Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yil yakunida axborot urushi: Rossiya Putin qarorgohiga zarba berilganini aytmoqda
Kalendar yili tugashi arafasida Rossiya va Ukraina urushida yangi intriga paydo bo‘ldi. Rossiya tomoni Ukraina Putinning Valdaydagi qarorgohiga hujum qilishga uringani haqida bayonot berdi. Bu xabar Zelenskiy va Tramp Floridada ko‘rishgan, Tramp tinchlik kelishuvi imzolash uchun bosimni oshirgan bir vaqtda sodir bo‘ldi. Bu xabar fonida Rossiya Belarusga yadroviy kallakni olib uchishi mumkin bo‘lgan «Oreshnik» raketalarini joylashtirdi.
«Endi keskinroq pozitsiyada bo‘lamiz»
Putinning qarorgohiga hujum haqida birinchi bo‘lib Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov gapirib chiqdi. Kreml mulozimiga ko‘ra, Putin Tramp bilan telefon suhbati chog‘ida uning qarorgohiga hujum sabab muzokaralardagi Rossiya pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishini aytgan. Keyinroq Kreml rasmiy vakili Peskov «Rossiya endi keskinroq pozitsiyada bo‘lishini» aytib chiqdi. Ushakovga ko‘ra, Tramp «bu xabardan shokka tushibdi va Ukrainaga Tomahawk raketalari yubormagani to‘g‘ri bo‘lganini» his qilibdi.
Axborot urushi
Rossiya hozirgacha Ukraina Putinning Valdaydagi qarorgohiga hujum qilinganiga hech qanday isbot taqdim etmadi. Vaholanki, Rossiya tomoniga ko‘ra, qarorgohga 91 ta dron bilan hujum qilingan, shahar aholisi bunday hujumni sezgan, videolar tarqalgan bo‘lardi.
Peskovning aytishicha, «hech qanday isbot shart emas va shunchaki Rossiya tomonining bayonotga ishonish kerak» ekan. O‘zi Tramp tinchlik kelishuvi imzolashga bosim o‘tkazayotgani ortidan Rossiya qandaydir manyovr qilishi va bitim imzolashdan qochishini taxmin qilish qiyin emasdi. Chunki Putinni amalda Ukraina to‘liq kapitulyatsiya bo‘lishidan boshqa hech qanday ssenariy qanoatlantirmaydi, hatto Donbassni to‘liq egallash ham.
Va kutilganidek bo‘lib chiqdi. Rossiya o‘ziga xos axboriy manyovr qildi. Bu ish muzokaralarda hal qiluvchi odam bo‘lgan Donald Trampga «Ukraina sizning sa’y-harakatlaringizni buzmoqchi», deyish uchun qilinayotgan bo‘lishi mumkin.
Qizig‘i, Ukraina Putinning qarorgohiga bungacha kamida ikki marta hujum qilgan, Kreml tomiga dron urilgani esingizda bo‘lsa kerak. Bundan tashqari, Sochidagi prezident qarorgohiga ham dron bilan hujum qilingan, o‘shanda Putin ichkarida bo‘lgani aytilgandi. Kiyev har ikki holatda ham to‘g‘ridan to‘g‘ri Putinga hujum qilinganini yashirmagan, Rossiya ham bu holatga hozirgidek e’tibor qaratmagandi.
Qizig‘i, bu xabarlar fonida Rossiya Belarusda «Oreshnik» raketalarini joylashtirib, jangovar shay holatga keltirdi. Bu raketalar yadroviy kallakni ham olib uchishi mumkin. Peskovdan shu raketalarga ishora qilib Rossiya qanday javob berishi haqida so‘rashdi. Kreml rasmiy vakili harbiylar qanday javob berishni o‘zi bilishini aytdi. Ana shunaqa gaplar, azizlar. Butun dunyo bayram kayfiyatida bo‘lgan bir vaqtda urushda keskinlik yana oshdi. Bular bayramda ham tinch o‘tiradiganga o‘xshamaydi...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
21:29 / 30.12.2025
Kreml Putinning qarorgohiga hujum uyushtirilgani haqidagi bayonotlardan keyin uning manzilini maxfiylashtirdi
20:08 / 30.12.2025
Putin qarorgohiga dron hujumini tasdiqlovchi dalillar yo‘q – ISW
19:50 / 30.12.2025
Kreml Putin qarorgohiga «hujum» yuzasidan dalil keltirmayapti
17:46 / 30.12.2025