O‘zbekiston | 15:02 / 25.12.2019
5248
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston erkin muomaladagi qimmatli qog‘ozlarning YaIMdagi ulushini 5 yilda 25 barobarga oshirmoqchi

Foto: KUN.UZ

2019 yil oxiriga kelib, O‘zbekistonda chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarning umumiy nominal qiymati 92,35 trln. so‘mni tashkil etmoqda.

Shundan faqat 1,5 foizi yoki 1,4 trln. so‘mi erkin muomalada bo‘lib, bu – yalpi ichki mahsulotning 0,4 foizidan kam.

Taqqoslash uchun, Singapurda bu ko‘rsatkich – 188 foiz, Malayziyada – 112 foiz, Rossiyada esa 34 foizni tashkil qiladi.

Bu haqda 2020-2025 yillarda kapital bozorini rivojlantirish strategiyasi loyihasi taqdimotida ma'lum qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Strategiyadan ko‘zlangan eng asosiy maqsad – besh yil ichida erkin muomaladagi qimmatli qog‘ozlarning YaIMdagi ulushini 10 foizga (6 mlrd dollarga) yetkazishdir.

Ushbu maqsadga erishish uchun belgilangan asosiy vazifalar quyidagilardan iborat:

  • O‘zbekiston rezidentlari va norezidentlari tomonidan barcha turdagi qimmatli qog‘ozlarni, shu jumladan chet el emitentlarining qimmatli qog‘ozlarini sotib olish bo‘yicha to‘siqlarni bartaraf etish, pensiya tizimini isloh qilish va Xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga muvofiq buxgalteriya hisobi tartib-taomillarini amalga oshirish;
  • korxonalarni xususiylashtirish tartibini, jumladan qo‘shaloq listing orqali takomillashtirish, sekyuritizatsiyani, munitsipal obligatsiyalar chiqarilishini, «Sukuk» islom obligatsiyalari kabi yangi moliyaviy mahsulotlarni joriy qilish hamda mahalliy fond birjalarida xorijiy valutada muomalada bo‘lgan obligatsiyalar chiqarilishini rivojlantirish;
  • Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha xalqaro komissiyaning (IOSCO) xalqaro standartlari va tamoyillari asosida, kapital bozori to‘g‘risida va Kapital bozorini rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonun loyihalarini ishlab chiqish orqali kapital bozori sohasidagi huquqiy-me'yoriy bazani birlashtirish;
  • mavjud birjalarni yagona milliy valuta guruhiga birlashtirish, yagona milliy qimmatli qog‘ozlar Depozitariysini yaratish, unga hisob-kitob bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini berish, mijozlarni tekshirish tizimini joriy etish va kapital bozori professional ishtirokchilarining o‘zini o‘zi boshqarish nodavlat birlashmasini tashkil etish;
  • kapital bozori regulyatori mustaqilligini ta'minlash, uning xodimlarini moliyalashtirish, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, shuningdek, yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarning qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga soluvchi organlarida ish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislarni jalb qilish

Bundan tashqari, 2025 yilning I choragida O‘zbekiston «Morgan Stanley Capital International» (MSCI) jahon fond bozori indeksi reytingidagi dunyoning yetakchi mamlakatlari ro‘yxatiga kirishi ham rejalashtirilgan.

O‘zbekiston bunga qadar, 2021 yil IV choragida Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari xalqaro tashkilotining (IOSCO) o‘zaro hamkorlik va axborot almashish bo‘yicha ko‘p tomonlama anglashuv Memorandumiga (MMoU) qo‘shilishi kutilmoqda.

Strategiya loyihasi faqat rus tilida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Hujjatning o‘zbek tilidagi talqini bilan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi rasmiy saytida tanishish mumkin.

Mavzuga oid