Jamiyat | 11:10 / 16.01.2026
1956
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda tezkor tadbirlarda qariyb 21 kg “gashish” muomaladan olindi

Davlat xavfsizlik xizmati, Chegara qo‘shinlari va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Namangan viloyati hududida o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasi yaqinida hamda Yangi Namangan tumanida giyohvandlik moddalari bilan bog‘liq ikki holat aniqlanib, gumonlanuvchilar ushlandi.

Foto: DXX

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Chegara qo‘shinlari va viloyat IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Birinchi holatda Andijon shahrida yashovchi, 1985 va 1989 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasining Namangan viloyati Uychi tumani “Yangiyer” MFY hududidan o‘tuvchi qismida harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatib tekshirilgan. Tekshiruv natijasida ularning yuk sumkasi ichida 19 kg 169 g “gashish” moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, tezkor tadbir davomida narkotikni olib ketishga ko‘maklashish maqsadida kelgan, 1990 yilda tug‘ilgan hamshahari ham ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruvda qonunbuzarlar qirg‘izistonlik narkosavdogar bilan til biriktirib, giyohvandlik moddasini kelgusida sotish maqsadida O‘zbekiston hududiga kontrabanda qilgani ma’lum bo‘lgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi hamda 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ikkinchi holatda esa DXX va IIO xodimlari tomonidan o‘tkazilgan boshqa tezkor tadbirda Yangi Namangan tumanida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan ayol 1 kg 953 g “gashish” moddasini qabul qilib olgan vaqtida ushlangan. Ma’lum qilinishicha, u moddani shaxsi hozircha aniqlanmayotgan fuqarodan 200 mln so‘mga sotib olishga kelishgan bo‘lib, giyohvandlik vositasi Marg‘ilon shahridan yo‘lovchi mashinada matolar orasiga yashirilgan holda yuborilgan.

Mazkur holat yuzasidan ham ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid