Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Eronga zarba beradimi? So‘nggi muzokaralar fonida keskinlik kuchaymoqda
AQSh va Eronning Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarining ikkinchi raundidan so‘ng mamlakatlar o‘rtasidagi keskinlik ortib bormoqda. Tramp va Oq uy ma’muriyati zarba oqibatlarini taroziga solib ko‘rmoqda hamda Yaqin Sharqqa flot va aviatsiyani olib kelishda davom etmoqda. Bu vaqtda esa Eron va Rossiya Amerika aviatashuvchisi turgan joy yaqinida qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda.
Foto: U.S. CENTRAL COMMAND / HANDOUT via Getty Images
19 fevral kuni CNN va CBS o‘z manbalariga tayanib, AQSh shanba kuniyoq Eron bo‘ylab zarbalar berishi mumkinligini xabar qildi. Manbalar AQSh prezidenti Donald Tramp hali yakuniy qarorni qabul qilmaganini qayd etishgan: u o‘z maslahatchilari bilan hujumni oqlovchi va unga qarshi argumentlarni muhokama qilmoqda va ehtimoliy hujum haqida «ko‘p o‘ylamoqda». Bu xabarlar fonida Tramp Eron bilan bitim tuzilishi yoki AQSh kuch ishlatishiga to‘g‘ri kelishi 10 kun ichida ma’lum bo‘lishini aytib chiqdi.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, 18 fevral kuni Oq uyda ma’muriyatning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yuqori lavozimli mulozimlari Erondagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan. Yig‘ilishda maxsus vakil Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner AQSh prezidentiga seshanba kuni Jyenevada Eron delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijalari haqida so‘zlab bergan.
Oq uyda eskalatsiya xavfini ham, zarba bermaslik qarorining oqibatlari ham baholamoqda. Ehtimoliy qarshi hujumlar arafasida Pentagon Yaqin Sharqdagi xodimlarining bir qismini AQSh va Yevropa mamlakatlariga olib o‘tishni boshladi. CBS’ning aniqlik kiritishicha, bu ehtimoliy harbiy harakatlar holatida Pentagonning odatiy amaliyotidir: ya’ni bu Eronga zarba muqarrar degani emas. Idora vakillari bu borada rasmiy izoh berishdan bosh tortdi.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt chorshanba kungi brifingda o‘tgan yil yozida Eronning uranni boyitish bilan shug‘ullangan uchta zavodi AQSh tomonidan yo‘q qilinishi bilan yakunlangan «muvaffaqiyatli amaliyot» haqida eslatib o‘tdi. Ammo u Tramp masalani hal qilishda birinchi navbatda diplomatik yo‘lga murojaat qilishi va Eron hukumat AQSh prezidenti bilan kelishuvga borishi «oqilona qaror» bo‘lishini qayd etgan.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, 28 fevral kuni davlat kotibi Marko Rubio va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu uchrashishi hamda uni Eron bilan muzokaralar borishidan xabardor qilish rejalashtirilgan. Levitt AQSh Eronga zarba berish bo‘yicha qarorni Isroil bilan birgalikda qabul qiladimi, degan savolga javob berishdan bosh tortdi.
Axios nashri esa manbaga tayanib shundan xabar berdi: agar Tramp baribir Eronga yana zarba berishga qaror qiladigan bo‘lsa, bu bir necha hafta davom etadigan yirik va to‘laqonli harbiy operatsiyaga aylanadi.
Saul Loeb / Getty Images
Pozitiv muzokaralar va tahdidli bosim
Muzokaralarning ikkinchi raundi oldidan prezident Tramp Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuv tuzishni istashini aytgandi. U Tehron o‘tgan yilgi vaziyat takrorlanishini istamasligini ta’kidladi: o‘shanda Tramp diplomatik yechim yo‘q degan qarorga kelib, Eronning yadroviy obektlariga zarba berishni buyurgandi.
