Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Huquqiy baho: “jigar” so‘zini ham, tabriklash xizmatini ham patentlab bo‘lmaydi
Ijtimoiy tarmoqlarda tabriklash xizmati uchun “mualliflik huquqi” olingani, “jigar” so‘zi esa “patentlangani” haqida videolar tarqaldi. “Kim ruxsatimizsiz bizning g‘oyamizni ishlatib tabrikchilik sohasini davom ettirsa, javobgarlikka tortiladi”, deydi bir video muallifi. Kun.uz muhokamalarga sabab bo‘lgan holat yuzasidan savollar bilan Adliya vazirligiga murojaat qildi.
Vazirlik bo‘lim boshlig‘i Sharof Abdumalikovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda “patent” tushunchasi faqat to‘rtta intellektual mulk obektiga: ixtiro, foydali model, sanoat namunasi va celeksiya yutug‘i obektlariga nisbatan ishlatiladi.
“Lekin ayrim shaxslar tomonidan mualliflik va turdosh huquqdagi obektlarga nisbatan ham “patent” tushunchasi ishlatilib kelinmoqda. Lekin bu aslida qonuniy qilib aytadigan bo‘lsak, noto‘g‘ri. Chunki mualliflik va turdosh huquq obektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi. Ularni himoya qilish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shart emas. Shuning uchun ham umumiy intellektual obektlarimizni ikki turga bo‘lamiz. Birinchi turi – sanoat mulk obektlari, ikkinchi turi – mualliflik va turdosh huquq obektlari. Sanoat mulk obektlarining mualliflik huquqi obektlaridan asosiy farqi shundaki, sanoat mulk obektlarida, albatta, ular patent yoki boshqa turdagi guvohnoma shaklidagi muhofaza hujjatini olishlari shart, davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan holda. Mualliflik va turdosh huquq obektlarida esa shart emas. Ular yaratilish fakti bilan huquqiy himoyaga ega bo‘ladi”, dedi Abdumalikov.
Xo‘sh, qaysidir bir yo‘nalishni ham patentlab olish mumkinmi o‘zi? Sharof Abdumalikovning aytishicha, yo‘q, bunaqasi bo‘lmaydi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan bir video chiqdi. Bir tadbirkor: “Tabrik yo‘nalishini men patentladim, bu yo‘nalish bo‘yicha faqat men shug‘ullanishim mumkin”, degan bir tushuncha bilan murojaat qilib chiqdi. Qonunchilikka muvofiq, deylik, siz jurnalistika yo‘nalishida yoki kimdir mahsulot ishlab chiqarish yo‘nalishida, kimdir ta’lim yo‘nalishida, har xil yo‘nalishlarda faoliyat yuritishi mumkin, aytaylik, u o‘z brendini himoya qilishi mumkin, lekin u to‘liq o‘sha yo‘nalishni egallab olishi yoki boshqa shaxslarning aynan shu yo‘nalish bilan shug‘ullanishini taqiqlashi bo‘yicha qandaydir davlat hujjati yoki davlat tomonidan beriladigan muhofaza hujjati mavjud emas va bu noto‘g‘ri tushuncha”, deydi u.
Adliya vazirligi mutaxassisiga ko‘ra, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda chiqib: “Biz sizning brendingizni patentlab beramiz” deyotganlarning birortasida brendni patentlash vakolati yo‘q. Ular faqatgina sizga davlat ro‘yxatidan o‘tishda va hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam beruvchi xususiy tadbirkorlar hisoblanadi.
“Lekin afsuski, bu narsa ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi bir tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. “Biz xohlagan so‘zingizni yoki xohlagan logotipingizni ro‘yxatdan o‘tkazib, sizga patent yoki boshqa turdagi hujjatni olib beramiz” degan noto‘g‘ri talqin ketyapti.
Bitta narsani nazarda tutishimiz kerak, qonunchilikka asosan patentlashga layoqatli bo‘lgan obektni ekspertizadan o‘tkazish jarayoni mavjud. Bu protsess Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi. Har bir obektni ekspertizadan o‘tkazish talablari, muddatlari mavjud. Agar obekt o‘sha talablarga javob bermaydigan bo‘lsa, demak u davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi va unga nisbatan muhofaza hujjati berilmaydi. Bu degani, yuqoridagi shaxslar o‘z tadbirkorlik sub’yekti faoliyatini amalga oshirishda yolg‘on axborot berish yoki aldov yo‘li bilan qaysidir turdagi xizmatni o‘tkazishyapti. Bunday hollarda e’tibor berishimiz kerak bo‘lgan jihat shundaki, har qanday obekt ham intellektual mulk obekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi mumkin emas”, deydi Sharof Abdumalikov.
Adliya rasmiysining aytishicha, bugungi kunda intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquq buzilishi bilan bog‘liq holatlar aniqlangan hollarda Adliya vazirligi tomonidan bir nechta huquqiy ta’sir choralari qo‘llanib kelinmoqda.
“O‘tgan 9 oy davomida 230 dan ortiq mualliflik va turdosh huquqlarga oid murojaatlar kelib tushgan va ularga nisbatan tegishli ta’sir choralari qo‘llangan. Hozirgi kunda intellektual mulk huquqi buzilishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklarda fuqaroviy, ma’muriy va jinoiy javobgarlik turlari bor”, – deydi u.
Mavzuga oid
10:48 / 25.11.2025
Har bir davlat xizmatining “pasporti” yagona reyestrda yuritiladi
15:14 / 21.11.2025
Prezident intellektual mulk va arxiv tizimini yangilashni topshirdi
19:21 / 14.11.2025
Sankt-Peterburgda migrantlarga taksichi va kurer bo‘lib ishlashga qo‘yilgan taqiq uzaytiriladi
12:34 / 03.11.2025