O‘zbekiston | 14:41 / 06.04.2019
26485
3 daqiqa o‘qiladi

IIV, DXX, Milliy gvardiya va Mudofaa vazirligining ba'zi ofitser kadrlari QK akademiyasi markazida qayta tayyorgarlikdan o‘tadi

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012 yil 26 sentyabrdagi 278-son qaroriga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012 yil 26 sentyabrdagi 278-son qarori quyidagi mazmundagi 1-1-band bilan to‘ldirilishi mumkin:

“1-1. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi harbiy ta'lim muassasalari o‘qituvchi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziga yuridik shaxs bo‘lmagan tarmoq markazi maqomini berish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullansin.

Belgilansinki:

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasining harbiy ta'lim muassasalari o‘qituvchi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi harbiy ta'lim muassasalarining, shuningdek Favqulodda vaziyatlar vazirligining professor-o‘qituvchilar lavozimlaridagi ofitser kadrlari qayta tayyorgarlikdan o‘tadilar hamda malakasini oshiradilar;

qayta tayyorgarlikdan o‘tgan va malakasini oshirgan professor-o‘qituvchilar lavozimlaridagi ofitser kadrlarga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan namunadagi sertifikat beriladi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Mudofaa vazirligiga ajratiladigan budjet mablag‘lari, pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar, Mudofaa vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasining harbiy ta'lim muassasalari o‘qituvchi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazining faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.”.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid