O‘zbekiston | 08:53 / 18.12.2020
6325
3 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlariga o‘zgartirishlar kiritiladi

«Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Norma’ning yozishicha, loyihada «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri nazarda tutilgan. Unda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va davlat organlarining quyidagilar borasidagi o‘zaro hamkorlik tamoyillari bayon etiladi:

  • qonunga rioya etilishi;
  • xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning erkinligi va tengligi;
  • mulk daxlsizligi;
  • sog‘lom raqobat.

Hujjat loyihasida tadbirkorlik sub'yektlari quyidagi mezonlar bo‘yicha tasniflanadi:

a) kichik biznes sub'yektlari:

  1. yakka tartibdagi tadbirkorlar;
  2. mikrofirmalar – xodimlarining o‘rtacha soni 10 nafardan iborat bo‘lgan hamda tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olinadigan yillik sof daromadi 4 mlrd so‘mgacha miqdorni tashkil etadigan tadbirkorlik sub'yektlari;
  3. kichik korxonalar – xodimlarining o‘rtacha soni 11 nafardan 49 nafargacha bo‘lgan hamda tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olinadigan yillik sof daromadi 20 mlrd so‘mgacha miqdorni tashkil etadigan tadbirkorlik sub'yektlari;
  4. b) o‘rta biznes sub'yektlari (o‘rta korxonalar) – xodimlarining yillik soni 50 nafardan 249 nafargacha bo‘lgan hamda tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olinadigan yillik sof daromadi 100 mlrd so‘mgacha miqdorni tashkil etadigan tadbirkorlik sub'yektlari;
  5. v) yirik biznes sub'yektlari (yirik korxonalar) – doimiy xodimlari soni bir yilda 250 nafardan ko‘p bo‘ladi, tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olinadigan yillik sof daromadi esa 100 mlrd so‘mdan yuqori miqdorni tashkil etadi.

Tadbirkorlik sub'yektlari ko‘rsatib o‘tilgan mezonlardan biriga muvofiq kelgan taqdirda tadbirkorlik sub'yektlari reyestriga kiritiladi.
 
Tadbirkorlik sub'yektlari toifasini belgilash va qayta tayinlash kalendar yil oxirida yuridik shaxs tomonidan taqdim etilgan moliyaviy va statistik hisobotga asosan amalga oshiriladi.
 
Shuningdek qonun loyihasida quyidagilar qayd etilgan: 

  • tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish asoslari;
  • tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari huquqlarining kafolatlari;
  • tadbirkorlik faoliyati sub'yektlarining huquqlarini himoya qilish tartibi;
  • tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari;
  • kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun infratuzilma sub'yektlari ro‘yxati;
  • tadbirkorlik sohasini davlat tomonidan tartibga solish.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid