O‘zbekiston | 07:43 / 15.02.2020
21329
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'limda mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar soni 2 barobar qisqartiriladi

Harakatlar strategiyasini “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi e'lon qilindi.

Foto: lolakarimova.com

Loyihaga ko‘ra, 2020 yil 1 iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarori loyihasi va amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Bunda:

  • oliy ta'lim standartlarini xorijiy tajriba asosida takomillashtirish;
  • ta'lim yo‘nalishlari va o‘qitiladigan fanlarni qayta ko‘rib chiqish;
  • mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar sonini 2 barobar qisqartirish;
  • kredit-modul tizimini joriy qilish tartibini ishlab chiqish;
  • talabalar bilimini baholashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish;
  • fan dasturlari va o‘quv rejalarini takomillashtirish;
  • professor-o‘qituvchilar faoliyatini yangi tizimga muvofiqlashtirish;
  • o‘zini-o‘zi moliyalashga o‘tgan oliy ta'lim muassasalarining moliyaviy mustaqilligini ta'minlash maqsadida ularning huquqiy maqomi va budjet tashkilotidan farqini aniq belgilash, shu jumladan, ularga oliy ta'lim muassasasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini mustaqil sarflash va o‘z balansidagi mol-mulkni mustaqil tasarruf qilish, xususan, mol-mulkini ijaraga berish va kelgan tushumlarni to‘lig‘icha o‘zida qoldirish tartibini joriy qilish;
  • budjet tashkilotlariga nisbatan belgilangan cheklovlar o‘zini-o‘zi moliyalashga o‘tgan oliy ta'lim muassasalariga tatbiq etilmasligini belgilash;
  • Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda oliy ta'lim muassasalari o‘rtasidagi munosabatlar chegarasini aniq ko‘rsatish;
  • vazirlik sohada regulyator sifatida barcha oliy ta'lim muassasalari uchun bir xil siyosat yuritishi, umumiy talablarni qo‘ygan holda ularning ta'lim mazmuni va usuli borasidagi faoliyatiga aralashmasligi nazarda tutiladi.

Mas'ullar - Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, tasarrufida oliy ta'lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida oliy ta'limdagi mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar soni 2 barobar qisqartirilishini aytgan edi. Hozir OTMlardagi o‘quv rejalari va dasturlarida ixtisoslikka xos bo‘lmagan fanlar ulushi 18 foizga teng.

O‘z navbatida, oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inom Majidov ham OTMda o‘qitilayotgan nomutaxassislik fanlari qisqartirilishi masalasiga munosabat bildirdi.

Mavzuga oid