O‘zbekiston | 14:38 / 13.04.2023
13505
3 daqiqa o‘qiladi

«Madaniyat va ma’rifat» telekanali nomi o‘zgarmaydigan bo‘ldi

Telekanaldagi ilmiy-ma’rifiy, adabiy-badiiy loyihalar ham saqlab qolinadi va rivojlantiriladi.

«Madaniyat va ma’rifat» telekanali nomini «Karvon»ga o‘zgartirish bo‘yicha qaror loyihasi jamoatchilik tanqidiga uchrashi ortidan, telekanal nomida o‘zgarish qilmaslik, telekanaldagi mavjud loyihalarni saqlab qolish bo‘yicha qarorga kelingan. Bu haqda madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov ma’lum qildi.

U «Madaniyat va ma’rifat» telekanali Madaniyat va turizm vazirligi tarkibiga qo‘shib berilishi yuzasidan bildirilayotgan fikr-mulohaza hamda takliflarni o‘rganib chiqqanini aytgan.

«Hafta davomida trendga chiqqan "Madaniyat va ma’rifat" telekanali atrofidagi fikr-mulohazalar millatimiz ziyolilari, teleijodkorlar yuragida yig‘ilib qolgan dardlarni ham oshkor qildi», degan vazir.

Shu munosabat bilan u o‘zi uchun quyidagi masalalarni alohida belgilab olganini bildirdi:

  • telekanal nomini o‘zgartirmaslik;
  • ilmiy-ma’rifiy, adabiy-badiiy loyihalarni saqlab qolish va rivojlantirish;
  • moddiy-texnik baza masalasiga yechim topish;
  • mehnatga munosib haq to‘lash masalasini hal qilish;
  • badiiy va hujjatli filmlar, umuman, barcha janrdagi mediamahsulotni efirga uzatishda litsenziya bilan bog‘liq masalalar.

Bu va boshqa yondosh masalalar bosqichma-bosqich hal etilishi lozimligi, bu jarayonlarda esa butun jamoa birlashishi, bahs-munozara maydonida ko‘rsatgan qat’iyatini ish maydonida ham namoyon etishi zarurligi ta’kidlangan. 

Bundan oldinroq MTRK tarkibida prezidentning 2012 yildagi qarori bilan tashkil etilgan va 2013 yil yanvardan faoliyatini boshlagan «Madaniyat va ma’rifat» telekanali «Karvon» nomi bilan qayta tashkil etilishi kutilayotgani, bu o‘zgarish jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘layotgani xabar qilingandi.

Xususan, san’atshunos Iqbol Qo‘shshayeva Kun.uz’ga bergan intervyusida qonun loyihasida telekanalning asosiy o‘zagi bo‘lgan adabiyot va ilm-fan chiqarib tashlanganiga e’tibor qaratib, prezident kitob targ‘iboti, kitobxonlik haqida gapirib turgan vaqtda adabiyot minbari yo‘qotilayotganini qayd etgandi.

Mavzuga oid