Jahon | 12:21 / 17.08.2025
28060
4 daqiqa o‘qiladi

Mehmonxonadagi printerdan Tramp va Putin uchrashuvi rejasini topishdi. Sammit dastur bo‘yicha kechmagan

Foto: Getty Images

15 avgust kuni Rossiya va Amerika prezidentlari uchrashuvidan keyin Vladimir Putin sharafiga tushlik rejalashtirilgandi. Bu AQSh Davlat departamenti protokol xizmatining Ankorij shahri mehmonxonalaridan birida unutib qoldirilgan hujjatlari orqali ma’lum bo‘ldi.

Amerika Milliy jamoat radiosi (NPR) tomonidan o‘rganib chiqilgan hujjatlarda protokol xizmati xodimlarining ismlari va telefon raqamlari, delegatsiyalarni joylashtirish rejalari va hatto ruscha familiyalarni qanday talaffuz qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar mavjud – POO-tihn, Laav-rof, Oo-sha-kov va hokazo. Oq uy hozircha bu ma’lumotlarga izoh bermadi.

Uchrashuv bo‘lib o‘tgan harbiy baza yaqinidagi Captain Cook mehmonxonasining shaxsi oshkor etilmagan mijozlari printerda chiqarilgan sakkiz sahifani topib olib, NPR’​​ga taqdim etgan. Qog‘ozlar juma kuni mahalliy vaqt bilan ertalab soat 9 atrofida, ya’ni prezidentlar Ankorijga kelishidan taxminan ikki soat oldin topilgan.

Davlat departamentidagilar ruscha ismlar talaffuzi haqida qayg‘urishgan. Foto: NPR

Hujjatlar ikki prezidentning uchrashuviga qanchalik shoshmashosharlik bilan tayyorgarlik ko‘rilgani hamda uning formati bir necha bor o‘zgarganini yana bir bor ko‘rsatadi. Ularda avvaliga «ikkiga ikki» formatidagi uchrashuv ko‘zda tutilgan reja aks etgan: Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov AQSh prezidenti Donald Tramp va uning maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan muzokaralar olib borishi kerak edi.

Uchrashuvdan biroz oldin prezidentlar tarjimonlarni hisobga olmaganda, avval yuzma-yuz suhbatlashishi ma’lum qilindi. Yakunda esa uchrashuvda har ikki tomondan uch nafardan rasmiy ishtirok etdi: Putin va Ushakovga Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov, Tramp va Uitkoffga esa davlat kotibi Marko Rubio qo‘shildi.

Protokolga ko‘ra, shundan so‘ng, «Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin janobi oliylari sharafiga» tushlik bo‘lishi kerak edi. Ziyofatda har ikki tomondan olti nafardan delegat qatnashishi kerak bo‘lgan.

Lanch kamtarona bo‘lishi ko‘zda tutilgandi – menyuda birinchi taom uchun vinegretli ziravorli yashil salat va rozmarin-limon sariyog‘li non; qalampir sousi yoki paltus bilan file-minondan tayyorlangan asosiy taomni tanlash. Garnir sifatida sariyog‘ yoki sarsabil qo‘shilgan kartoshka pyuresi taklif qilingan. Desertga – muzqaymoqli krem-bryule.

«Vladimir Putin janobi oliylari sharafiga tushlik». Foto: NPR

Hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, Tramp Putinga AQSh ramzi bo‘lgan oq boshli burgut tasvirlangan haykalcha sovg‘a qilishi kerak edi.

Oxir-oqibat tushlik bo‘lmadi, ammo Oq uyning Putin sharafiga tushlik qilish rejasi (hatto kamtarona bo‘lsa ham) Amerikadagi muxolifatni, Ukrainadagi va butun Yevropadagi siyosatchilarni ranjitgani tayin, ular amerikalik askarlar Rossiya prezidenti samolyoti oldida tizzalagancha gilam to‘shayotgani aks etgan kadrlarni ham og‘riqli qabul qilishgandi.

Tanqidchilar bunda mash’um ramziylikni ko‘rishdi: G‘arbda erkin dunyo yetakchisi deb ataladigan Amerika prezidenti urush jinoyatlari bo‘yicha Xalqaro jinoiy sud tomonidan qidiruvga berilgan avtokratni faxriy mehmon sifatida kutib oldi.

Ammo xalqaro simvolizm va uchrashuvga tayyorgarlik tartibsiz kechganiga oid dalillardan tashqari, ma’lumotlar sizib chiqishi ham Tramp ma’muriyatida axborot xavfsizligiga munosabat masalasini ko‘taradi.

O‘z maqolasida NPR joriy yil martida AQSh vitse-prezidenti, mudofaa vaziri hamda boshqa yuqori martabali mulozimlar Yaman bo‘ylab aviazarbalar rejasi muhokama qilingan maxfiy chatga jurnalistlardan birini tasodifan qo‘shib qo‘yishganini eslatgan.

Mavzuga oid