Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tadbirkorlar uchun yengilliklar va Ohangaron tog‘larida yo‘qolgan bola – mahalliy dayjest
1 oktyabrdan boshlab, tadbirkorlar jarimaning 50 foizini 1 oy ichida to‘lasa, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin. So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolariga xorijiy raqamlardan kelayotgan shubhali qo‘ng‘iroqlar soni ortib bormoqda, bu firibgarlik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Dala chetlarida ekin ekmaganlarga jarima va oshirilgan miqdorda soliq qo‘llanadi. Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi tog‘larda yo‘qolib qolgan 4 yoshli bola qutqaruvchilar tomonidan bir necha soatlik qidiruvdan so‘ng topildi. Sirdaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi 3600 dollar pora bilan ushlandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Tadbirkor jarimaning 50 foizini 1 oy ichida to‘lasa, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 aprel kuni tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yanada liberallashtirish, bu borada ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyati ustidan sud nazorati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda joriy yil 1 oktyabrdan moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy to‘lashni rag‘batlantiruvchi yangi va yagona tartibni joriy etish taklif qilindi. Unga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yekti vakolatli organning qarori topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.
Shuningdek, jarimani olti oy davomida teng ulushlarda bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratish nazarda tutilmoqda. Bunda qaror topshirilganidan so‘ng bir oy ichida jarima summasining oltidan bir qismi to‘lansa, mazkur tartib avtomatik ravishda amal qiladi.
O‘zbekistonliklar shubhali xorijiy qo‘ng‘iroqlardan ogohlantirildi
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolariga xorijiy raqamlardan kelayotgan shubhali qo‘ng‘iroqlar soni ortib bormoqda. Mutaxassislar bunday holatlar ortida kiberfiribgarlar turishi mumkinligini ta’kidlab, aholini ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu qo‘ng‘iroqlar oddiy telefon aloqasi orqali emas, balki internet va maxsus dasturlar yordamida amalga oshiriladi. Firibgarlar o‘zining haqiqiy raqamlarini yashirgan holda, telefon ekranida istalgan davlatga tegishli bo‘lgan soxta raqamlarni ko‘rsatishi mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday qo‘ng‘iroqlar internet orqali qilingani sababli, ularni kim va qayerdan amalga oshirganini aniqlash ancha mushkul. Shuningdek, ushbu raqamlar haqida maxsus bazalarda ma’lumot bo‘lmasligi, ularning vaqtinchalik va soxtalashtirilgan raqamlar ekanini anglatadi.
Dala chetlarida ekin ekmaganlarga jarima va oshirilgan miqdorda soliq qo‘llanadi
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlarining dala chetlaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida yangi tartib joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, belgilangan maydonlarda maqbul ekin ekish talablariga rioya etmaganlar javobgarlikka tortiladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ikkilamchi ijaraga olgan ijarachilar tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanal, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofida belgilangan maydonlar va muddatlarda maqbul ekin ekish talablariga rioya etilmagan taqdirda jarima qo‘llanadi.
Bunda huquqbuzarlarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilangan. Maqbul ekin ekilmagan yer uchastkasining qismi uchun joriy yilgi yer solig‘i stavkasi 3 baravar miqdorda oshirilgan holda hisoblanadi.
Ohangaron tog‘larida yo‘qolib qolgan 4 yoshli bola topildi
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi tog‘larda yo‘qolib qolgan 4 yoshli bola qutqaruvchilar tomonidan bir necha soatlik qidiruvdan so‘ng tirik holda topildi.
Hodisa 13 aprel kuni Ohangaron tumani hududidagi tog‘larda sodir bo‘lgan. Olti nafardan iborat oila dam olish maqsadida tog‘ga chiqqan bo‘lib, ular tarkibida 4 yoshli bola ham bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, sayr vaqtida soat taxminan 17:00 larda oila a’zolari tog‘ cho‘qqisidagi qorlarni ko‘rish uchun yuqoriga ko‘tarilgan. Shu yerda kattalar bolani unutib qoldirib, pastga tushib ketgan. Bolaning yo‘qligi taxminan 40 daqiqadan so‘ng aniqlangan. Qidiruv-qutqaruv ishlari 6,5 soatdan ortiq davom etgan. Natijada, 14 aprel kuni tunda bola Olmaliq maxsus qidiruv-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari tomonidan tirik holda topilgan.
Sirdaryo viloyati sudyasi 3600 dollar pora bilan ushlandi
Sirdaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi E.S. 3600 dollar pora bilan ushlandi. Oliy sud axborotiga ko‘ra, u iqtisodiy ishni kassatsiya instansiyasida Guliston shahrida faoliyat yurituvchi MChJ foydasiga hal qilish evaziga shuncha pul olganlikda gumon qilinmoqda. Sudya tezkor tadbirda ashyoviy dalil bilan qo‘lga tushgan.
Mavzuga oid
20:48 / 16.04.2026
Bola hayotini saqlab qolgan murakkab operatsiya va QR-kod orqali to‘lov qoidalari – mahalliy dayjest
20:15 / 15.04.2026
Shaxmatdagi tarixiy yutuq va hududlarda kuchli shamol – mahalliy dayjest
19:39 / 13.04.2026
«Eng yopiq» davlat tashkilotlari va ozodlikka chiqqan sobiq sudyalar – mahalliy dayjest
20:03 / 10.04.2026