Jahon | 20:44 / 30.12.2025
2652
6 daqiqa o‘qiladi

«B-2'lar yoqilg‘isini bekorga sarflashni xohlamaymiz» – Tramp va Netanyahu yil oxirida nimalarni gaplashdi?

Donald Tramp Floridadagi qarorgohida Binyamin Netanyahu bilan G‘azo, Eron va Suriya masalalarini muhokama qildi. Uchrashuvdan keyingi chiqishida AQSh yetakchisi Eron va Hamasga tahdid qildi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Florida shtatidagi Mara-Lago qarorgohida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni qabul qildi. Reutersʼning yozishicha, uchrashuvda Eron yadroviy qurol dasturlari va Hamasning qurolsizlanishi asosiy mavzu bo‘lgan.

Uchrashuvdan so‘ng Netanyahu bilan yonma-yon turib chiqish qilgan Tramp Tehron o‘z qurol dasturlarini tiklash ustida ishlayotgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

«Men ular qurol va boshqa narsalarni yig‘ayotgani haqida o‘qiyapman. Agar shunday bo‘lsa, ular biz yer bilan yakson qilgan obektlardan foydalanmayapti, balki boshqa joylardan foydalanayotgan bo‘lishi mumkin. Biz ular qayerga borayotganini, nima qilayotganini aniq bilamiz. Umid qilamanki, ular buni qilmayapti, chunki biz B-2 samolyotida yoqilg‘ini bekorga sarflashni xohlamaymiz. Bu samolyotlarning borib-kelishi 37 soatlik parvoz» – dedi Tramp. U joriy yil yozda Eron yadro obektlariga zarba bergan AQShning yirik qiruvchilari B-2'larni nazarda tutayotgan edi.

Shuningdek, Tramp Netanyahu bilan muzokaralari Isroilning Eron va Livandagi «Hizbulloh» borasidagi xavotirlarini muhokama qilishga qaratilganini aytdi.

Foto: Reuters

Netanyahuning o‘zi o‘tgan hafta Isroil Eron bilan qarama-qarshilik izlamayotganini, biroq bu xabarlar haqida xabardor ekanini bildirgandi.

Isroil iyun oyida Eron 12 kunlik urush olib bordi. Urushga AQSh ham bevosita qo‘shildi. Keyinroq, urush AQSh vositachiligida yakunlandi. Nashrga ko‘ra, Eron dekabr oyining o‘zida ikkinchi bor raketa mashqlarini o‘tkazganini ma’lum qilgan.

G‘azoda sulhning ikkinchi bosqichi haqida

Donald Tramp G‘azodagi ikki yillik urushdan keyin oktabr oyida Isroil va Hamas o‘rtasida erishilgan sulhning ikkinchi bosqichiga o‘tishni istamoqda. Bu bosqich Falastin hududiga xalqaro tinchlikparvar kuchlarni joylashtirishni nazarda tutadi.

Lekin, Isroil va Hamas kelishuvning jiddiy buzilishlarida bir-birini ayblamoqda. Sulhdan keyin ham Isroilning to‘xtamagan hujumlari yuzlab falastinliklarni o‘ldirdi. Tomonlar keyingi bosqichdagi ancha murakkab choralarni qabul qilishga yaqinlashgani yo‘q.

Qurolsizlanishdan bosh tortgan Hamas sektorda o‘z nazoratini qayta kuchaytirmoqda. Isroil esa agar Hamas tinch yo‘l bilan qurolsizlanmasa, uni majbur qilish uchun harbiy harakatlarni qayta boshlashini bildirgan.

Dushanba kungi bayonotlarida Tramp qurolsizlanishni kechiktirayotganlik uchun asosiy aybni Hamasga yukladi. U Isroil kelishuvdagi o‘z majburiyatlariga amal qilganini aytdi.

«Juda og‘ir jazo bo‘ladi,» — dedi Tramp Hamas qurolini topshirmasa nima qilishi so‘ralganda. U bunday ogohlantirishlarni avval, janglar davom etayotgan paytda ham bir necha bor aytgandi.

Aslida, Isroil hali G‘azo va Misr o‘rtasidagi Rafah o‘tish punktini ham ochmagan va sektorga yetarlicha yordam kiritmayapti. Bular esa Tramp rejasidagi shartlardan biri edi.

Netanyahu atrofidagi isroillik rasmiyning aytishicha, bosh vazir keyingi bosqichga o‘tishdan oldin Hamasdan G‘azoda qolgan oxirgi isroillikning jasadini talab qiladi.

Foto: AP

G‘azodan tashqari, Trampning arab dunyosidagi do‘stlari talab qilgan masala – G‘arbiy sohil anneksiyasi ham bor. Yaqinda Isroil G‘arbiy sohilda yangi aholi punktlari qurilishi haqida e’lon qildi. Tramp bu masalada Netanyahu bilan to‘liq kelishmaganini bildirdi. Biroq kelishmovchilik nimada ekanini ochiqlamadi.

Turkiya va Suriya ham muhokama qilindi

G‘azo sektoriga Xalqaro xavfsizlik kuchlarini joylashtirish 17 noyabr kuni qabul qilingan BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan belgilangan.

Uchrashuvdan oldin Tramp jurnalistlarga Netanyahu bilan G‘azoga turk tinchlikparvarlarini joylashtirish ehtimolini muhokama qilishini aytdi. Bu murakkab masala: Tramp Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan yaxshi aloqalarga ega va uni tez-tez maqtab keladi. Isroilning esa Turkiya bilan munosabatlari ancha ehtiyotkor.

Bundan tashqari, Netanyahu Isroil Suriya bilan «tinch chegarani ta’minlashga» intilayotganini aytdi. Tramp esa Isroil Suriyaning yangi yetakchisi Ahmad ash-Shar’a bilan chiqishib ketishiga ishonch bildirdi.

Netanyahuga sadoqat

Reutersʼning yozishicha, umuman olganda, Trampning izohlari uning Netanyahu tomonida qat’iy turganini ko‘rsatgan. Lekin, uning ayrim maslahatchilari xususiy suhbatlarda Netanyahuning sulhiga sadoqatini shubha ostiga olmoqda. Izohlar, shuningdek, urushlarini «hal qilganini» ta’kidlashiga qaramay, Tramp yana Isroil bilan bog‘liq mojaro xavfini olishga tayyor ekanini ham anglatadi.

Foto: AP

Bundan tashqari, Tramp uchrashuv oldidan Netanyahuni juda iliq kutib oldi. Tramp, hatto Isroil prezidenti Isxak Gersog unga Netanyahuni korrupsiya ayblovlaridan afv etishni rejalayotganini aytdi. Ammo, Gersog idorasi bunday suhbat bo‘lganini darhol rad etdi.

Binyamin Netanyahu ham javoban uchrashuvdan so‘ng Trampga Isroilning maxsus mukofotini sovg‘a qilayotganini aytdi. U, bu mukofot – tarixan faqat isroilliklarga berib kelinganini ta’kidladi.

Mavzuga oid