Prezidentning ichki va tashqi turizmni rivojlantirishga oid farmoni bilan joriy yil 1 martdan boshlab, O‘zbekiston fuqarolaridan mehmonxonada yashagan har bir kun uchun turistik (mehmonxona) yig‘im undirilishi belgilandi.
Ta'kidlanishicha, endilikda turizm kompaniyasi yoki mehmonxona O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi yoki mamlakatda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni vaqtincha yashash uchun joylashtirganda, har bir yashagan kuni uchun (yashash uchun to‘lovdan tashqari) Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorda, turistik (mehmonxona) yig‘imni ham to‘laydi.
Ma'lum qilinishicha, mahalliy aholidan yig‘iladigan turistik (mehmonxona) yig‘im ichki turizmni targ‘ib qilish va rag‘batlantirish, turizm mavsumi past bo‘lgan davrda joylashtirish vositalarining bandligini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Turistik yig‘im ham soliqmi? DSQ izoh beradi
Davlat soliq qo‘mitasining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ayrim OAV va blogerlar tomonidan yig‘im va soliq tushunchasi yanglish talqin qilinmoqda.
«Soliq kodeksi bo‘yicha yig‘im va soliq tushunchalarining farqi shundaki, yig‘im ma'lum bir majburiy to‘lov evaziga uni to‘lovchiga muayyan huquqlarni, harakatlarni yoki ruxsat etuvchi hujjatlarni berishni nazarda tutsa, soliq esa aksincha, majburiy beg‘araz to‘lov hisoblanib, bunda soliqni to‘lovchi shaxsga yig‘im singari ma'lum bir huquqlarni taqdim etmaydi va soliqlar faqat Soliq kodeksi bilan belgilanadi», – deyiladi qo‘mita izohida.
Turistik yig‘im undirilishi mahalliy tadbirkorlar uchun nimani anglatadi? Kun.uz turizm biznesi bilan shug‘ullanadigan ayrim tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.
«Turon travel» kompaniyasi ta'sischisi, tadbirkor Abdurasul Abduhalilovning fikriga ko‘ra, fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan turistik yig‘im undirilishi maqsadga muvofiq emas.
«Avvalo, turistik yig‘im nimaligini bilishimiz lozim, bu – turistlardan O‘zbekistonda ichki turizmni rivojlantirish va mamlakatni xorijda reklama qilish uchun sarflanadigan mablag‘lar uchun yig‘iladigan yig‘im hisoblanadi. «O‘zbekturizm» qo‘mitasi xalqdan turistik yig‘im yig‘ib O‘zbekistonni xorijda reklama qiladi. Ichki turizmni rivojlantirish uchun davlat ichki turistik obektlarni reklama qilishi shart emas. Turistik yig‘im juda kichik summa bo‘lgan taqdirda ham u maqsadga muvofiq emas. Sababi, O‘zbekistondagi tadbirkorlar, mehmonxona, muzey egalari ichki turizm uchun reklamani o‘zi tashkil qiladi, chunki bu tijorat, biznesning marketing qismi», – dedi u.