O‘shanda Tehron urandan faqat tinch maqsadlarda foydalanayotganini ta’kidlagandi. Ammo Xalqaro atom energetikasi agentligiga ko‘ra, Eron allaqachon 408 kg miqdoridagi boyitilgan uran to‘plagan – Vashington Eron uni boshqa mamlakatga brishni hamda uranni boyitish ishlarini butunlay to‘xtatishni talab qilmoqda. Rossiya bu uranni qabul qilishga qiziqish bildirgan, ushbu davlat 2015 yilda ko‘p tomonlama kelishuv bo‘yicha 11 ming kg miqdoridagi kamroq boyitilgan moddalarni qabul qilgandi.
Mamlakatlar o‘rtasidagi muzokaralar joriy yilning fevral oyi boshida O‘monda qayta tiklandi. AQSh davlat kotibi Marko Rubio uchrashuv faqat yadro masalasiga taalluqli bo‘lmasligi kerakligini aytgan. «Muzokaralar aniq bir narsaga olib kelishi uchun ular muayyan masalalarni, jumladan, ularning [Eronning] yadroviy dasturini cheklashni, ballistik raketalarning harakatlanish masofasini va butun mintaqa bo‘ylab terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashni qisqartirishni, shuningdek, mamlakat xalqiga munosabatini qamrab olishi kerak», – degan Rubio.
O‘z navbatida, Eron sanksiyalar bekor qilinishiga erishmoqchi.
Jyenevadagi muzokaralarning ikkinchi raundidan so‘ng Eron mudofaa vazirligi AQShning hozirgi talablarini «realroq» deb atadi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining aytishicha, uchrashuv chog‘ida vakillar ehtimoliy yadroviy bitimning «asosiy prinsiplari» bo‘yicha kelishib olishga muvaffaq bo‘lgan. U muzokaralarni «jiddiy, konstruktiv va ijobiy» deb atadi va ishtirokchilar kelishuv matni ustida ishlashni boshlashiga va’da berdi. «Bu kelishuvga tezda erisha olamiz degani emas, lekin hech bo‘lmaganda boshlandi», – deya qayd etgan vazir.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt Jyenevadagi muzokaralarda tomonlar biroz oldinga siljishga muvaffaq bo‘lganini tasdiqladi, shu bilan birga, qator muhim masalalar bo‘yicha pozitsiyalar hamon keskin farqlanadi. AQSh ma’muriyati Eron vakillari bir necha haftadan so‘ng kelishuv bo‘yicha ko‘proq tafsilotlarni muhokama qilish uchun qaytishini kutmoqda.
AQSh prezidenti Eronga oshkora tahdidlar bilan faol bosim o‘tkazmoqda: yanvar oyi boshidan beri Tramp nafaqat yadroviy kelishuv tufayli, balki hukumatga qarshi namoyishlarning shafqatsizlarcha bostirilishi tufayli ham tahdid qildi. U o‘shanda namoyishchilarni taslim bo‘lmaslikka chaqirgan va «yordam allaqachon yo‘ldaligi» haqida va’da bergandi, ammo yakunda AQSh vaziyatga aralashmadi.
Bunga parallel ravishda yanvar oyi oxirida AQSh Fors ko‘rfazidagi harbiylari sonini oshira boshladi. USS Abraham Lincoln aviatashuvchisi anchadan buyon Eron sohillari yaqinida turibdi. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar ko‘plab qiruvchi samolyotlar hamda harbiy kemalarini, jumladan yirik USS Gerald R Ford aviatashuvchisini ham Yaqin Sharqqa yuborgan.
BBC Verify ma’lumotiga ko‘ra, AQSh Ispaniya janubidagi Rota shahridan Gretsiyaning Krit oroligacha bo‘lgan yo‘lda joylashgan bazalarda yonilg‘i to‘ldirish nuqtalarini o‘rnatgan, katta ehtimol bilan, bu Vashington zarba berish masalasida bir qarorga kelgunicha qiruvchi samolyotlar va boshqa aviatsiya vositalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qilingan.

So‘nggi kunlarda AQSh Yaqin Sharqqa F-35 va F-22 qiruvchilarini olib kelgan. Wall Street Journal nashri yozishicha, Qo‘shma Shtatlar mintaqada harbiy-havo kuchlarining yirik guruhini to‘plamoqda, bunaqasi 2003 yilda Iroqqa bostirib kirilganidan buyon kuzatilmagandi.
