O‘zbekiston | 02:05 / 07.08.2018
8749
6 daqiqa o‘qiladi

Advokatlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi muammo va tushunmovchiliklar bartaraf etiladi

Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning bevosita tashabbuslari bilan hozirgi kunda 2017—2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning harakatlar strategiyasidagi bir qator yo‘nalishlarda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish uchun izchil harakatlar olib borilmoqda.

Harakatlar strategiyasining ikkinchi yo‘nalishida ko‘rsatib o‘tilgan — sud-huquq sohasini isloh qilishda sudlarning mustaqilligini ta'minlash bilan bir qatorda, sud jarayonlarida davlat qoralovchisi va advokatlarning tengligini ta'minlash bo‘yicha ham davlatimiz rahbarining 2018 yil 12 may kungi «O‘zbekiston Respublikasi Sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni e'lon qilindi.

Samarqand shahrida prezidentimizning mazkur farmoni ijrosiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Qayd etib o‘tish joizki, mazkur farmonda advokatlarning bir qator vakolatlarini kengaytirish va ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlarining izchil oldini olish qat'iyatlik bilan belgilab qo‘yildi.

 Albatta, mazkur farmonning ijrosini ta'minlash bo‘yicha hukumatning bir qator qarorlari va ayrim qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish taqozo etilmoqda. Mana shunday o‘zgarishlarni izchillik bilan kiritib borish, amaliyotda ro‘y berayotgan bugungi yangiliklarni milliy qonunchiligimizda mustahkamlab qo‘yish bo‘yicha advokatlarimiz o‘zlarining taklif va mulohazalarini berib borishmoqda.

Bugungi kunda advokatura institutini isloh qilish bilan bir qatorda, ularga yuklatilgan mas'uliyatni oshirish, ya'ni malakali yuristlarni yetishtirib berish, yuristlarimizning bilim va mahoratini oshirish, yuridik va jimsoniy shaxslarni Konstitutsiyamizda ko‘rsatib qo‘yilgan qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan ko‘pgina ishlar amalga oshirilishi kerak bo‘ladi.

—  Bugungi kunda viloyatimizda 70 ta advokatlik tuzilmasi faoliyat ko‘rsatmoqda, — deydi KUN.UZ bilan suhbatda Advokatlar palatasi Samarqanda viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Otabek Axtamov. — Ularda ishlayotgan 364 nafar advokat tomonidan joriy yilning 6 oyi davomida 78 ta bepul yuridik yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, 12 mingdan ziyod yuridik yordam ko‘rsatish shartnomalari tuzildi, mingdan ortiq shaxslarga lokal yuridik hujjatlarni tayyorlashda amaliy yordam berildi. Bundan keyingi targ‘ibot tadbirlarimizni o‘tkazishda qator tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikka kelishdik.

O.Axtamovga ko‘ra, Advokatlar palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan prezident farmoni ijrosini ta'minlash uchun viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda hududlarda kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan bir talay ishlar amalga oshirilgan.

O‘zaro hamkorlik natijasida bugungi kunda Samarqand viloyat sudlarining barcha binolarida advokatlik xonalari tashkil etildi. Ularni tegishli tartibda jihozlash hamda zarur adabiyotlar bilan ta'minlab berish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Farmonda shu bilan bir qatorda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan advokatura yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish: advokatlarning sudlarga kirishi, surishtiruv va dastlabki tergov organlarining binolariga kirib chiqishi, tergov hibsxonalariga yoki jazoni ijro etish muassasalariga kirib chiqish bilan bog‘liq ehtiyojlarni qondirish borasida ham ishlarni amalga oshirish ham nazarda tutilgan.

— Eng asosiysi — bugungi kunda Samarqand viloyati advokatlari prezidentimizning «inson manfaatlari har narsadan ulug‘», degan fikrini o‘zlariga shior qlib olishgan. Mana shundan kelib chiqib, yuridik va jismoniy shaxslarning Konstitutsiyamizda ko‘rsatib o‘tilgan huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida ishlarni kuchaytirish tomon jiddiy harakat boshlangan, — dedi O.Axtamov

Advokatura institutini rivojlantirish sari qadam sifatida Samarqand viloyat advokatlarining tashabbus va takliflarini inobatga olgan holda bir qator huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi. Advokatlar yakdillik bilan advokatlik ko‘krak nishonini ta'sis etishdi. Bularning barchasi adliya boshqarmasi bilan kelishilgan holda, ularning fikr va tavsiyalarini inobatga olib amalga oshirilmoqda. Muhokama natijasida vujudga kelgan ko‘krak nishoni advokatura obro‘sini qayerda bo‘lishidan qat'i nazar, ko‘tarish uchun xizmat qiladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi tomonidan o‘tkazilgan «2017 yilning eng yaxshi advokati va eng yaxshi advokatlik tuzilmasi» tanlovida viloyatning «SHAFQAT» advokatlik firmasi birinchi va Samarqand shahri «HUSENOV K.M» advokatlar hay'ati ikkinchi darajali diplom bilan taqdirlangani e'tirof etildi.

Advokatlar palatasi viloyat huddiy boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda viloyat adliya boshqarmasi, jinoyat, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi, iqtisodiy hamda ma'muriy sudlar, prokuratura, soliq boshqarmasi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi, O‘zLiDeP va «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi vakillari hamda advokatlar ishtirok etishdi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar va OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob berildi.

Sh.Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid