O‘zbekiston | 18:18 / 26.12.2019
4233
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda fuqarolarning xorijiy kompaniyalar aksiyalarini sotib olishi osonlashadi

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi O‘zbekiston rezidentlari va norezidentlari tomonidan barcha turdagi qimmatli qog‘ozlarni, shu jumladan chet el emitentlarining qimmatli qog‘ozlarini sotib olish bo‘yicha cheklovlarni olib tashlashni taklif qilmoqda.

«O‘zbekiston fuqarolariga xorijiy emitentlarning qimmatli qog‘ozlariga sarmoya kiritishni taklif etishni istaymiz. Masalan, S&P 500 ro‘yxatidagi yirik muvaffaqiyatli kompaniyalar bor. Nima uchun fuqarolarimizga ularni sotib olish imkoniyatini bermasligimiz kerak?», – dedi agentlik direktori Otabek Nazirov sohani rivojlantirishning besh yillik strategiyasi taqdimotida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, buni texnik jihatdan amalga oshirishning turli variantlari mavjud. «O‘zbek depozitar tilxatlarini (O‘DT) chiqarish mumkin. Ya'ni investitsion vositachilar u yerda sotib olib, bu yerda qayta sotishadi. Ikkinchi variant – brokerlik hisob raqamlarini ochish jarayonini soddalashtirish. Variantlar ko‘p», - deya qo‘shimcha qildi u.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda norezidentning qimmatli qog‘ozlarni joylashtirishi va aylanmasi tegishli Nizom bilan tartibga solinadi. Nizomga asosan, bu kabi aktivlarga egalik huquqi O‘DT bilan tasdiqlanadi.

«Hozircha bizda bunday qimmatli qog‘ozlar yo‘q, bundan avval ham bo‘lmagan. Biroq buni rejalashtiryapmiz», – deya Kun.uz`ga aniqlik kiritdi agentlik vakili.

Kapital bozorini rivojlantirish agentligidan ma'lum qilishlaricha, o‘zbekistonliklar tomonidan xorijiy brokerlar orqali aksiyalarni sotib olish hozirda O‘zbekiston qonunchiligi talablariga mos emas. Ko‘pincha bunday shartnomalar aksiyaga egalik huquqini bermaydigan, narxlar tafovuti to‘g‘risidagi kelishuvlar (Contract for difference) bo‘ladi.

Shu bilan birga, bunday operatsiyalar shubhali vositachilar orqali amalga oshirilishi mumkin. Bu esa mablag‘ni yo‘qotish xavfini oshiradi.

«Shuning uchun vositachilarimiz ana shunday xizmatlar ko‘rsatishni boshlasa, masalan, O‘DT orqali, u holda odamlar aksiyalarni qonuniy asosda xarid qiladi, xususiy investor esa huquqlari poymol etilganida regulyator himoyasi ostida bo‘ladi», – dedi suhbatdosh.

Kapital bozori infrastrukturasini rivojlantirish uchun agentlik jismoniy va yuridik shaxslar, jumladan, O‘zbekiston norezidentlari tomonidan depo-hisob raqamlarini masofadan turib ochish va qimmatli qog‘ozlarning barcha turlarini sotib olish uchun ariza berishni jismoniy ishtirokisiz va qog‘ozlarsiz amalga oshirish tartibini joriy etishni taklif etyapti.

Shuningdek, mavjud birjalarni yagona milliy birjalar guruhiga birlashtirish, Qimmatli qog‘ozlarning yagona milliy depozitariysini yaratish, unga bank operatsiyalari hisob-kitoblarini amalga oshirish huquqini berish, mijozlar verifikatsiyasi tizimini joriy etish va kapital bozorining professional ishtirokchilarining o‘zini o‘zi boshqaradigan nodavlat birlashma (SRO)ga asos solish rejalashtirilgan.

  • Strategiya loyihasi faqat rus tilida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Hujjatning o‘zbek tilidagi talqini bilan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi rasmiy saytida tanishish mumkin.

Mavzuga oid