Jamiyat | 14:48 / 08.07.2024
12241
4 daqiqa o‘qiladi

Xatirchida yosh qiz o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchilardan biri 1 yilda 12 marta radarga tushgani ma’lum bo‘ldi

Navoiy viloyatida 8 yoshli qizning o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchilardan biri 1 yil davomida 12 marotaba tezlikni oshirish, 1 marotaba yo‘l chizig‘ini bosish qoidabuzarligini sodir etgani aniqlandi. Haydovchilar o‘sha vaziyatda poyga o‘ynab ketayotgan bo‘lgan. YTH sodir bo‘lgan piyodalar o‘tish joyiga esa 2024 yil 1-chorak yakuniga qadar o‘rnatilishi kerak bo‘lgan tugmali svetofor mablag‘ ajratilmaganligi sababli o‘rnatilmay qolgan. 

Foto: Videodan kadr

Xatirchi tumanida voyaga yetmagan bola ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasining tafsilotlari ochiqlandi.

Ma’lum qilinishicha, fuqaro N.A. BYD mashinasini Xatirchi tumani hududidan o‘tuvchi 4R-48 avtomobil yo‘lida “Zarafshon-Yangirabod” yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib borayotib, o‘zi bilan bir yo‘nalishda BYD mashinasini boshqarib borayotgan fuqaro F.A. bilan bir-biridan quvib o‘tishga harakat qilib, o‘zaro quvishgan. Oqibatda yo‘lning Xatirchi tuman tibbiyot texnikumi yonidan o‘tgan qismida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan 2016 yilda tug‘ilgan Sh.Sh.ni dastlab N.A. mashinasida turtib o‘tgan. So‘ngra F.A. o‘z mashinasida qizaloqni urib-bosib o‘tib ketgan. 

Buning oqibatida voyaga yetmagan Sh.Sh. olgan tan jarohatlari sababli hodisa joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan N.A. va F.A.ga Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Haydovchi N.A. so‘nggi bir yil davomida 12 marotaba tezlikni oshirish, 1 marotaba yo‘l chizig‘i talablariga rioya qilmaslik qoidabuzarliklarini sodir etgani aniqlangan. Haydovchi F.A. esa so‘nggi bir yil davomida bir marotaba transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga topshirish qoidabuzarligini sodir etgan.

Voyaga yetmagan Sh.Sh. tumandagi 14-sonli maktabning 2-sinf o‘quvchisi bo‘lgan. Uni onasi M.Sh. bir kun oldin bobosinikiga olib kelib, o‘zi Toshkent shahriga ishlash uchun ketgan. Bobo hamda buvi 2010 yilda tug‘ilgan o‘g‘li N.T. hamrohligida qizaloqni istirohat bog‘iga sayrga borib kelishiga ruxsat bergan.

 Qayd etilishicha, Xatirchi tumani Yangirabod mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-48 yo‘li davlat ahamiyatiga ega yo‘l bo‘lib, ushbu yo‘lning 127-kilometrida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilgan va yo‘l yotiq chiziqlari chizilgan bo‘lgan.

Ushbu yo‘l Xatirchi tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi 239-yo‘l bo‘limiga tegishli va Avtoyo‘l tomonidan xizmat ko‘rsatiladi.

Mazkur piyodalar o‘tish joyida Xatirchi tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan tugmali svetofor qurilmasini o‘rnatish dasturga 2024 yil 1-chorak yakuniga qadar  kiritilgan bo‘lib, mablag‘ ajratilmaganligi sababli hozirgi kunga qadar o‘rnatilmagan. Xatirchi tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi direktori nomiga Navoiy viloyati YHXB tomonidan joriy yilda 2 marotaba tugmali svetofor o‘rnatish yuzasidan  taqdimnomalar kiritilgan. Taqdimnoma talablari bajarilmaganligi uchun korxonasi rahbariga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, YTH 1 iyul kuni sodir bo‘lgan. Voqea videosidan ko‘rinishicha, qizaloqni bosib o‘tgan BYD mashinasi haydovchisi fojiadan bir necha soniya oldin tezlikni 142 km/soatgacha oshirgan, lekin bu tezlik bilan ham o‘zidan biroz oldinda ketayotgan krossoverdan o‘zib ketolmagan. Bundan anglashiladiki, har ikkala haydovchi tezlikni 142 km/soatdan oshirgan.

Mavzuga oid