O‘zbekiston | 10:20 / 31.07.2018
38577
6 daqiqa o‘qiladi

Milliy gvardiya bo‘linmalariga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni tanlashda qanday talablar qo‘yiladi?

Foto: Jizzax.Uz

 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalariga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni tanlash va qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom loyihasi e'lon qilindi.

Milliy gvardiya bo‘linmalarida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan fuqarolar va harbiy xizmatchilar arizasi (bildirgisi) Nomzodlarni hisobga olish jurnalida ro‘yxatga olinadi.

Qoida tariqasida, nomzodlarni tanlash va harbiy xizmatga qabul qilish ekshududiylik prinsipi asosida amalga oshiriladi, alohida hollar bundan mustasno.

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga, shuningdek uning roziligiga yoxud Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘iga asosan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinadigan quyidagi shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
vazirlik va idoralarning harbiy xizmatchilari va huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlariga;
tegishli yo‘llanma orqali kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga yuborilgan oliy harbiy ta'lim muassasalari bitiruvchilariga;
xalqaro shartnomalar asosida o‘qishga yuborilgan, xorijiy davlatlar oliy harbiy ta'lim muassasalari bitiruvchilariga;
alohida hollarda, boshqa davlat organlari va tashkilotlari xodimlariga.

Nomzodni tanlash quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:

a) nomzodni o‘rganish (hujjatlarni to‘plash va o‘rganish, nomzod bilan yakka tartibda suhbatlashish);
b) umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;
v) individual-psixologik o‘rganish (psixologik test sinovidan o‘tkazish);
g) tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
d) nomzodlarning hujjatlarini rasmiylashtirish va kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish.

Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish – tanlov komissiyasining xulosasi asosida amalga oshiriladi.  

Tanlov komissiyasi tanlov yakunlari natijalariga ko‘ra, tanlov muddatini kechiktirish, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli deb topilgan va tanlovda yuqori ball to‘plagan nomzodlarni kontrakt bo‘yicha «harbiy xizmatga qabul qilish» yoki ushbu Nizomda belgilangan talablarga javob bermagan hollarda «rad etish» to‘g‘risida qaror chiqaradi.

Nomzodlarni Milliy gvardiya bo‘linmalaridagi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish – oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibidagi lavozimlarga tayinlashga vakolatli rahbarning (komandir yoki boshliqning) buyrug‘iga asosan amalga oshiriladi. 

Nomzodlarni tanlashni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar – butlashga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda, vakolatli rahbarlar (komandir va boshliqlar) topshirig‘iga asosan kadr organlari tomonidan amalga oshiriladi. Fuqaroning arizasi (yoki muddatli harbiy xizmatchining bildirgisi) ularni nomzod sifatida ro‘yxatga olish uchun asos bo‘ladi.

Nomzodning kasbiy tayyorgarligiga muvofiq keladigan bo‘sh lavozimlarning yo‘qligi va nomzodni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish bo‘yicha o‘rnatilgan talablarga muvofiq emasligi haqidagi komissiyaning xulosasi – nomzodlar bilan boshlang‘ich kontrakt tuzishni rad etish uchun asos bo‘ladi.  

Milliy gvardiya bo‘linmalariga kontrakt asosida harbiy xizmatga – yuqori darajadagi kasbiy va ma'naviy-ruhiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan, shu jumladan maxsus, taktik, o‘q otish, umumjismoniy va kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha yuqori individual ko‘rsatkichlarga ega quyidagi toifadagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan tanlanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan (o‘tayotgan) va safarbarlik chaqiruvi rezervida harbiy xizmatni o‘tagan shaxslar;
oliy ta'lim muassasalarida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan shaxslar.
muqaddam oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibidagi lavozimlarda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan shaxslar.

Milliy gvardiya safiga nomzodlar jismoniy rivojlanganligi va bo‘yi-basti bo‘yicha quyidagi maxsus antropometrik parametrlarga javob berishlari lozim:

Faxriy qorovul bo‘linmalariga – 185 santimetrdan past bo‘lmagan;
Otliq askarlar eskadroniga – 175 santimetrdan past bo‘lmagan; 
Qolgan barcha bo‘linmalariga – 180 santimetrdan past bo‘lmagan erkak nomzodlar tanlanadi.
Oliy ta'lim muassasalarida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan ayol nomzodlarning bo‘y-basti 165 santimetrdan past bo‘lmasligi lozim.

Nomzodlarga quyidagi talablar qo‘yiladi:

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lish;
Vataniga sodiq bo‘lish, faol hayotiy nuqtai nazarga, yuqori darajadagi hushyorlik hamda yot mafkura va axloqqa nisbatan murosasizlik zarurligini anglash;
davlat manfaatlarini ko‘zlagan holda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida nazarda tutilgan huquqlarining harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq ravishda chegaralangan bo‘lishiga va O‘zbekiston Respublikasining istalgan hududida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tashga doimo tayyor bo‘lish;
jismoniy va ruhiy yuklamalarni talab etadigan topshiriqlarni bajarishga, nostandart va qattiq hayajon vaziyatlarida tez va to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatiga ega bo‘lish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asoslarini bilish;
O‘zbekiston tarixini bilish, davlatning ichki va tashqi siyosati masalalarini to‘liq anglab yetish, bo‘layotgan voqea-hodisalar tafsilotlarini tahlil qila olish.

Zarur hollarda, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining qaroriga ko‘ra, fan, madaniyat va sport arboblari – konkurs va tanlovsiz kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinishi mumkin.

Mavzuga oid