Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Jadidchilik faqat ma’rifiy emas, siyosiy harakat ham edi” - Fayzulla Xo‘jayevning jiyani Temur Xo‘ja
Temur Xo‘ja jadidlarning sovet hukumatidan mustaqil, demokratik bir jumhuriyat tuzish niyatida bo‘lgani haqida gapirarkan, bugun Markaziy Osiyo davlatlari ham demokratik davlat barpo qilish yo‘lida jadidchilik harakatiga ergashishi kerakligini ta’kidladi.
6-7 mart kunlari Toshkentdagi Turon kutubxonasida “Jadidlarning ma’rifiy faoliyati: g‘oyalari, maqsadlari, vazifalari va Turkiston taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda.
Konferensiyada AQSh, Turkiya, Ozarboyjon, Rossiya, Qozog‘iston, Shvetsiya va Germaniya kabi mamlakatlarning nufuzli jadidshunos olimlari turli ma’ruzalari bilan ishtirok etyapti.
Kun.uz muxbiri Buxoro xalq sho‘ro jumhuriyatini boshqarib so‘ng qatag‘onga uchragan Fayzulla Xo‘jayevning jiyani, turkolog olim Temur Xo‘ja bilan jadidchilik harakatining ahamiyati haqida suhbatlashdi.
— Konferensiya davomidagi chiqishingizda bir paytlar tashkil etilgan Buxoro xalq sho‘ro jumhuriyatiga sovet so‘zini qo‘shib ishlatmaslik kerakligi haqida gapirdingiz. Mumkin bo‘lsa, shu fikrlaringizni kengroq tushuntirib bersangiz.
Temur Xo‘ja:
— 1920 yilda Buxoro amiri Kobulga qochib ketgach, jadidchilar 1 sentabrda Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati degan davlat tuzdi. Uning bayrog‘iga qarasangiz, arab harflari bilan «BXShJ» (بخشج), ya’ni Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati deb yozilgan. Bu yerda «sovet», «respublika» degan so‘zlar yo‘q, «sho‘ro» degani arabchada majlis degani va «sovet» so‘zi bilan bir xil. Ammo muhimi shundaki, u so‘zlar ishlatilmagan bu yerda. Buxoro davlati konstitutsiyasining 3-moddasida shunday deyiladi: «Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati o‘z chegaralari ichida mustaqil davlat hisoblanadi».
Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati tuzilganda, uni 5 ta davlat tan oldi. Birinchisi Rossiya sotsialistik sovet respublikasi, keyin Eron, Afg‘oniston, Anqara hukumati (Turkiya tuzilgani yo‘q edi), Angliya davlatlari bo‘lgan. Bu besh davlatga Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati elchi yuborgan. Turkiyaga elchi borganda, Otaturk mustaqillik uchun kurashayotgan edi. Elchilar Anqara hukumatiga Amir Temurdan qolgan 3 ta qilich beradi: birini Mustafo Kamol Otaturkka, ikkinchisini uning yordamchisi Ismat poshshoga, uchinchisini esa Izmirni greklardan olgan birinchi turk qo‘mondoniga beringlar, deyishgan. Va u qilich Izmirda Turkiya bayrog‘ini o‘rnatgan Sherafittin yuzboshiga berilgan. Amir Temur davriga tegishli Qur’oni Karim ham yuborilgan, u hozir Turkiya milliy kutubxonasida saqlanadi. Qilichlardan biri ham Anqaradagi muzeyda turibdi, «Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati sovg‘asi» deb yozib qo‘yilgan.
1923 yilda jumhuriyatni sovet hukumati egallab, Buxoro sovet sotsialistik respublikasi deb nomini o‘zgartiradi. 1924 yil oxirida esa Buxoro va Xorazm davlati yo‘q qilinib, 1925 yilda beshta respublika tuziladi. Buxoro yerlari bo‘lgan Dushanbe Tojikistonga, Chorjo‘y Turkmanistonga, O‘sh Qirg‘izistonga, Samarqand va Buxoro O‘zbekistonga beriladi. Buxoro davlati o‘z vaqtida juda keng bo‘lgan va 4 davlatga parchalangan.
