Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jahondagi tizimning katta davlatlarga so‘zi o‘tmaydi - Eldor Aripov
12-14 mart kunlari Ozarboyjonda XIII Global Boku forumi “Bo‘lingan dunyoda ko‘priklar qurish” shiori ostida o‘tkazildi. Unda qatnashgan O‘zbekiston vakili Eldor Aripov fikricha, jahondagi tizim katta davlatlar qarorlarini to‘xtatib qololmayapti.
O‘zbekistondan Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov bu xalqaro forumda qatnashar ekan, “Xitoy va global boshqaruv tashabbusi” sessiyasida ham nutq so‘zladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mavjud xalqaro mexanizmlar katta davlatlar o‘rtasida kelishilgan qarorlarni o‘zgartirolmaydi, ya’ni hozir mavjud tizim juda zaif. Xalqaro hamjamiyat jahon tizimining kelgusi rivojlanish yo‘lini tanlash borasida jiddiy tanlov oldida turibdi.

“Yoki ko‘p tomonlama hamkorlikning samarali mexanizmlarini tiklashga erishiladi yoki jahon tartibi kuchlar muvozanati va strategik tiyib turish mantig‘i asosida shakllanadi — bu tendensiyalarni biz bugun dunyoning ko‘plab mintaqalari misolida allaqachon kuzatmoqdamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Aripov.
Shu nuqtai nazardan, konstruktiv muloqot va murosa yo‘llarini izlash imkoniyatlarini qo‘ldan boy bermaslik ayniqsa muhim.

O‘zbekistonlik ekspert fikricha, Pekin tomonidan taklif etilayotgan tashabbuslar jahon tizimining kelajagi haqidagi xalqaro munozarani rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shishi mumkin.
Xitoy jahon tartibiga shunchaki muqobil qarashni emas, balki boshqaruvning o‘zga falsafasini taklif etib, universal tamoyillar haqida so‘z yuritmoqda, deydi forumda qatnashgan o‘zbekistonlik ekspert.

Ma’lumki, Xitoy bugun Markaziy Osiyoning asosiy savdo sherigiga aylanib bo‘lgan. Forumdagi sessiyalarda bu ham muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bo‘ldi.
Xitoyning Markaziy Osiyodagi o‘sib borayotgan roli global boshqaruv tizimining yanada plyuralistik va o‘zaro bog‘liq bo‘lib borayotgan kengroq transformatsiyasini aks ettiradi, deydi O‘zbekistondagi davlat aql markazi - SMTI rahbari.

Biroq, Markaziy Osiyo bugun Xitoydan tashqari, Rossiya, AQSh, Yevropa ittifoqi, Turkiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari va xalqaro institutlar bilan ham faol hamkorga aylangan. Bu raqobat emas, bir-birini to‘ldirish, suverenitetni mustahkamlashga yordam beruvchi muhim shartlardir, deydi ekspert.
Eslatib o‘tamiz, Ozarboyjondagi forumda 400 dan ortiq xorijlik mehmonlar qatnashdi.
Mavzuga oid
22:30 / 12.03.2026
“Isroil boshqalar qo‘li bilan urushni kengaytirmoqchi” – siyosatshunoslar
17:59 / 09.03.2026
Tehron Turkiya, Ozarboyjon va Kiprga qilingan hujumlar yuzasidan bayonot berdi
13:21 / 09.03.2026
Ozarboyjon Erondan norozi, dronni kim otgan?
15:31 / 06.03.2026