O‘zbekiston | 21:23 / 14.11.2022
35852
10 daqiqa o‘qiladi

“30 yildan beri yechilmas muammo” – faollar gaz-svet muammosi haqida

So‘nggi vaqtda respublikaning turli hududlarida energiya ta’minotida uzoq muddatli uzilishlar kuzatilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda og‘ir ahvoldagi bemorlar davolanayotgan shifoxona, davlat xizmatlari markazlari, banklar, mahalliy hokimliklar elektrsiz qolgani haqida xabarlar bor. Jamoatchilik faollari avvalgi yillardan farqli ravishda hali izg‘irin sovuq boshlanmay turib energiya ta’minotida jiddiy muammolar kuzatilayotganidan xavotirga tushishmoqda.

Kunlar keskin soviy boshlagandan so‘ng iste’molchilarning elektr energiyasi va gazga bo‘lgan talabi ham ortishi yangilik emas. Energetika vazirligiga ko‘ra, sovuq kunlarda magistral gaz quvurlari va tarmoqlarida tabiiy gaz bosimi ham keskin pasayishi kuzatilmoqda. Vazirlik izohida, shuningdek, ayrim issiqlik elektr stansiyalariga belgilangan hajmlardan kam miqdorda tabiiy gaz yetib borayotgani, bu esa, o‘z navbatida, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi pasayishiga olib kelayotgani, yirik avariyalarning oldini olish maqsadida elektr ta’minotida qisqa muddatli cheklovlar kiritilayotgani ta’kidlangan.

Energetika vazirligi huzuridagi «Milliy dispetcherlik markazi» davlat unitar korxonasi barcha hududiy elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlariga IESlarning yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq og‘ir holat vujudga kelgani haqida xat chiqargan. Xatda energetika tizimida og‘ir oqibatli yirik favqulodda avariya holatlari (blekaut) yuzaga kelishining oldini olish uchun soatlik elektr energiyasi iste’moli topshirig‘ini qat’iy ravishda bajarish so‘ralgan. Ta’minotdagi muammolar tufayli O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatdi.

“Yo‘q narsani arzonga ishlatgandan ko‘ra bor narsani qimmatga ishlatgan ma’qul-ku”

Taniqli diniy ulamo Mubashshir Ahmad fuqarolar uchun elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz tariflari o‘zgarmay qolganiga e’tibor qaratib, agar barcha muammo shu masalaga borib taqalsa, yo‘q narsani arzonga ishlatgandan ko‘ra bor narsani qimmatga ishlatgan ma’qul ekanini ta’kidlagan.

– Elektr va gaz bizda 30 yildan beri yechilmas muammo. Lekin nega shunday qiyinchilik va muammoda ekanimizni bilmayman. Qancha gaz yoki elektr keragu, hukumat nega bular bilan ta’minlay olmayotganini tushunmayman. Kichik va nochor bir ro‘zg‘orda ham muammolar asta-sekin yechiladi. Lekin katta va energiya resurslariga boy mamlakatda bir necha o‘n yillardan beri bu masala nega hal etib bo‘lmayotganini anglamayman.

Sovuq xonada tong ottirish nima ekanini esa bilaman. Tana holsizlanib, soviydigan, shu sababli tashqaridan issiqlikka muhtoj bo‘lgan qari va xastalarning hollarini yaxshi tushunaman. Qorong‘ida dars tayyorlay olmayotgan avlod kelajagini, metangaz zapravkalarida vaqtlari uvol bo‘layotgan aholi dardlarini yaxshi his qilaman. Bularni shuning uchun yozyapman.

Demakki, muammo bor, yechim yo‘q ekan (hukumatda), kelinglar masalani ommaga oshkor qilaylik. “Aholimizga qancha gaz va qancha elektr kerak, shundan qanchasini hukumat yetkaza oladi va qolganini qay yo‘l bilan hosil qilish mumkin?” Shu kabi savollarga javoblarni hamma bilsin va hamma bosh qotirsin. Chunki non kabi zarur bu ehtiyojlarni xalq har yili umid bilan kutadi.