O‘z navbatida, Eron Pikaks Mauntin yadroviy kompleksi tunnellariga kirish qismlarini mustahkamlamoqda – ekspertlar fikricha, bu uranni boyitish ishlarini himoyalashga qaratilgan bo‘lishi mumkin.
Keskinlik o‘sishi fonida Eron va Rossiya mashg‘ulotlari
BBC rus xizmati harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev RF harbiy-dengiz floti va Eron harbiy-dengiz kuchlaining qo‘shma mashg‘uloti haqida:
Eron harbiy-dengiz kuchlari vakili Hasan Maqsudli 19 fevral kuni O‘mon dengizi va Hind okeanining shimoliy qismida Rossiya va Eronning qo‘shma harbiy-dengiz manyovrlari boshlanishi haqida ma’lum qildi.
Eron rasmiy matbuoti Rossiya prezidenti yordamchisi Nikolay Patrushevga (u Rossiya Federatsiyasi Dengiz kollegiyasi raisi hisoblanadi) tayanib, mashg‘ulotlarda Xitoy floti ham ishtirok etishini ma’lum qildi. «Eron, Rossiya va Xitoy kemalari „Dengiz xavfsizlik kamari-2026“ mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun Ho‘rmuz bo‘g‘oziga yuborildi», – deya uning so‘zlarini keltirgan IRNA agentligi.
Eron, Rossiya va Xitoy 2019 yildan beri jahon dengiz neft savdosining chorak qismidan ko‘prog‘i o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hududida muntazam ravishda harbiy-dengiz mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda. Shu sababli, hozirgi vaziyatda ham Xitoy kemalarining ehtimoliy ishtiroki shov-shuvli ko‘rinmaydi.
Ammo Eron matbuotining so‘nggi xabarlarida Xitoy kemalari manyovrlar o‘tkaziladigan joyga harakatlanayotgani haqidagi xabarlar g‘oyib bo‘lib qoldi.
Rossiya tomon mashg‘ulotlarda «Stoykiy» korveti ishtirok etishini e’lon qilgan, RF mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, Bandar-Abbos portida turgan bu kema bir necha kun oldin O‘mon ko‘rfazi suvlarida Eron floti kemalari bilan birga muvofiqlikda harakatlana boshlagan.
«Stoykiy» korveti – suv sig‘imi 1800 tonnani tashkil etuvchi, ko‘pmaqsadli bu kema zamonaviy esminetslarga qaraganda uch-to‘rt baravar kichik.
Torpedalar, artilleriya, 250 km masofagacha uchuvchi X-35 rusumli kemalarga qarshi qanotli raketalar hamda «Redut» zenit-raketa kompleksi bilan jihozlangan bu kema AQShning aviatashuvchilar guruhiga teng kela olmasligi tayin.
Shu bilan birga, Rossiya kemasining ehtimoliy harbiy mojaro zonasida bo‘lishining o‘zi oldindan aytib bo‘lmaydigan elementni keltirib chiqaradi, chunki diplomatik yechim topilmasa, mojaroga yadroviy kuchlar tortilishi mumkin. Bu, albatta, Rossiyaning ittifoqchisi bo‘lgan Eronga qo‘l keladi, Tehron bu ittifoqchisining ramziy bo‘lsa ham qo‘llab-quvvatlashiga hozir juda muhtoj.
Wall Street Journal yozishicha, mashg‘ulotlar Abraham Lincoln aviatashuvchisiga yaqin joyda bo‘lib o‘tmoqda. Shu hafta Eron diniy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy Amerika aviatashuvchisiga tahdid qilgandi. «Aviatashuvchini dengiz tubiga jo‘natishi mumkin bo‘lgan qurol undan ko‘ra xavfliroqdir. U [Tramp] AQSh armiyasi – dunyodagi eng kuchlisi ekanini aytmoqda. „Dunyodagi eng kuchli armiya“ ba’zida shunday zarba olishi mumkinki, keyin o‘nglana olmaydi», – deyiladi uning X ijtimoiy tarmog‘idagi postida, bu postga sun’iy intellekt yordamida Ford aviatashuvchisi okean tubida yotgani tasvirlangan surat qo‘shilgan.