Imtihonga ertaroq kelib oldim va o‘zimcha nimalarnidir takrorlardim. Chet tilidan savollarga javob bersam, o‘qishga kiraman, nisbatan kam ball beruvchi tarixni ham «yumaloq-yostiq»​ qilib olsak, davlat granti nasib etib turibdi-da!

Faqat Qo‘sh madrasa majmuasidagi binolarning qurilish yillariga kelganda xotira pand bermasa bas.  Men-ku imtihondan o‘tdim, o‘qishga ham kirdim. XVII – XVIII asrlarda hukm surgan ashtarxoniylar sulolasining beshinchi vakili Abdulazizxon (1614 – 1681) buyrug‘iga asosan 1652 yilda qurilgan madrasa (yodlab olganimni qarang!) tarixini bilib, uning o‘zi bilan yaqindan tanish emasdim. Mirzo Ulug‘bek madrasasi bilan qarama-qarshi joylashganligi uchun Qo‘sh madrasa, deya yuritiladigan bu majmuaning ahvoli rasmlarda ko‘rsatishganidan ancha boshqacharoq ekan. Bundan ko‘pchilikning xabari bo‘lmasa ham kerak.

Bugungi kunda madrasa hovlisida sayyohlar uchun milliy musiqa va folklor tomoshalari ko‘rsatiladi. Shimoliy-sharqiy burchagidagi miyonsaroyda esa Buxoro yog‘och o‘ymakorligi namunalaridan iborat ko‘rgazma tashkil etilgan.

1997 yilda Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan shahardagi barcha me'moriy inshootlar qatorida Abdulazizxon madrasasi ham qayta ta'mirdan chiqqan. YuNESKO tashkilotining Butunjahon madaniy yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan.

«Bir qancha vaqt ilgari madrasaning yon tomonlarini buzib, qayta tiklamoqchi bo‘lishdi. Lekin ish yarim yo‘lda qolib ketdi. Loyiha hali puxta ishlanmagan ekan, deyishdi»​, –​ deydi inshoot yaqinida savdo qiluvchilar. (Hoynahoy, erta-indin madrasa dumalab tushib, savdoning beliga tepmasaydi, deb xavotirlanishyapti).

Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish inspeksiyasi Buxoro viloyat boshqarmasidan so‘raganimizda esa madrasaning joriy holati o‘rganilayotganligi, tadqiqot ishlari tugatilgach, tez orada loyiha ishlab chiqilishi va rekonstruksiya qilinishi haqidagi gaplarni eshitdik. Madrasa nega hozirgi ahvoliga kelib qoldi-yu rekonstruksiya muddati aynan qachonligi haqida sir boy berishmadi. Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev mashvaratlardan birida «Madaniy meros inspeksiyasining faoliyati qoniqarli emas»​, deb bekorga jon koyitmagan ekan.