Jahon | 21:29 / 30.12.2025
2208
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml Putinning qarorgohiga hujum uyushtirilgani haqidagi bayonotlardan keyin uning manzilini maxfiylashtirdi

Shuningdek, Rossiya rasmiylari Ukraina dronlari hujumi dalillarini ommaga taqdim etmasligi ma’lum qilindi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Valdaydagi Putinning qarorgohiga hujum qilishga urinish haqidagi bayonotlari fonida uning manzili/joylashuvi endi jamoatchilik oldida muhokama qilinishi mumkin emasligini aytdi. «Prezidentning qayerda joylashganiga kelsak, hozirgi sharoitda bu mavzu hech qanday ommaviy muhokama qilinmaydi», deb ta’kidladi u.

Peskov, shuningdek, Rossiya rasmiylari Ukraina dronlari hujumi dalillarini ommaga taqdim etmasligini aytdi va voqeani tinchlik muzokaralarini buzishga qaratilgan «terrorchilik harakati» deb atadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Ukraina bo‘yicha «muzokaralar pozitsiyasini kuchaytiradi».

Avvalroq Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov 29 dekabrga o‘tar kechasi Ukraina Putinning Novgorod viloyatidagi qarorgohiga 91 ta dron yordamida hujum qilishga uringani, ular havo hujumidan mudofaa vositalari tomonidan yo‘q qilinganini aytgan edi. Uning so‘zlari Rossiya Mudofaa vazirligining shu kechasi mintaqa ustida 18 ta dron urib tushirilgani haqidagi ma’lumotiga zid.

Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatda hujumdan shikoyat qildi va Rossiyaning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqilishini aytdi. Keyinroq Tramp voqeani «juda yomon» deb atadi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ayblovlarni rad etib, hujum haqidagi ma’lumotni «Rossiyaning navbatdagi yolg‘oni» deb atadi. Uning fikricha, Rossiya Kiyevdagi hukumat binolariga zarba berish va tinchlik muzokaralarini buzish uchun bahona yaratishga harakat qilmoqda.

Mavzuga oid