Jahon | 17:28 / 16.10.2025
5593
9 daqiqa o‘qiladi

AQSh Maduroni ag‘darmoqchi: MRBga Venesuelada maxfiy operatsiyalar o‘tkazish vakolati berildi

New York Times'ning manbalariga ko‘ra, yangi vakolat – Markaziy razvedka boshqarmasiga Venesuelada o‘limga olib keluvchi yashirin operatsiyalarni o‘tkazish imkonini beradi. Bundan tashqari, AQSh harbiylari Venesuela hududidagi ehtimoliy zarbalar berish variantini ham ko‘rib chiqmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

AQSh prezidenti ma’muriyati maxfiy tarzda Markaziy razvedka boshqarmasiga (CIA – Central Intelligence Agency) Venesuelada yashirin operatsiyalar o‘tkazishga ruxsat berdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib New York Times nashri xabar berdi. Bu qaror mamlakat rahbari Nikolas Maduroga qarshi kampaniyani keskin kuchaytirishi aytilmoqda.

Bu ruxsat – Tramp ma’muriyatining Venesuelaga bosim o‘tkazish siyosatidagi so‘nggi bosqichdir. So‘nggi haftalarda AQSh harbiylari Venesuela sohillari yaqinida «narkotik tashiyotgan» deb gumon qilingan bir nechta kemalarni nishonga olib, 27 kishini o‘ldirgan. AQSh rasmiylari tor doiradagi muloqotlarda Maduroni hokimiyatdan chetlatish maqsadlarini yashirmayapti.

Foto: White House

15 oktabr kuni Donald Trampning o‘zi NYT nashrida maxfiy ruxsatnoma haqida xabar chiqqanidan so‘ng, uning mavjudligini tan oldi va AQSh Venesuela hududida zarbalar berishni ham ko‘rib chiqayotganini aytdi.

«Biz hozir quruqlikka ham e’tibor qaratyapmiz, chunki dengizni juda yaxshi nazoratga olganmiz», - dedi Tramp jurnalistlarga. Agar AQSh Venesuela hududiga zarba bersa, bu keskin eskalatsiya bo‘ladi. Avvalgi dengizdagi operatsiyalar esa «xalqaro suvlar»da o‘tkazilgan deb izohlangan edi.

Nashrning yozishicha, yangi vakolat MRBga Venesuelada o‘limga olib keluvchi yashirin operatsiyalarni o‘tkazish hamda Karib havzasida turli manyovrlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Agentlik Maduroni yoki uning hukumatini mustaqil tarzda yoki yirik harbiy amaliyot doirasida nishonga olishi mumkin. Shu bilan birga, MRB hozircha Venesuelada qanday operatsiyalarni rejalashtirayotgani noma’lum.

«Bu orada AQSh harbiylari ham Trampga taqdim etish uchun o‘zining alohida eskalatsiya variantlarini ishlab chiqmoqda, jumladan Venesuela hududiga zarbalar ehtimoli ham ko‘rib chiqilmoqda», deb yozmoqda NYT.

Venesuela «haroratni his qilmoqda»

«Venesuela o‘z qamoqxonalarini bo‘shatib, mahbuslarni AQShga yubordi», – deya MRBga maxfiy vakolatni berish sababini izohladi Tramp.

Reuters'ga ko‘ra, prezident bu orqali «Tren de Aragua» deb nomlangan guruh a’zolari AQShga jinoyat sodir etish uchun yuborilgan, degan da’vosini nazarda tutdi. Mart oyida Tramp ushbu guruhni «terrorchilik tashkiloti» deb e’lon qilib, uni Maduro hukumati topshirig‘i asosida «noan’anaviy urush» olib borayotganlikda ayblagandi.

Foto: White House

Biroq AQSh razvedka hamjamiyatining fevral oyidagi hisobotida bu da’volar rad etilgan. Xususan, unda «Tren de Aragua» to‘dasining Maduro nazorati ostida emasligi aytilgan. Faqat FQB bu xulosaga qisman e’tiroz bildirgan.

Reutersʼga ko‘ra, Tramp MRBda Maduroga nisbatan o‘lim jazosi yoki suiqasd vakolatiga bor yoki yo‘qligi haqidagi savolga javob berishdan bosh tortgan. Lekin «Venesuela 'issiq haroratni'ni sezmoqda», – dedi.

AQShning harbiy faolligi va «topilma»

So‘nggi oylarda Karib dengizi hududida harbiy kuch to‘planishi sezilarli oshdi: ayni vaqtda mintaqada 10 mingga yaqin AQSh askari bor. Ularning aksariyati Puerto-Rikodagi bazalarda joylashgan. Shuningdek, dengiz piyodalari amfibiyali hujum kemalarida xizmat qilmoqda. AQSh dengiz floti Karib dengizida sakkizta harbiy kema va bitta suvosti kemasini shay holatga keltirgan.

