Jahon | 11:51 / 06.09.2025
4937
5 daqiqa o‘qiladi

AZAL atrofidagi bahs: Rossiya sug‘urta to‘lovlari amalga oshirilayotganini aytdi. Ozarboyjon bu da’volarni «chalg‘ituvchi» deb atadi

Rossiya tashqi ishlar vazirligi «Ozarboyjon havo yo‘llari» samolyotining Aktaudagi halokati bo‘yicha 12 million dollardan ortiq sug‘urta to‘lovlari amalga oshirilganini bildirdi. Ozarboyjon esa Moskvaning da’volarini chalg‘ituvchi deb atadi: «Sug‘urta kompaniyasi AZAL va uning yo‘lovchilariga amalga oshirgan to‘lovlar bilan, samolyotni urib tushirgani uchun Rossiya hukumatidan talab qilinayotgan kompensatsiyasi mutlaqo turlicha masalalar hisoblanadi».

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

4 sentabr kuni Rossiya tashqi ishlar vazirligi «Ozarboyjon havo yo‘llari»ning yo‘lovchi samolyotining halokati bilan bog‘liq sug‘urta to‘lovlari amalga oshirilmagani bo‘yicha tarqatilayotgan ma’lumotlarni fojiadan foydalanishga urinish va «yolg‘on» deb atadi.

Rossiya TIVga ko‘ra, sug‘urta kompaniyasi 2025 yil fevraldan boshlab samolyot halokati bilan bog‘liq sug‘urta to‘lovlarini amalga oshirmoqda.

«Rossiyaning «AlfaStraxovaniye» AJ sug‘urta kompaniyasi 2025 yil fevral oyidan boshlab «Ozarboyjon havo yo‘llari» (Boku—Grozniy reysi) samolyoti halokati bilan bog‘liq sug‘urta to‘lovlarini amalga oshirmoqda. Ozarboyjon aviakompaniyasiga samolyot uchun to‘liq sug‘urta qiymati — 1,003 milliard rubl (12,3 million dollardan ortiq) miqdorida tovon puli to‘lab berilgan.

Yo‘lovchilarning jarohatlanishi va 62 kishidan 46 nafarining halok bo‘lishi bilan bog‘liq da’volar to‘liq tartibga solingan. Jumladan, 15 nafar Rossiya fuqarosidan 7 nafari, 38 nafar Ozarboyjon fuqarosidan 35 nafari, barcha 3 nafar Qirg‘iziston fuqarosi va 6 nafar Qozog‘iston fuqarosidan 1 nafari bo‘yicha to‘lovlar to‘liq amalga oshirilgan. Bugungi kunga kelib, samolyot yo‘lovchilari va halok bo‘lganlarning yaqinlariga jami 358,4 million rubl (taqriban 4,5 million dollar) miqdorida sug‘urta to‘lovlari amalga oshirildi», deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

Shuningdek, bayonotda «zarar ko‘rganlar va halok bo‘lganlarning qarindoshlari bilan kompensatsiya summalarini kelishish ishlari» to‘liq tartibga solish maqsadida davom ettirilayotgani aytilgan.

Shuningdek, rasmiy Moskva qator OAV va blogerlarni «jamoatchilikni bu nozik masalada chalg‘itishga urinish»da ayblagan.

Ozarboyjon rasmiylari Moskvaning da’volarini chalg‘ituvchi deb atadi. «Rossiya TIV tomonidan e’lon qilingan bayonot nafaqat hayratlanarli, balki jamoatchilikni chalg‘ituvchi tusga ega», dedi Ozarboyjon TIV matbuot kotibi Ayxan Hojizoda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan sug‘urta kompaniyasi tomonidan AZAL va uning yo‘lovchilariga amalga oshirilgan to‘lovlar bilan Ozarboyjonning samolyotni urib tushirgani uchun Rossiya hukumatidan talab qilayotgan kompensatsiyasi mutlaqo turlicha masalalar hisoblanadi.

Hojizodaning ta’kidlashicha, kompaniya tomonidan ko‘rsatilgan sug‘urta to‘lovlari oxirgi olti oy davomida amalga oshirilgan.

«Umuman olganda, bu to‘lovlar AZAL’ning samolyot va yo‘lovchilarini sug‘urtalash bo‘yicha shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlar asosida amalga oshirildi. To‘lovlarni Rossiya sug‘urta kompaniyasi amalga oshirgani borasida shuni ta’kidlash kerakki, samolyotlarni sug‘urtalash odatda xalqaro sug‘urta kompaniyalari orqali amalga oshiriladi. Ammo xalqaro sug‘urta kompaniyalari Rossiya hududida faoliyat yuritmagani sababli, AZAL samolyoti Rossiya kompaniyasi orqali sug‘urtalangan edi. Shu bois sug‘urta to‘lovlarini Ozarboyjonning Rossiya hukumatidan talab qilayotgan kompensatsiyasi bilan tenglashtirishga urinishlar noo‘rin», degan Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi.

AZAL aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga uchgan Embraer E190 samolyoti 2024 yil 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Oqtov shahrida halokatga uchradi. Samolyot Ukraina dronlarining Kavkaz hududlariga hujumi paytida Kaspiy dengizi orqali Qozog‘istonga parvoz qilganidan keyin qulab tushdi. Halokat oqibatida 38 kishi qurbon bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi.

Foto: REUTERS

Ozarboyjon hukumati norasmiy ravishda samolyot Rossiyaning havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirilganini ta’kidlab kelmoqda. Rossiya tomoni tergov yakuniga yetmagani bois xulosaga shoshilmaslik kerakligini aytmoqda. Tergov natijalari 2025 yil oxirigacha e’lon qilinishi qayd etilgan.

Azerbaijan Airlines samolyotining qulashi va Rossiyaning sodir bo‘lgan voqea uchun aybini tan olmasligi Moskva va Boku o‘rtasida diplomatik janjal va sovuqlikka olib kelgan. 

Mavzuga oid