Jahon | 16:40 / 09.10.2025
4161
6 daqiqa o‘qiladi

Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti vengriyalik yozuvchiga berildi

Vengriyalik yozuvchi Laslo Krasnaxorkai adabiyot bo‘yicha 2025 yilgi Nobel mukofoti laureati bo‘ldi. Mukofot uning «qiyomat dahshati sharoitida san’atning kuchini yana bir bor tasdiqlagan ishonchli ijodi uchun» berildi, deyiladi Nobel qo‘mitasi press-relizida.

Foto: Leo Neumayr / AFP / Scanpix / LETA

Laslo Krasnaxorkai – Kafka va Tomas Bernhardga borib taqaladigan Markaziy Yevropa an’analariga mansub buyuk epik yozuvchi hamda absurdlik va groteskli haddan oshish bilan tavsiflanadi. Ammo uning boshqa iste’dodlari ham bor: u Sharqqa ham murojaat qiladi, ko‘proq mulohazali, nozik ohangga ega, deya ta’kidlaydi Nobel qo‘mitasi.

Laslo Krasnaxorkai 1954 yilda Vengriya janubi-sharqida, Ruminiya bilan chegara yaqinida joylashgan Dyula shaharchasida dunyoga kelgan. Krasnaxorkaining 1985 yilda chop etilgan va Vengriya adabiyotida shov-shuv ko‘targan hamda muallifning ijodiy parvoziga sabab bo‘lgan «Shayton tango»si nomli birinchi romanida ham shunday chekka hudud hayoti tasvirlangandi. Roman asosida rejissyor Beloy Tarr yetti soatlik film ishlagan, u bilan Krasnaxorkai anchadan buyon ijodiy sohada hamkorlik qilib keladi.

2015 yilda Krasnoxarkai oltinchi xalqaro Buker mukofoti bilan taqdirlanadi. O‘shanda hakamlar uning asarlaridagi g‘ayrioddiy intensivlik hamda til diapazonini e’tirof etishgan.

Laslo Krasnaxorkaining boshqa kitoblari qatorida «Qarshilik melanxoliyasi» (1989), «Urush va urush» (1999) hamda «Si-van-mu oramizda» (2008) kabilarni keltirish mumkin.

Krasnaxorkaining karerasiga sayohatlar ham, til ham ta’sir ko‘rsatgan. U birinchi marta 1987 yilda kommunistik Vengriyani tark etib, stipendiya asosida bir yil G‘arbiy Berlinda yashaydi, keyinchalik Sharqiy Osiyoda, ayniqsa Mo‘g‘uliston va Xitoyda «Urgining mahbusi» va «Osmon ostidagi vayronagarchilik va qayg‘u» kabi asarlari uchun ilhom oldi.

«Urush va urush» kitobi ustida ishlayotganda u Yevropa bo‘ylab ko‘p sayohat qilgan, shuningdek, birmuncha vaqt Allen Ginzbergning Nyu Yorkdagi kvartirasida yashagan, keyinchalik u afsonaviy bitnik shoirning qo‘llab-quvvatlovi romanni yakunlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lganini aytgandi.

Bungacha 6 oktyabr kuni fiziologiya va tibbiyot, 7 oktyabr kuni fizika, 8 oktyabr kuni kimyo bo‘yicha mukofotlar egalari e’lon qilingandi. 

10 oktyabr kuni tinchlik bo‘yicha mukofot laureati e’lon qilinadi, iqtisodiy fanlar bo‘yicha mukofot egalari 13 oktyabr kuni ma’lum bo‘ladi. Laureatlarni taqdirlash marosimi 10 dekabr kuni Stokholmda bo‘lib o‘tadi.

Adabiyot bo‘yicha mukofot tarixi

Fizika, kimyo va tibbiyot bilan ozmi-ko‘pmi tushunarli bo‘lsa-da, adabiyot baribir fan emas va uni obektiv mezonlarning qat’iy doirasiga sig‘dirish qiyin.

Shvetsiya akademiyasi o‘z tanlovida nafaqat Nobel jamg‘armasi nizomining umumiy qoidalari (mukofotga taqdim etilgan asar butun insoniyatga maksimal foyda keltirishi kerak), balki Nobelning adabiy asar bu foydani «idealistik yo‘nalishda» taqdim etishi kerakligi haqidagi alohida fikri bilan ham bog‘liq.

Ikkala mezon ham ancha noaniq, ayniqsa ikkinchisi ko‘plab munozaralarga sabab bo‘ladi. Nobel idealizm deganda aynan nimani nazarda tutgan? Nobel vasiyatnomasi Shvetsiya akademiyasi tomonidan qanday talqin qilinganini kuzatish juda qiyin, chunki jamg‘arma nizomiga ko‘ra, barcha hujjatlar va yozishmalar 50 yil davomida sir saqlanishi kerak.

Vasiyatnomaning zamonaviy talqini, baribir, Nobel idealizm deganda adabiyotdagi idealistik yo‘nalishni emas, balki uni ajoyib qiladigan asarning mukammal ijrosi, tili va uslubini nazarda tutgan degan nuqtayi nazarga amal qiladi.

1901 yildan beri adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti 117 marta berilgan, 121 kishi unga sazovor bo‘lgan. To‘rt marta bir vaqtning o‘zida bir necha laureatga topshirilgan. Sovrindorlardan 18 nafari ayollar.

Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotining eng yosh laureati Redyard Kipling bo‘lib, u 1907 yilda 41 yoshida mukofotga sazovor bo‘lgan. Eng keksa yoshlisi – Doris Lessing, 2007 yilda laureat bo‘lganida 87 yoshda edi.

Yetti marta mukofot hech kimga topshirilmagan: 1914, 1918, 1935, 1940, 1941, 1942 va 1943 yillarda.

Ikki kishi mukofotdan bosh tortgan: Boris Pasternak 1958 yilda mukofotni dastlab qabul qiladi, ammo keyinchalik Sovet Ittifoqi hukumatining bosimi ostida undan voz kechadi; 1964 yilda esa Jan-Pol Sartr mukofotdan bosh tortgan, chunki u barcha rasmiy mukofotlardan doimiy ravishda voz kechgandi.

O‘tgan yillardagi laureatlar

2024: Xan Gan (Janubiy Koreya)

2023: Yun Fosse (Norvegiya)

2022: Anni Erno (Fransiya)

2021: Abdulrazzoq Gurna (Tanzaniya)

2020: Luiza Glyuk (AQSh)

2019: Peter Handke (Avstriya)

2018: Olga Tokarchuk (Polsha)

2017: Kadzuo Isiguro (Buyuk Britaniya)

2016: Bob Dilan (AQSh)

2015: Svetlana Aleksiyevich (Belarus)

2014: Patrik Modiano (Fransiya)

2013: Elis Manro (Kanada)

2012: Mo Yan (Xitoy)

2011: Tomas Transtremer (Shvetsiya)

2010: Mario Vargas Losa (Peru)

2009: Gerta Myuller (Germaniya)

2008: Jan-Mari Le Klezio (Fransiya)

2007: Doris Lessing (Buyuk Britaniya)

2006: Orxan Pamuq (Turkiya)

Mavzuga oid