O‘zbekiston | 11:04 / 15.11.2022
34164
8 daqiqa o‘qiladi

“Xalq g‘azabini qo‘zg‘atishni bas qiling!” – Uchtepa hokimi matbuot kotibi gaz muammosini ko‘targan jurnalistni koyib berdi

Jurnalist Aziza Qurbonova Facebook’dagi sahifasida o‘zi yashaydigan mahallada gaz bosimi juda pasayib ketganiga jamoatchilik diqqatini qaratgandi. Ushbu post ortidan u Uchtepa tumani hokimligi axborot xizmati rahbari To‘rabek To‘rayevning ta’na-dashnomlariga qoldi.

To‘rabek To‘rayev va Aziza Qurbonova / kollaj / kun.uz

“Salom, mening nomim – gaz. Lekin bunga shubham bor. Kuchim faqat miltillashga yetadi. 20 minutdan beri choy ham qaynatolmayman.

Egalarim o‘tmishim-o‘choqqa qaytishgan. Ha, shunaqa. Manzilim: Uchtepa tumani Cho‘ponota mahallasi”, deyiladi postda.

Foto: Facebook / Aziza Qurbonova

Aziza Qurbonova ushbu postga Uchtepa tumani hokimligi hamda “Hududgazta’minot” AJ Uchtepa tumani bo‘limini teg qilgan.

Postga «Uchtepa tumani hokimligi» nomi bilan ro‘yxatdan o‘tgan profildan munosabat bildirilgan.

“Bo‘ldi-da, Azizaxon, nima qilasiz olovga yog‘ sepib? Hamma narsa nazoratga olingan. Qani, bir kun kelib Uchtepada ishlang-chi, ko‘raman. Bas qiling xalq g‘azabini qo‘zg‘atishni.

Siz nima qilib berdingiz Uchtepaga? Tepada o‘tirib, aqllilik qilish nechog‘lik oson-a? Men ham siz o‘tirgan joyda anchagina o‘tirganman, lekin bunaqangi kattalik qilib, birovning g‘azabini keltirmaganman, Allohga shukur”, deyiladi izohda.

Foto: Telegram / Mikrofon ko‘targan ayol

Aziza Qurbonova tuman hokimligi profilidan unga dashnom berayotgan shaxsdan o‘zini tanishtirishni so‘ragan.

“Mening ismim — Uchtepa tumani hokimligi va men xalqimning og‘ir va yengil kunlarida ham birga bo‘lib, ular nafas olayotgan havodan nafas olaman, ular yurgan yo‘llardan yuraman, ularning dardi bilan yashayman. Mana men kimman, Azizabonu. Va sizga ham shuni tavsiya qilaman. O‘zingizdan kattalarga hurmat bilan yondashishni tavsiya qilaman”, deb javob qilgan «Uchtepa tumani hokimligi» profilini yuritayotgan shaxs jurnalistning savoliga javoban.

Savoliga javob ololmagan Aziza Qurbonova o‘zi bilan yozishayotgan shaxs tuman hokimining matbuot kotibi To‘rabek To‘rayev ekanini taxmin qilgan. Suhbatdosh buni na tasdiqlagan va na inkor qilgan. Aksincha “To‘rabek To‘rayev sizdan anchagina yoshi ulug‘, u sizning tengdoshingiz emas” deya jurnalistdan hurmat talab qilgan.

Aziza Qurbonova Foto: Facebook / Aziza Qurbonova

Aziza Qurbonova ushbu yozishmalardan so‘ng skrinshotlarni ilova qilgan holda sahifasiga yangi post joylagan va unda mutasaddilarni xalq bilan muloqot qilishga chorlagan Davletov.uz telegram-kanalida e’lon qilingan mulohazalarga ishora qilgan.

“Kommunikatsiya so‘raganmidinglar? Mana u.

Gaz haqidagi postimga Uchtepa tuman hokimligining feysbukdagi akkaunti shunday javob beribdi. Ko‘p ehtimol bilan bu matbuot xizmati boshlig‘ining gaplari. "To‘rabek To‘rayev?" degan savolimga javob ham bermadi va inkor ham etmadi. Klassik javob berilgan-a, nima dedingiz?

Yashasin, "noliyverma, cen o‘zing davlatga nima qilib qo‘yding" klishesi. Yashasin, axborot xizmatining saviyasi.

Yashasin, xalqining og‘ir va yengil kunlarida birga shu havodan nafas olgan va olayotgan, qachondir tepada (qaysi tepaligiga aniqlik kiritilmagan) ishlaganida birovni g‘azablantirmagan va "aq(i)llilik" qilmagan Uchtepa tumani hokimligi akkaunti.

