O‘zbekiston | 10:00 / 18.08.2023
39002
4 daqiqa o‘qiladi

Zoyir Mirzayev Qibray tumanidagi rahbarlarni yoppasiga lavozimidan ozod qildi

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Qibray tumanidagi deyarli barcha rahbarlarni ishdan bo‘shatib, ularning faoliyatini tekshirishga topshiriq berdi. Hokim bo‘sh o‘rinlarga yoshlar ishga olinishi, hududga «yangi qon» kerakligini ta’kidladi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Toshkent viloyati Qibray tumani hokimi o‘rinbosarlari, hokimlikning boshqa barcha mutaxassislari vazifasidan ozod qilindi. Bu haqda 17 avgust kuni viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Xalq deputatlari Qibray tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qildi.

Ularning faoliyatiga huquqiy baho berilishi, «toza» chiqsa, keyin ishini davom ettirishi qayd etilgan.

Shuningdek, tumandagi (huquq-tartibot idoralaridan tashqari) barcha davlat tashkilotlarining rahbarlari ham lavozimidan ozod qilinishi belgilandi. Ularning faoliyatiga ham bir hafta ichida baho beriladi.

Viloyat hokimi tumanda qariyb 20 ming fuqaro migrant sifatida xorijda bo‘lib turganini ta’kidlab, buni «Qibray uchun yarashmaydigan holat» deb atadi.

Toshkent viloyati hokimining yangi birinchi o‘rinbosari Abdurasul Abdullayev 

Tumanda olti oy yakuni bo‘yicha sanoat mahsulotlari, o‘tgan yilga solishtirganda, ishlab chiqarish hajmi o‘zgarmagani, 8 ta korxona o‘z faoliyatini to‘xtatgani aytib o‘tildi.

Qayd etilishicha, aholi soniga nisbatan 84 ta sartaroshxona, go‘zallik salonlari singari xizmat ko‘rsatish sohasi obektlari taqchil. KPI tizimi bo‘yicha tuman mahallalaridagi hokim yordamchilari umumiy 76 ball olgan, bu ko‘rsatkich viloyatda 13-o‘rin hisoblanadi.

«Salohiyatli tadbirkorlar Qibrayda oshkoralik, adolat bo‘lishiga ishonmaydi. Eksportyor korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yo‘q. Natijada keyingi 2 yilda tumanda ishlayotgan 7 ta eksportyor korxona boshqa tumanlarga hisob raqamini ko‘chirib olib ketgan. Demak, ular bu yerdagi mutasaddilar bilan ishlashni xohlamagan», — degan viloyat hokimi.

U Qibrayda qurilish va qishloq xo‘jaligi sohasida juda ko‘p qonunbuzarlik, boshboshdoqlik borligi va buni tartibga solish vaqti kelganini ta’kidlagan.

Shuningdek, viloyatda eng ko‘p umumiy ovqatlanish shoxobchalari Qibrayda ekani, biroq ularning aksariyati rasman ishga olinmagani bandlik dasturlari ijrosiga monelik qilishi tanqid ostiga olingan.

Bundan tashqari, tumanda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, shu maqsadda tuman hokimi raisligida maxsus ishchi guruh tuzish kerakligi aytib o‘tilgan.

Tumanda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining atigi 8 foizi qayta ishlanishi «og‘riqli masala» deya qayd etildi.

Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosarlari Najmiddinxo‘ja Sharipov, Barhayot Meliyev va Zuhra Mirg‘oziyeva

Viloyat hokimi kadrlar bilan ishlashning «Qibray tajribasi» joriy etilishini bildirdi. «Bo‘shagan o‘rinlarga, tuman tashkilotlariga tanlov asosida yoppasiga yoshlar ishga olinadi. Qibrayga shu tariqa «yangi qon» quyilmasa bo‘lmaydi», — dedi hokim.

Hududda 4000 nafar bola uchun bog‘chada joy yo‘qligi, maktabgacha ta’limga qamrov 67 foiz ekani ko‘rsatilib, bu Qibray uchun «sharmandali holat» deb baholandi. Tumandagi 16 ta mahallada bitta ham bog‘cha yo‘qligi qayd etilgan.

«Tumanda murojaatlar bilan ishlash ayanchli, 1697 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan atigi 8 foizi ijobiy hal etilgan, xolos. 28 ta qabul, 128 fuqaro. Ya’ni bitta qabulda o‘rtacha 4 fuqaro qatnashgan. Hokim qabul o‘tkazsa, 4 nafar fuqaro kelibdi. Kim ishonadi bunga? Ko‘zbo‘yamachilik-ku bu?!» — dedi Zoyir Mirzayev.

Yig‘ilishda Ohangaron tumani prokurori lavozimida ishlab kelgan Muzaffar Rashidov Qibray tumani hokimi etib tayinlangan.

Mavzuga oid