12:56 / 18.07.2017
10012

Yo‘l belgilari nur qaytaruvchi qoplamali belgilarga almashtiriladi

Prezidentning 11 iyuldagi «Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida yo‘llarni saqlash va ularning yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatkichlari, yo‘l harakatini tartibga solishning boshqa texnik vositalari bilan jihozlash bo‘yicha o‘rnatilgan talablarga so‘zsiz rioya etilishini ta'minlashga ham alohida e'tibor qaratilgan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston IIV sayti.

Yo‘l belgilari va yo‘l chiziqlari, avvalo, harakat ishtirokchilariga aniq ma'lumotlar berib, ularning xavfsiz harakatlanishini ta'minlaydi. 

Belgilarning aniq va ko‘rinarli tarzda joylashishi, ularni nur qaytaruvchi maxsus qoplamalardan foydalanilgan holda tayyorlanishi harakatlanish xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirib, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladi.

Ta'kidlash lozimki, qaror bilan Ichki ishlar vazirligi va Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining «Uzavtoyo‘lbelgi» davlat unitar korxonasini tashkil etish hamda tegishli normativ hujjatlar talablariga muvofiq yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatkichlari, yo‘l harakatini tartibga solishning boshqa texnik vositalarini ishlab chiqarishni uning asosiy vazifasi etib belgilash haqidagi taklifi ma'qullandi.

«Uzavtoyo‘lbelgi» davlat unitar korxonasining ta'sischisi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi hisoblanadi. Ushbu qo‘mita qisqa muddatlarda korxona faoliyatini tashkil etish tartibini belgilovchi hujjatni, Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda o‘rnatilgan yo‘l belgilarini xatlovdan o‘tkazish, ularni zamonaviy yuqori intensiv (nur qaytaruvchi) qoplamali yo‘l belgilariga almashtirish, shuningdek, uzoq muddat foydalaniladigan barqaror yo‘l chiziqlarini chizish uchun maxsus texnika va asbob-uskunalar sotib olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqadi. 

Bundan tashqari, xalqaro va davlat ahamiyatiga molik yo‘llar uchun 900 mm, boshqa yo‘llar uchun 700 mm o‘lchamdagi metall korpusli yuqori intensiv (nur qaytaruvchi) qoplamali yo‘l belgilarini ishlab chiqarish hamda ularning aniq ko‘rinishi imkoniyatini beruvchi konstruksiyalarga mustahkamlashni nazarda tutgan holda yo‘l harakati sohasida standartlashtirish bo‘yicha yangilangan normativ hujjatlar tayyorlanadi. 

Top