Yolg‘on va’dalarga ishonadi va katta qismi sovuq va zulmatdan qiynalib qish o‘tkazsa, oz bir qismi is gazidan zaharlanadi va bir necha o‘nlabi o‘lib ketadi. Qishda mashinasini hayday olmaydi, qorong‘i va sovuqda bolalari dars tayyorlay olmaydi. Kasal, zaif va qarilari sovuq va qorong‘ilikdan tuni bilan ingrab chiqadi.

Muammo hammaniki ekan, hamma bosh qotirsin. Ularning yechilmas ekanini bilsa, anglasa sabr qilsin va va’dalarga suyanmasin. Ko‘mirini, tezagini g‘amlasin, yoqib-bitirilgan daraxtzorlar o‘rnini to‘ldirsin, keyingi o‘n yilliklardagi qishlarga tayyorlansin. Har kuzda dardini doston qilavermasin.

Agar gaz va elektr muammosiga shu sabab bo‘lsa, narxni ko‘targan yaxshi emasmi? Yo‘q narsani arzonga ishlatgandan ko‘ra bor narsani qimmatga ishlatgan ma’qul-ku. Imkoni yo‘qlar imkoni qadar iqtisod qilib ishlatar edi.

Yevropa qit’asi urush girdobida. Mamlakatlarning asosiy g‘ami va bosh og‘rig‘i – aholini issiq va yorug‘likda qishdan olib chiqish bo‘lib qolgan. Rossiya gazidan uzilgan iqtisodlar olti oy o‘tmay energiyaning yangi manbalarini izladi, ulandi, keltirdi va masalani hal qildi. Aholisining energiya ta’minotini yechdi. Hatto urushning markazi – Ukraina uchun ham bosqinchilarga qarshi janglardan keyingi o‘rinda aholini gaz va elektr bilan ta’minlash asosiy masala bo‘lib turibdi. Rus qo‘shini elektr manbalariga raketa zarbasi berganda, yakson bo‘lgan elektrliniyalarni tezkor yangilash yoki ta’mirlashga harakat qilyapti. Qo‘shni davlatlar bu borada hamkorlik qilyapti.

To‘g‘ri, bizda ham quyosh va shamol energiyasini hosil qiluvchi ulkan loyihalar amalga oshirilmoqda. Yangi gaz konlari ochilayotgani haqida tez-tez o‘qib turibmiz. Lekin har kuz muammo o‘sha-o‘sha-ku. Nega bunday bo‘lmoqda? Nega oz bo‘lsa-da holat yaxshilanmayapti? O‘zi energiya muammosi qachon batamom hal bo‘ladi?

Qishda uyi issiq va yorug‘ bo‘lishi hammaning ehtiyoji va haqqi. Bu haq ommatan bera olinmasa va hal qila olinmasa, juda bo‘lmaganda muammo nimada ekanini aytib, hisob-kitobni ma’lum qilish lozim. Xalqning o‘zi bilan maslahatlashish kerak. Balki yaxshi yechim va takliflar bo‘lib qolar, balki haqiqat yuzaga chiqsa, qishga oldinroqdan o‘zi tayyorgarlik ko‘rar yoki hech qanday imkoni bo‘lmasa, sabr qilish uchun xalq sababga ega bo‘lar.

Lekin nima bo‘lganda ham muammodan ko‘z yummaslik kerak. Va’da va rejalar bilan allalamaslik kerak. Haqiqatning yuziga tik qarash kerak. Yechim bo‘lsa yechish, bo‘lmasa izlanish kerak. Ammo bulardan nolasi osmonga o‘rlayotganlar xabardor bo‘lishi kerak. Shoyad ularning qarg‘ishlari duoga, noroziliklari tushunishga va eng asosiysi muammolari yechimga aylansa!

