Normativ huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga «Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi joylashtirildi. Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi muhokamasi 25 mayga qadar davom etadi.

Qonun loyihasi 5 ta bob (umumiy qoidalar, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish sohasini davlat tomonidan tartibga solish, manfaatlar to‘qnashuvini ma’lum qilish va aniqlashga doir chora-tadbirlar, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha choralar ko‘rish va tekshirish hamda yakunlovchi qoidalar) va 31 ta moddadan iborat.

Qonun loyihasida quyidagi asosiy tushunchalar ajratib ko‘rsatilgan:

aloqador shaxslar — davlat tashkiloti xodimlari va/yoki ularning yaqin qarindoshlari ustav fondidagi/ustav kapitalidagi ulushlariga yoki aksiyalariga (ommaviy muomalada bo‘lgan 10 foizgacha aksiyalari bundan mustasno) egalik qiladigan yoki boshqaruv organi va kuzatuv kengashining a’zosi bo‘lgan yuridik shaxslar;

davlat tashkiloti — davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat muassasalari, davlat unitar korxonalari, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va ustav fondida/ustav kapitalida ushbu jamiyatlarning ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar;

manfaatlar to‘qnashuvi — davlat tashkiloti xodimining, uning yaqin qarindoshlarining va unga aloqador shaxslarning shaxsiy manfaatlari bilan fuqarolarning, tashkilotning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelgan va kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoxud yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (taxmin qilinayotgan manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat;

shaxsiy manfaat — davlat tashkiloti xodimi tomonidan o‘z mansab/xizmat vazifalarini bajarishda o‘zi, yaqin qarindoshlari, aloqador shaxslar uchun har qanday naf ko‘rish yoki afzalliklarga ega bo‘lishi;

yaqin qarindoshlar — qarindosh yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar, ya’ni ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillari.