O‘zbekiston | 20:15 / 15.04.2026
1476
4 daqiqa o‘qiladi

Shaxmatdagi tarixiy yutuq va hududlarda kuchli shamol – mahalliy dayjest

Shaxmatchi Javohir Sindorov Kiprning Peyye shahrida o‘tkazilayotgan Nomzodlar turniri yakunlanishiga 1 tur qolganida muddatidan oldin g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston avtomobil bozorida Chevrolet ulushi 80 foizdan pasaydi. Kuchli shamol Qoraqalpog‘iston va Xorazmda talafotlar keltirib chiqardi. O‘zbekiston Zomin tog‘larini YuNeSKO ro‘yxatiga kiritish jarayonini boshladi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Javohir Sindorov Nomzodlar turniri g‘olibi bo‘ldi va jahon shaxmat toji uchun kurashadi

O‘zbekistonlik Javohir Sindorov Kiprning Peyye shahrida o‘tkazilayotgan Nomzodlar turniri yakunlanishiga 1 tur qolganida muddatidan oldin g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

20 yoshli grossmeyster endi shaxmat toji uchun amaldagi chempion hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi o‘ynash huquqini qo‘lga kiritdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev u bilan telefon orqali muloqot qilib, katta g‘alaba bilan tabrikladi.

O‘zbekiston avtomobil bozorida Chevrolet ulushi 80 foizdan pasaydi

O‘zbekiston avtomobil sanoati korxonalari 2026 yil 1-choragida 91088 ta avtomobil sotdi, deb xabar berdi «O‘zavtosanoat». Bu ko‘rsatkich – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15735 taga yoki 21 foizga ko‘p.

Bir yillik dinamikaga qaralsa, BYD Uzbekistan sotuvlarni qariyb 2 barobarga oshirgani e’tiborli. Kompaniya o‘tgan yili yanvar-mart oylarida 4045 ta avtomobil sotgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida sotuvlari 93 foizga oshgan va 7799 taga yetgan.

Avtomobil brendlari kesimidagi raqamlarga kelsak, Chevrolet brendining bozordagi ulushi 80 foizdan pasayganini ko‘rish mumkin: o‘tgan yili 1-chorakda bu brendga mansub avtomobillar bozorning 82,6 foizini tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 79,3 foizgacha tushgan.

Kuchli shamol Qoraqalpog‘iston va Xorazmda talafotlar keltirib chiqardi

14 aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida kuchli shamol va ayrim joylarda chang bo‘ronlari kuzatildi. Binolar tomi ko‘chib tushishi, daraxtlar sinib avtomobillar va elektr tarmoqlariga zarar yetkazishi kabi talafotlar ro‘y bergan.

Tungi soatlarda bu hududlarda havo sovidi, yomg‘ir yog‘di, chang-to‘zonlar bosildi. Biroq, noqulay ob-havo sharoiti yana 1-2 kun saqlanib turishi mumkin.

O‘zbekiston Zomin tog‘larini YuNeSKO ro‘yxatiga kiritish jarayonini boshladi

O‘zbekiston «Zomin tog‘lari» tabiiy hududini YuNeSKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha nomzodlik hujjatlarini tayyorlash ishlarini boshladi. Bu masala yuzasidan YuNeSKO Butunjahon merosi markazi va milliy idoralar vakillari ishtirokida onlayn muloqot o‘tkazildi.

YuNeSKO Butunjahon merosi markazi vakillari O‘zbekiston tomonidan tayyorlangan dastlabki materiallarga yuqori baho berib, Zomin tog‘larining o‘ziga xos tabiiy landshaftlari va boy bioxilmaxilligini alohida qayd etdi.

Shu bilan birga, YuNeSKO ekspertlari nomzodlikni tayyorlashning barcha bosqichlarida uslubiy va ekspertlik ko‘magini ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirib, Konvensiya talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid