500 mln dollarga yetgani, qo‘shma korxonalar soni 210 tadan oshgani qayd etildi.

Forumda hamkorlik salohiyati tahlil qilinib, yangi o‘sish nuqtalari belgilandi. 1 mlrd dollarlik loyihalar va savdo shartnomalari portfeli shakllantirildi.