O‘zbekiston | 12:25 / 28.07.2017
42203
4 daqiqa o‘qiladi

Yuridik universitet rektori: “Bu yilgi imtihonlarni internet orqali onlayn kuzatib borish mumkin”

Foto: "Kun"

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonning barcha sohalarida tub o‘zgarishlar amalga oshayotgani sir emas. Davlat rahbari boshchiligida boshlangan bu islohotlar zamirida davlatni yanada kuchli va qudratli qilish manfaati yotadi. Buning uchun tabiiyki, har bir sohada yetuk kadrlar, o‘z sohasining bilimdonlari talab etiladi. Shu bois oliy o‘quv yurtlariga imtihon topshirish jarayonlari ham islohotlar bilan hamohang tarzda o‘zgarmoqda. Kun.uz O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori, yuridik fanlari nomzodi Yesemurat Kanyazov bilan Toshkent davlat yuridik universitetiga imtihon topshirish jarayoni va uning shaffofligi yuzasidan suhbat uyushtirdi.

“Bu yil Toshkent davlat yuridik universiteti uchun juda katta voqea yuz berishi kutilmoqda. Biz universitet imtihon jarayoniga yangi bir tizim qo‘llayapmiz. Ilgari universitetga kirish imtihonlari maktablarda, bitta auditoriyada o‘tkazilar edi. Bu xonalarda 30 kishigacha odam o‘tirardi. Bunday holatda o‘ziga xos kamchiliklar ko‘zga tashlanardi, shaffoflikni ta'minlashga ancha qiyinchiliklarga uchralar edi. Bundan tashqari, imkoniyatlarimiz cheklangani uchun bitta partada ikkita abituriyent o‘tirardi. Bu esa, o‘z navbatida, har-xil qonun buzish, ko‘chirmakashlik singari holatlarning kelib chiqishiga sababchi bo‘lardi”, - dedi Yesemurat Kanyazov.

Rektorning ta'kidlashicha, bu yil yuridik universitetga kirish imtihonlari “O‘zekspomarkaz”ning to‘rtta pavilonida bo‘lib o‘tadi. Har bir pavilon 1000 nafardan 1500 nafarga yaqin abituriyentga mo‘ljallangan.

“Bunday pavilonlarda imtihon olish jarayonida hech qanday qonun buzilishiga imkon qolmaydi. Bundan tashqari, ushbu pavilonlarda kameralar o‘rnatilgan bo‘lib, internet orqali mazkur imtihonlarni onlayn kuzatib borish imkoniyati taqdim etiladi. Imtihonlarni televidiniye orqali ham efirga uzatish ham rejalashtirilgan. Ota-onalar imtihon jarayonini “O‘zekspomarkaz”da o‘rnatilgan katta monitorda yoki uydami, istalgan joydami internet yoki televidiniye orqali ham kuzatishlari mumkin bo‘ladi”, dedi Yesemurat Kanyazov. 

Suhbatdoshimiz bergan ma'lumotga ko‘ra, yuridik universitetga kirish imtihonlarini kuzatish uchun prokuratura organi xodimlari ham jalb etilgan.

Rektorning bizga ma'lum qilishicha, imtihonga telefon, shpargalka va boshqa noqonuniy buyumlar olib kirgan abituriyentlar guvohlar yordamida dalolatnoma tuzilib, imtihondan chiqarib yuboriladi. Bu aniq bo‘lgan holat. Shu bois abituriyentlarni ogohlantirish maqsadida turli bannerlar osib qo‘yiladi va imtihonga kirish oldidan ham har bir abituriyentga ana shunday ogohlantirishlar yozilgan blankalar taqdim etiladi. 

Eslatib o‘tamiz: bu yil oliy o‘quv yurtlariga topshiriladigan imtihonlardagi yana bir yangilik shundan iborat bo‘ldiki, abituriyent test imtihonlari o‘tayotgan binoni soat 12 dan avval tark etishi mumkin emas. Aniqlanishicha, o‘tgan yillarda kimdir oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirib, imtihon kuni abituriyentlarning test savollarini suratga tushirib, auditoriyani shu ondayoq tark etib, fotoapparat yoki telefon xotira kartasini uni kutib turganlarga topshirgan. O‘sha «kimdir» test savollarini yechib (yoki yechtirib), to‘g‘ri javob variantlarini auditoriyada kutayotgan abituriyentlarga yetkazib turgan.

Ma'lumot o‘rnida: Toshkent davlat yuridik universitetiga kirish imtihonlari Kun.uz sayti orqali onlayn uzatib boriladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Mavzuga oid