Yashasin, olovga (qani o‘sha olov-2 coatdan beri teftel sho‘rvam qaynamaydi) yog‘ sepadigan va o‘zi tumanga hech narsa qilib bermagan, kattalarni hurmat qilmaydigan, Uchtepa tumani hokimligi akkaunti avval o‘tirib ko‘rgan tepada o‘tiradigan (qaysi tepa ekan, borardim o‘shatga) g‘alamis Azizabonu.

Mana o‘zbekcha crisis communication va public relations’dan mahorat darsi. O‘rganinglar. Essiz!” deb yozgan jurnalist.

Uchtepa tumani hokimi matbuot kotibi To‘rabek To‘rayev bu safar o‘z nomidagi profildan jurnalist bilan bahsga kirishgan. Internet foydalanuvchilari izohlarda birinchi postda uning tuman hokimligi va shaxsiy profilini almashtirib yuborishganini taxmin qilishgan.

Chiroqsiz xonadon Foto: Facebook / Jontemir Jondor

Oddiygina tushuntirish bilan vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish mumkin bo‘lgan joyda tuman hokimligi mutasaddisining fuqaroning tanqidiy chiqishiga g‘azabnok munosabatda bo‘lishi, uni xalqni g‘azablantirishda ayblashi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining tanqidlariga sabab bo‘lgan.

“Xalqning g‘azabini haqqini talab qilgan fuqaro qo‘zg‘ayaptimi yo sizlarmi? Aniqlashtirib olish kerakmi deyman? Fuqaro soliq to‘lab qo‘ygan mana nima qildi vatan uchun. Solig‘idan siz oylik olasiz siz nima qildingiz fuqaro uchun?” deb yozgan Ilhom Ro‘ziyev.

“Amaldor odam shunaqa fikrlayaptimi? Aslida davlat idorasi aholiga xizmat qilishi kerak-ku”, degan Jamshid Hakimov.

“Hurmat bilan yozdi-ku, Aziza. Aslida siz noto‘g‘ri munosabatda bo‘lyapsiz. Kechirasiz-u, hokimiyat shunaqa munosabat qilib tursa, xalq dardini kimga aytadi? Sizday xodimlar borligiga achinaman.

Aziza bu postni bir fuqaro sifatida yozganligi shundoq ko‘rinib turibdi. Agar u rostdan ham “tepada o‘tirvolib aql o‘rgatayotgan” bo‘lganida, menimcha, bu postni qo‘yib ham o‘tirmasdi. Kerakli joyga kerakli paytda aytib qo‘ya qolardi. Bu postni qo‘yish bilan xalqni dardini yozyapti, munosabatingizni qarang-u.

Odatda hokimiyatdan boshqacha munosabat kutilardi bunday postlarga, lekin siz gap talashib, tortishib o‘tirishni yaxshi ko‘rasiz shekilli”, deya fikr bildirgan Iroda Bakirova.

To‘rabek To‘rayev dastlab “Yoshlar” telekanali muharriri, keyinchalik ayni Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya, Mehnat, bog‘cha vazirliklarining matbuot xizmati rahbari, Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati koordinatori bo‘lib ishlagan. U 2021 yildan buyon Uchtepa tumani hokimining matbuot kotibi sifatida faoliyat yuritmoqda.

To‘rabek To‘rayev Foto: Facebook / To‘rayev To‘ra

Uchtepa tumani hokimligi telegram kanalida tuman gaz ta’minoti korxonasi rahbari Dilmurod Qoriyevning Aziza Qurbonova ko‘targan muammo yuzasidan videobayonoti e’lon qilingan. Videoda mutasaddi bugungi kunda gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lib turganini tan olgan va ikki kun ichida gaz bosimi me’yoriga keltirilishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Energetika vazirligi kunlar keskin soviy boshlagani ortidan magistral gaz quvurlari va tarmoqlarida tabiiy gaz bosimi ham keskin pasayishi kuzatilayotganini ma’lum qilgan, shu sababli iste’molchilarni elektr va gaz ta’minotidagi muammolarni to‘g‘ri tushunishga chaqirgan edi.

Vazirlik izohida, shuningdek, yirik avariyalarning oldini olish maqsadida elektr ta’minotida qisqa muddatli cheklovlar kiritilayotgani ta’kidlangan. «Milliy dispetcherlik markazi» davlat unitar korxonasi tomonidan barcha hududiy elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlariga yuborilgan xatda energetika tizimida og‘ir oqibatli yirik favqulodda avariya holatlari (blekaut) yuzaga kelishining oldini olish uchun soatlik elektr energiyasi iste’moli topshirig‘ini qat’iy ravishda bajarish so‘ralgan. Ta’minotdagi muammolar tufayli O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatgandi.

Jamoatchilik faollari avvalgi yillardan farqli ravishda hali izg‘irin sovuq boshlanmay turib energiya ta’minotida jiddiy muammolar kuzatilayotganidan xavotirlarini bildirishgandi.

Mavzuga oid