“Bu hali holvasi bo‘lishi mumkin”

Iqtisodchi Otabek Bakirov energetika sohasidagi iqtisodiy populizmning salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritgan.

– Chunki biz oxirgi qizil chiziqni shu yil yozda, hatto kompromiss qaror qabul qilib, keyin yarim tunda ortga qaytganimizda o‘tkazib yubordik, nazarimda.

Hali qor tushmadi, hali harorat musbat, oldinda qahraton qish.

Tarmoqlarda yozilganidek, svet yo‘q, chunki gaz yo‘q, gaz yo‘q, chunki svet yo‘q.

Energetikadagi iqtisodiy populizm tufayli o‘zimiz bilmay sohada Venesuela yaratib qo‘ydik. Gaz qazib olishga rag‘bat yo‘q, transportirovkaga rag‘bat yo‘q, elektr ishlab chiqarishga rag‘bat yo‘q. Chunki bozor yo‘q.

Agar oxirgi to‘q yil, sabrimiz uzun va qalin bo‘lgan 2019 yilda qaror qabul qilinganida hozir balki energobalans muvozanatga yetgan, taklif talabga yetib olgan bo‘lardi.

Bugun boshlasak ancha uzoq muddat ketadi, ammo sabr ham yupqalashgan. Lekin bu ishni ertaga qoldirsak, bu aniq - svet ham bo‘lmaydi, gaz ham bo‘lmaydi. Jismonan bo‘lmaydi, shunchaki hech kimga bo‘lmaydi. Populizmga ham hojat qolmaydi.

“Kommunikatsiya kerak”

Davletov.uz kanali na Energetika vazirligi, na hukumatning boshqa mas’ullari xalqqa nima bo‘layotganini to‘g‘ri va sodda qilib tushuntira olmayotganiga e’tibor qaratgan.

– Necha kunki, ijtimoiy tarmoqlarning asosiy mavzusi — har soatda o‘chayotgan elektr energiyasi, soatlab sovuqda o‘tirgan odamlar, kilometrlik navbatda turgan haydovchilar, hatto shaharlarda pasayib ketgan gaz bosimi bo‘lmoqda. Oddiy norozilikdan qarg‘ishgacha yangramoqda. Kanalimiz orqali o‘tkazilgan so‘rovnomada ham qariyb 60 ming kishi ovoz berib, ularning 84 foizi gaz va elektr energiyasi muammosiga duch kelayotgani haqida bildirgan.

Lekin na Energetika vazirligi, na hukumatning boshqa mas’ullari xalqqa nima bo‘layotganini to‘g‘ri va sodda qilib tushuntirolyapti, qanaqadir tushunarsiz bayonotlar, tushunarsiz nosozliklar haqida gapirilyapti, lekin hech kim hech narsani tushunmayapti. Qahrga to‘la savollar havoda muallaq turibdi: nega, nega aynan hozir va nega shu holatga kelib qoldi? May oyidan kuz-qishga tayyorgarlik haqida gapiriladiyu, lekin hali qish kelmasdan, tuzukroq qor yog‘masdan butun mamlakat taqdir hukmiga tashlab qo‘yilmoqda?

Xalq bilan sifatli kommunikatsiya kerak. Xalq dardiga kimgadir foydali payti quloq tutish kerak emas, balki har kuni, har soatda manzilli gapirilmas ekan, xalqning davlatga ishonchini, agar qolgan bo‘lsa, borini ham yo‘qotish mumkin. Energetika tizimi dabdalasi chiqqan bo‘lsa — gapirilsin, kim dabdala qilgan bo‘lsa — jazosini olsin. Xalq bilsin, nega bunday bo‘layotganini. Odamlarni o‘z dardi bilan yolg‘iz qoldirishning badali qimmat bo‘ladi. 

Mavzuga oid