Manbalar razvedkachilar uchun yangi vakolatlarni «prezident topilmasi» deb atagan.

Foto: EPA

AQShning Venesuelaga nisbatan strategiyasi davlat kotibi Marko Rubio va MRB direktori Jon Ratkliff tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, asosiy maqsad — Maduroni hokimiyatdan ag‘darish.

Ratkliffning o‘zi Venesuela bo‘yicha tafsilotlarni ochiqlamadi. Biroq agentlik «ko‘proq xavfga tayyor va faolroq» bo‘lishini va’da qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, MRB agentlari Trampning topshirig‘iga binoan «boshqa hech kim bora olmaydigan joylarga boradi va boshqalar qilolmaydigan ishlarni bajaradi».

Rasmiy Karakasning javobi

Venesuela Trampning «tajovuzkor» bayonotlarini rad etib, uni mamlakatning neft boyliklarini egallash maqsadida «rejimni ag‘darish» niyatida aybladi.

Karakas bu masalani payshanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashiga olib chiqishini aytdi.

«Bizning BMTdagi doimiy missiyamiz ertaga Xavfsizlik Kengashiga va bosh kotibga ushbu shikoyatni taqdim etadi. AQSh hukumatidan javobgarlikni talab qilamiz,» - deyiladi Venesuela tashqi ishlar vaziri Ivan Gilning bayonotida.

Avvalroq, Venesuela prezidenti Nikolas Maduro «millionlab» tinch aholini «Amerika imperiyasi» tomonidan hujum uyushtirilgan taqdirda «qo‘liga qurol olishga» va o‘z vatanini himoya qilishga chaqirgan edi. Xususan, sentabrda mamlakat bo‘ylab tinch aholi uchun keng ko‘lamli harbiy ko‘nikmalar kurslari bo‘lib o‘tgan.

Foto: Reuters

Tramp esa bu oy boshida Maduro hukumati bilan diplomatik muzokaralarni to‘xtatgan, bunga sabab sifatida Venesuela rahbarining hokimiyatdan ixtiyoriy ravishda ketishdan bosh tortishi va AQShning giyohvand moddalar savdosi haqidagi ayblovlarini rad etishi keltirilgan.

Maduroga qarshi da’volar

AQSh Maduro haqida giyohvand moddalar savdosiga aloqadorlik ayblovlari bo‘yicha ma’lumot bergan shaxsga 50 million dollar mukofot va’da qilgan.

Davlat kotibi Marko Rubio Nikolos Maduroni «noqonuniy rahbar» deb, ma’muriyat esa uni «narkoterrorchi» deb ta’riflagan.

Tramp ma’muriyati Maduroni AQShga mo‘ljallangan narkotik savdosidan foyda ko‘rishda ayblaydi, biroq bu da’volar doim bahsli bo‘lib kelgan. AQSh razvedka agentliklarining baholashlariga ko‘ra, Maduro «Tren de Aragua»ni to‘liq nazorat qilmaydi.

Tramp ma’muriyati Kongressga AQSh «terroristik guruh» sifatida ko‘rilayotgan narkokartellar bilan «qurolli mojaro» holatida, deb xabar qilgan. Shu asosda kartellar «nodavlat qurolli guruhlar» deb e’lon qilinib, ularning harakatlari «AQShga qarshi qurolli hujum» sifatida talqin qilingan.

Foto:AFP

Oq uyning bunday maxfiy vakolatlari — ijro hokimiyatining eng yopiq va keng imkoniyat beruvchi vositalaridan biridir. Ular odatda har bir ma’muriyat tomonidan qayta tasdiqlanadi, lekin matni deyarli hech qachon oshkor etilmaydi.

AQSh harbiy operatsiyalari, masalan Venesuela hududidan kelgan deb taxmin qilinayotgan narkotik tashuvchi kemalarga zarbalar, odatda oshkora e’lon qilinadi. Biroq MRB maxfiy operatsiyalari, odatda, sir saqlanadi.

MRBning Lotin Amerikasidagi operatsiyalari

Markaziy razvedka boshqarmasi uzoq yillardan beri Lotin Amerikadagi yashirin operatsiyalar bilan shug‘ullanib keladi.

1954 yilda agentlik Gvatemala prezidenti Xakobo Arbenzni ag‘darib, mamlakatni o‘nlab yillik beqarorlikka olib kirgan.

1961 yilda Kuba bo‘yicha operatsiya muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlangan, agentlik esa Fidel Kastroni o‘ldirishga bir necha marta uringan.

O‘sha yili MRB Dominikan Respublikasining diktatori Rafael Truxilloni o‘ldirgan muxolifatlarga qurol yetkazgan.

Shuningdek, agentlik 1964 yilda Braziliyadagi davlat to‘ntarishi, Che Gevaraning o‘ldirilishi, 1973 yilgi Chili to‘ntarishi va 1980 yillardagi Nikaraguadagi «kontra» urushlarida ham faol ishtirok etgan.

Mavzuga oid