Timur Ishmetov: «Valuta kursi o‘zgarishi iqtisodiyot barometri hisoblanadi»
20 avgust kuni O‘zbekiston Markaziy banki Moliya vazirligi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari uchun ichki valuta bozoridagi joriy holat va almashuv kursi dinamikasiga bog‘liq masalalarni tushuntirish maqsadida matbuot anjumanini tashkil etdi.
Unda ishtirok etgan Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov valuta kursi o‘zgarib turishi tabiiy jarayonligi, kurs o‘zgarishiga tashqi omillar har doim ta'sir ko‘rsatishi, bundan qochib qutulib bo‘lmasligi haqida gapirdi.
Shuningdek, uning aytishicha, O‘zbekiston hukumati ham, Markaziy bank ham kursning o‘zgarishiga sun'iy ta'sir ko‘rsatishni rejalashtirmayapti. Faqatgina ehtimoliy tashqi ta'sirlarni oldindan prognozlash va bunga muvofiq ravishda ichki holatni moslashtirish uchun choralar ko‘rilishi mumkin.
«Erkin bozor sharoitida valuta kursining o‘zgarishiga iqtisodiyotning barometri sifatida qarash lozim. Biz barometr ko‘rsatayotgan haroratga moslashishimiz mumkin, xolos. Agar u ko‘rsatgan harorat yoqmasa, barometrni buzib tashlay olmaymiz. O‘zbekiston hukumati valuta kursidagi tebranishlarda fiskal muvozanatni qat'iylashtirish, tashqi ta'sirlarni minimallashtirish orqaligina rol o‘ynashi mumkin», deya Timur Ishmetovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari mamlakatda kuzatilayotgan import hajmining eksportdan sezilarli darajada yuqoriligi holatiga izoh berdi.
«Iqtisodiyotni erkinlashtirish, rivojlantirishga harakat qilinayotgan hozirgi paytda import hajmi eksportdan yuqori bo‘lishi tabiiy hol. Buni o‘zgartirishga importni cheklash orqali emas, balki eksport hajmini oshirish orqali erishish mumkin. Buning uchun adolatli va hamma uchun baravar bo‘lgan bozor sharoitini yaratish kerak. Eksport uchun belgilangan imtiyozli kreditlardan bosqichma-bosqich voz kechish kerak, bu korrupsion mexanizmlarni yuzaga keltirishi mumkin», deydi u.
Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda turli davlat idoralari tomonidan importda cheklovlarni joriy qilishni ko‘zda tutuvchi normativ hujjatlar loyihasi taqdim etilmoqda, lekin bunday cheklovlarni joriy qilish rejalashtirilmayapti.
Mavzuga oid
15:20 / 19.10.2024
RFga import qiluvchilar soxta tranzit yordamida sanksiyalarni chetlab o‘tyapti
15:00 / 16.10.2024
Sanoat zonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning BAAga importi tashkil etiladi
12:36 / 13.10.2024
2024 yilning 8 oyida O‘zbekistonga import qilingan yengil avtomobillar soni ma’lum qilindi
17:01 / 10.10.2024