Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
442 mln so‘mlik yagona soliqni to‘lashdan bo‘yin tovlagan tadbirkor fosh etildi
Ilyos Shomatov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2016 yil 8 yanvardan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Sarfir invest klass” MChJ rahbari. U “Xalq iste'moli mollarini olish va sotishga vositachilik qilish” faoliyati uchun guvohnoma olgan bo‘lib, ulgurji savdo bilan shug‘ullanishga vakolati yo‘q edi. Ammo mulkiy naf ko‘rish, yaxshigina foyda olish istagi ustun keldi. Shu bois, “Asaka bank” Namangan filialida ochilgan asosiy hisob raqami orqali 2016 yil 17 martdan 15 mayga qadar 132 mln. 735 ming so‘m, “Universalbank” Farg‘ona filialidagi ikkilamchi hisob raqami orqali 132 mln. so‘m, “Agrobank” Dang‘ara filialidagi ikkilamchi hisob raqami orqali 7 mlrd. 520 mln. 859 ming so‘m, jami 7 mlrd. 785 mln. 595 ming so‘m debit va kredit aylanmasini amalga oshirdi va MChJ ustavida ko‘rsatilmagan ulgurji savdo faoliyati bilan shug‘ullandi. Aslida u avval ham savdo qoidalarini buzgan, amaldagi qonun me'yorlarini mensimagani sababli bir necha marta sudlangan bo‘lib, bundan xulosa chiqarib olmagan ekan, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
Bundan tashqari, I.Shomatov rahbar sifatida jamiyatning ulgurji savdo faoliyati bo‘yicha Namangan shahar DSIga 2016 yil 1-chorak hisobotlarini taqdim etmay, ushbu davr mobaynida hisob raqami orqali 6 mlrd. 857 mln. 644 ming so‘m tovar aylanmasini, shuningdek, pul ko‘chirish yo‘li bilan sotib olingan mahsulotlarni qayta sotishdan kelib tushgan 1 mlrd. 984 mln. 480 ming so‘m naqd pulni hisobotdan yashirdi. Bu bilan davlat byudjyetiga hisoblanishi va to‘lanishi lozim bo‘lgan 442 mln. 106 ming so‘m yagona soliqni to‘lashdan bo‘yin tovladi.
Shuningdek, I.Shomatov bank muassasalari orqali 7 mlrd. 785 mln. 595 ming so‘m bank aylanmasini amalga oshirib, pul ko‘chirish yo‘li bilan sotib olingan 1 mlrd. 984 mln. 480 ming so‘mlik mahsulotlarni naqd pulga sotib yubordi. Savdodan tushgan pullarni esa na nazorat-kassa mashinasiga kirim qildi va na bank muassasasiga topshirdi. Qolaversa, savdo qoidalarini juda ko‘p miqdorda buzgani yetmaganidek, jinoyatlarini yashirish maqsadida jamiyat faoliyati bilan bog‘liq hujjatlarni qasddan nobud qildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar I.Shomatovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgach, u ulgurji savdo faoliyati bilan shug‘ullanish uchun maxsus litsenziyasi bo‘lmasa-da, 6 mlrd. 857 mln. 644 ming so‘mlik ulgurji savdoni amalga oshirgani ham ma'lum bo‘ldi. I.Shomatov bu kirdikorini yashirish, go‘yoki jamiyat vositachilik faoliyati bilan shug‘ullanib kelganini ko‘rsatish maqsadida xaridor korxonalarga ulgurji tartibda yetkazib berilgan mahsulotlar uchun rasmiylashtirilgan birlamchi hujjatlarni 222 ta holatda soxtalashtirdi hamda xaridor korxonalar muhrlarini, shuningdek, mahsulotni qabul qilib olgan shaxslarning imzolarini qalbakilashtirishga erishdi.
Niyati egri bo‘lgan inson unga yeta olmaganidek, tadbirkorlik niqobi ostida faqat boylik orttirishni ko‘zlagan I.Shomatov sud hukmi bilan 4 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, davlat byudjyetiga yetkazilgan moddiy zarar ham undan undiriladigan bo‘ldi.
Mavzuga oid
11:10 / 16.01.2026
Namanganda tezkor tadbirlarda qariyb 21 kg “gashish” muomaladan olindi
08:27 / 25.12.2025
Namanganda ko‘mir ombori rahbari lavozimiga tayinlash uchun 40 ming talab qilgan shaxslar ushlandi
08:22 / 05.12.2025
Farg‘ona va Namanganda yer uchun pora olgan hokim yordamchilari ushlandi
14:29 / 02.12.2025