Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Chegaralarni kuch bilan o‘zgartirib bo‘lmaydi» – Yevropa yetakchilari Kiyevni qo‘llab-quvvatladi
Ukrainaning kelajagi bo‘yicha muzokaralar uning ishtirokisiz o‘tkazilishiga va tinchlik sharti sifatida Rossiyaga hududiy yon berishlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Yevropa davlatlari rahbarlari shanba kuni Ukraina rahbariyati bilan muzokaralar va maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha shunday qo‘shma bayonot bilan chiqishdi.
Foto: Lina Selg - Pool/Getty Images
Bu bayonot 15 avgust kuni AQShda Vladimir Putin bilan uchrashib, Ukrainadagi urushni yakunlash istiqbollarini muhokama qilishni rejalashtirayotgan AQSh prezidenti Donald Trampga javob sifatida yangradi. Bir kun oldin Tramp buning uchun Moskva va Kiyev «hududlar almashinuvi»ni amalga oshirishi kerakligini aytgandi.
Yevropa davlatlari yetakchilari va Yevrokomissiya rahbari 15 avgust kuni Alyaskada bo‘lib o‘tadigan AQSh va Rossiya prezidentlari uchrashuvi arafasida Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilarining umumiy pozitsiyasini e’lon qilib, qo‘shma bayonot berdi.
Kommyunike shanba kuni kechqurun, Donald Tramp Ukraina bilan urushni tugatish istiqbollarini muhokama qilish uchun Vladimir Putin bilan uchrashuv joyi va sanasini e’lon qilganidan bir kun o‘tib e’lon qilindi. Trampning versiyasiga ko‘ra, sulh tuzilishi uchun, xususan, Moskva va Kiyev o‘rtasida «hududlar almashinuvi» talab etiladi.
Tramp o‘shanda nimani nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmagan, biroq Wall Street Journal nashrining Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoffning 6 avgust kuni Moskvada Putin bilan muzokaralari natijalaridan xabardor bo‘lgan manbalari jurnalistlarga Putin go‘yoki Ukraina Donetsk va Luhansk oblastlaridan voz kechishi evaziga sulh tuzishga tayyorligini aytishgan.
Shanba kuni ittifoqchilar bir-birlari va Kiyev bilan umumiy pozitsiyani muhokama qilishdi. Zelenskiy Yevropa davlatlari rahbarlari bilan bir necha bor telefon orqali muloqot qilganini ma’lum qildi. Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak va Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov Buyuk Britaniyaga uchib bordi, u yerda tashqi ishlar vaziri Devid Lemmining shahar tashqarisidagi qarorgohida AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens hamda Yevropa davlatlari rahbarlarining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Yevropadagilar prezident Trampning Rossiyaning Ukrainadagi agressiv urushini to‘xtatish va adolatli tinchlikka erishish borasidagi sa’y-harakatlarini olqishlaydi, deyiladi Fransiya, Finlandiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya va Polsha yetakchilari hamda Yevrokomissiya rahbarining qo‘shma bayonotida.
«Biz bu ishni diplomatik sa’y-harakatlar bilan qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, Ukrainaga, jumladan, „Ko‘ngillilar koalitsiyasi“ orqali muhim harbiy va moliyaviy yordamimizni davom ettirishga tayyormiz», – deyiladi bayonotda.
Ammo «muhim muzokaralar faqat o‘t ochishni to‘xtatish yoki harbiy harakatlarni qisqartirish sharoitida o‘tkazilishi mumkin», «tinchlik sari yo‘l Ukrainaning ishtirokisiz belgilanmaydi», «xalqaro miqyosda tan olingan chegaralarni kuch bilan o‘zgartirish mumkin emas», deya ilgari e’lon qilingan pozitsiyani bir necha bor takrorlagan kommyunike mualliflari.
Shanba kuni ertalab Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham bu haqda ma’lum qildi. U Ukrainaning o‘zini bunday muzokaralarda ishtirok etmasdan turib, uning kelajagini muhokama qilish mumkin emas deb hisoblashini takrorladi va Kiyev Rossiya bilan har qanday hudud almashinuviga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblashini bildirdi.
«Hududiy masalaga javob allaqachon Ukraina Konstitutsiyasida bor. Bundan hech kim chekinmaydi va chekinolmaydi ham. Ukrainlar o‘z yerlarini bosqinchiga sovg‘a qilmaydi», – dedi Zelenskiy ertalabki murojaatida.
«Ukraina dunyo berishi mumkin bo‘lgan real yechimlarga tayyor. Bizga qarshi bo‘lgan har qanday qarorlar, Ukrainasiz bo‘lgan har qanday qarorlar – bu bir vaqtning o‘zida tinchlikka qarshi qarorlardir. Ular hech narsa berishmaydi. Bu o‘lik qarorlar, ular hech qachon ishlamaydi», – deb yozgan Zelenskiy va «real tinchlik uchun» Tramp va boshqa hamkorlar bilan ishlashga tayyorligini qo‘shimcha qilgan.