— Jadidchilarni ma’rifatparvar deyapmiz, ularning bu yo‘ldagi harakatlarini ko‘p gapiramiz. Lekin jadidchilarda mustaqil jumhuriyat qurish niyati ham bor edi. Shu ma’noda biz jadidchilikni faqat ma’rifatparvarlik emas, siyosiy harakat sifatida ham o‘rganishimiz kerak. Mana shu tomon bizda ochilmay qolyapti. Bu haqida fikringiz qanday?
— Birinchidan, ma’rifatparvar emas, ma’rifatchi deyishimiz kerak, chunki ma’rifatparvar shu narsani yaxshi ko‘rish, tarafdor bo‘lish degani, xolos. Ular esa o‘zi ma’rifatchi bo‘lgan. Shu narsa O‘zbekistonda xato ishlatilyapti.
Bir arxiv materialini Ismoil Gaspirali kutubxonasidan topib, dunyoga e’lon qilganman, O‘zbekistonda ham nashr etildi. Behbudiy 1907 yilda Chor Rossiyasi dumasiga «Turkiston madaniy muxtoriyati» degan talabnoma yuborgan. Muhokama qilinib, rad etilgan. Behbudiy o‘z qo‘li bilan yozib muhrlangan o‘sha hujjat bizda bor. Unda Turkiston zamini musulmonlar qo‘lida bo‘lishi kerak, boshqa davlat daxl qilmasin, deyilgan. Keyin, Turkiston tuprog‘iga musulmon bo‘lmaganlar olib kelinmasin, degan joylari ham bor, chunki o‘sha paytda Chor Rossiyasidan ko‘chirib kelishayotgan edi odamlarni. U faqat madaniy emas, siyosiy muxtoriyat talab qilgan, shuning uchun qabul qilinmagan. Demak, jadidchilarning otasi bo‘lgan Behbudiyda 1907 yildayoq muxtoriyat tushunchasi bo‘lgan ekan. O‘zbekistonda Begali Qosimov o‘z kitobida nashr qildi o‘sha talabnomani. Tarixchi Shamsiddin Kamoliddinov bilan birga rus tilida Germaniyada nashr ettirdik.
— Bugungi konferensiyaning maqsad va vazifalari haqida ham gapirib bersangiz.
— Bilamizki, 30-yillarda jadidchilar qatag‘on qilinib, otib o‘ldirilib, asarlari man etilgandan keyin mustaqillikkacha sovet ittifoqida ularni o‘rganish mumkin bo‘lmagan. Ularni panturkist, panislomist, burjua millatchisi degan ayblovlar bilan qoralashgan. Endi mustaqillik davrida qayta o‘rganyapmiz. Shavkat Mirziyoyev yuborgan tabrigida ham jadidchilarimizning g‘oyalari bugun bizga yo‘l ko‘rsatadi, deb aytib o‘tilgan. O‘rta va oliy maktablarda jadidchilar g‘oyalarini o‘qitish loyihasini tuzib chiqyapmiz. Yaqinda e’lon qilinadi. Chunki ularning harakati o‘sha davrda ham demokratik bo‘lgan. Agar biz turkiy davlatlarning demokratik davlatga aylanishini istasak, jadidchilik g‘oyalari bilan harakat qilishimiz lozim. Chunki ular hammasini yozib chiqqan: so‘z va matbuot erkinligi, mustaqil maktablar... Biz hozir Amerika, Yaponiya, Germaniyalardan demokratik g‘oyalarni o‘rganyapmiz. Lekin biz uchun jadidchi bobolarimiz aytgan asoslar bor. Ularni o‘qib ko‘rsak, o‘sha davlatlardagi demokratiyaga to‘g‘ri keladi. Shu sabablardan ham hozir jadidlarga qiziqish bo‘layotganidan xursandman. Yoshlar ishlari agentligi kitoblar chiqardi, yoshlar o‘qiyapti. Katta avlod esa 60-70 yil jadidchi bobolarimizni o‘qishdan mahrum bo‘lgan.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
22:37 / 19.07.2024
Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi o‘tkaziladi
17:03 / 08.07.2024
O‘zbekistonning birinchi rahbari. Fayzulla Xo‘jayev kim edi?
12:37 / 20.06.2024
“Jadidlarimizning mag‘rur va g‘olib qiyofalarini chizishimiz kerak” – kinorejissyor Jahongir Ahmedov
08:55 / 16.03.2024