Shanba kungi muzokaralar yakunida u ularni konstruktiv deb atadi. «Bizning signallarimiz uzatildi. Bizning dalillarimiz eshitilmoqda. Xavflar hisobga olinmoqda», – dedi Zelenskiy.
Qo‘shma bayonot e’lon qilinishidan oldinroq Wall Street Journal gazetasi ham muzokaralarga yaqin bo‘lgan manbalar xabarlariga asoslanib, Yevropadagi ittifoqchilarning pozitsiyasini e’lon qildi.
Bu versiyaga ko‘ra, Yevropa davlatlari va Ukraina har qanday hududlar almashinuvidan oldin o‘t ochishni to‘xtatishni talab qiladi va bu almashinuvlarning o‘zi, agar ular amalga oshsa, o‘zaro (birga bir) bo‘lishi kerak: agar Ukraina Rossiyaga ba’zi hududlarni bersa, u Rossiyadan boshqalarini olishi kerak. Ba’zi manbalar aniqroq qilib aytdi: agar Ukraina Donetsk oblastini tark etadigan bo‘lsa, buning evaziga Rossiya qo‘shinlari Zaporijjya va Xersondan chiqib ketishi kerak bo‘ladi.
Ushbu nuqtayi nazar AQSh vitse-prezidenti Vens, davlat kotibi Marko Rubio va maxsus vakillar Stiv Uitkoff hamda Kit Kellogga taqdim etildi, deb yozadi gazeta. «Kiyevning har qanday hududiy yon berishi xavfsizlikning temir kafolatlari, jumladan, Ukrainaning NATOga ehtimoliy a’zoligi bilan bog‘liq bo‘lishi kerak», – deya xulosa qilinadi Wall Street Journal materialida.
Sammit ikkitomonlamami yoki uchtomonlama?
Shanba kuni Amerikaning bir nechta ommaviy axborot vositalari Oq uydagi manbalariga tayanib, Tramp ma’muriyati 15 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan AQSh va Rossiya prezidentlari uchrashuviga Zelenskiy ham taklif etilishini istisno qilmayotgani, biroq uning qanday formatda ishtirok etishi noma’lumligi haqida xabar berdi.
Yakshanbaga o‘tar kechasi Washington Post va Reuters nashrlarining Oq uydagi suhbatdoshlari Tramp bir vaqtning o‘zida Putin va Zelenskiy bilan uchrashuvda ishtirok etishga qarshi emasligiga qaramay, yaqin orada faqat Rossiya prezidenti ishtirokidagi ikki tomonlama sammit o‘tkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Tramp va Putinning birinchi o‘zaro uchrashuvi Qo‘shma Shtatlar hududida, Alyaska shtatida bo‘lib o‘tishini AQSh prezidenti o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida Moskva vaqti bilan shanbaga o‘tar kechasi e’lon qildi.
6 avgust kuni maxsus vakil Stiv Uitkoffning Moskvaga navbatdagi tashrifi chog‘ida ikki prezidentning yuzma-yuz uchrashuvi haqida prinsipial ravishda kelishib olgan Moskva va Vashington bir necha kun davomida voqea joyi va sanasini sir saqlagandi.
Bir paytlar Rossiya imperiyasiga tegishli bo‘lgan Alyaska tanlangani ko‘pchilikni hayratda qoldirdi.
«Rossiya va AQSh – yaqin qo‘shnilar, bir-biri bilan chegaradosh. Bizning delegatsiyamiz shunchaki Bering bo‘g‘ozidan uchib o‘tishi va ikki davlat rahbarlarining bunday muhim va kutilgan sammiti aynan Alyaskada o‘tkazilishi mantiqan to‘g‘ri ko‘rinadi», - deya uchrashuv uchun aynan shu joy tanlanganini izohladi Ushakov.
Tramp Putinga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish uchun bergan muddat 8 avgust kuni yakunlandi. AQSh prezidenti Ukrainada harbiy harakatlar to‘xtatilmasa, Rossiyaning savdo hamkorlariga nisbatan boj joriy qilishi mumkinligi bilan tahdid qilgandi. Uitkoffning Moskvaga tashrifidan keyin Tramp bu muddat haqida boshqa eslamadi.
Mavzuga oid
23:41 / 30.12.2025
Yil yakunida axborot urushi: Rossiya Putin qarorgohiga zarba berilganini aytmoqda
21:29 / 30.12.2025
Kreml Putinning qarorgohiga hujum uyushtirilgani haqidagi bayonotlardan keyin uning manzilini maxfiylashtirdi
20:44 / 30.12.2025
«B-2'lar yoqilg‘isini bekorga sarflashni xohlamaymiz» – Tramp va Netanyahu yil oxirida nimalarni gaplashdi?
20:08 / 30.12.2025