Sun'iy giyohvand moddalarni aniqlash va nanotexnologiya. Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti nimalar bilan shug‘ullanadi?
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil so‘ngida Oliy Majlisga murojaatnomada 2021 yil fan va ta'limda fizika va chet tillarini ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilagan edi.
O‘zbekistonda fizikani rivojlantirish va uni keyingi bosqichga ko‘tarish uchun ilmiy maktablar, moddiy-texnik baza va kadrlar yetarlimi? Shu kabi savollarga javob izlab, fizika yo‘nalishida eng yirik muassasalardan biri O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti faoliyati bilan yaqindan tanishdik.
Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti 2017 yil qayta tashkil etilgan bo‘lib, institutning asosiy yo‘nalishlari materialshunoslik, fizikaviy elektronika, ion-plazma jarayonlari, lazer texnologiyalari, optika, issiqlik fizikasi va yuzadagi jarayonlarni o‘rganishdan iborat.
Institut misolida, fizika yo‘nalishida tadqiqotlar olib borish uchun infratuzilma, fanning sanoat tarmoqlari bilan amaliy hamkorligi, o‘zbek fanida istiqbolli yo‘nalishlarga yondashuv, ilmiy maktablar yaratilishi va chet elda ilm bilan mashg‘ul bo‘lgan vatandoshlarni o‘zbek faniga jalb qilish bilan yaqindan tanishamiz.
Infratuzilma
Hukumat qarori asosida 2017-2020 yillarda institut binosi to‘liq kapital ta'mirlandi. Zamonaviy ilmiy asboblar xarid qilish uchun 2,8 mln AQSh dollari ajratilgan bo‘lib, bugungi kungacha 2,5 mln dollarlik asbob-uskuna xarid qilindi.
Institutda zamonaviy analitik qurilmalar parki shakllangan va ko‘p qurilmalar O‘zbekistonda yagona bo‘lgani sababli institut qoshida ushbu qurilmalarni jalb qilgan holda “Jamoaviy foydalanish markazi” tashkil etilgan.
Institutning yetakchi olimlaridan biri professor Vladimir Rodshteyn muassasadagi zamonaviy analitik qurilmalar faoliyati bilan tanishtirdi.
“Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 iyundagi 366-sonli qaroriga binoan Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti qoshida institutning ilmiy qurilmalardan jamoaviy foydalanish markazi tashkil qilindi. Undan maqsad Fanlar akademiyasi va Oliy ta'lim muassasalarining yuqori texnologik, ilmiy analitik qurilmalarda tadqiqot o‘tkazishga bo‘lgan talabini qondirishdan iborat edi.
Masalan, “Eyjilent” kompaniyasiga tegishli gaz xromatografida institutda olingan kunlik namunalar tahlil qilinadi. Shuningdek, boshqa tashkilotlardan ham tahlil uchun buyurtmalar olamiz.
Markazning ko‘p sonli qurilmalaridan yana biri bu induktiv bog‘langan plazmali optik emission spektrometr. Ushbu qurilmada bir vaqtning o‘zida Mendeleyev davriy jadvalidagi 73 ta moddani aniqlasa bo‘ladi. Qurilmaning sezgirligi o‘ta yuqori bo‘lib, bir milliard atom ichida bo‘lgan bir dona begona atomni ham aniqlay oladi”.
Sanoat tarmoqlari bilan hamkorlik
Institutda sanoat sektori bilan xo‘jalik shartnomalari asosida amaliy hamkorlik orqali budjetdan tashqari mablag‘ni jalb qilish yo‘lga qo‘yilgan. Ion-plazma texnologiyalari laboratoriyasi mutaxassisi katta ilmiy xodim Rustam Ashurov Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati bilan birgalikda olib borilayotgan qo‘shma loyihalari haqida ma'lumot berdi.
“Navoiy TMKning uran ishlab chiqarish bo‘limi o‘z asosiy mahsulotidan tashqari perrenat amoniya ham oladi. Bu mahsulot O‘zbekistondan eksport qilinadi. Eksport narxi 450-660 dollar/kg.ga baholanadi.
O‘zbekistonda perrenat amoniyadan metallurgik reniy olish imkoniyati mavjud bo‘lsa-da, bu texnologiya yaratilmagan edi. Biz ilk marotaba metallurgik reniyni vodorod plazmasi muhitida sintez qilish konstruksiyasi va texnologiyasini ishlab chiqdik hamda yaqin orada buyurtmachiga topshiramiz. Bugungi kunda metallurgik reniyning ahamiyatiga to‘xtalsak, fazoga ko‘tariladigan birorta raketa tarkibida metallurgik reniy bo‘lmagan materiallarsiz ucha olmaydi.
Texnologiya natijasida Navoiy TMKda qazib olinayotgan va kilogrammi 450-660 dollardan sotilayotgan mahsulot perrenat amoniyadan kg.i 1.5-2 ming dollar bo‘lgan metallurgik reniy olish mumkin bo‘ladi”, deydi tadqiqotchi olim.
Shuningdek, fizika-matematika fanlari nomzodi, laboratoriya mudiri Saida Ishoqova sun'iy giyohvand moddalarni aniqlash va ularning kirib kelishiga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar haqida ma'lumot berdi.
“Hozirgi paytda giyohvand va gangituvchi moddalarning noqonuniy aylanishi mamlakatlarning xavfsizligi hamda jamiyat barqarorligini buzadigan asosiy omillardan hisoblanadi. Noqonuniy aylanishda bo‘lgan og‘ir giyohvand moddalar morfin, geroin va boshqalar o‘rniga arzon sun'iy giyohvand moddalar butun dunyo bo‘yicha kirib keldi va yangi psixofaol moddalar deb atala boshlandi.
Ularni to‘xtatib turish iloji yo‘q, chunki bu yangi giyohvand moddalar sun'iy bo‘lgani uchun ularning kimyoviy strukturasi juda sodda. Narkobozorga kirib borgan moddalar o‘sha yerda taqiqqa uchragani zahoti tarkibi biroz o‘zgartirilib, yangi nom bilan kirib bormoqda. Bu narsa O‘zbekistonni ham chetlab o‘tgani yo‘q. Ma'lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonga bu moddalarning 20dan ortiq xili kirib keldi.
Laboratoriyamiz olimlari shu giyohvand moddalarni psixotrop dori vositalarini yuqori sezgirlikda tezkor aniqlaydigan uslub yaratdi va shu asosda ishlaydigan termodesorbsion sirtli ionlashuv spektrometrini ishlab chiqdi.
Musodara qilingan moddalar suyuqlik ko‘rinishida mikroshprits orqali maxsus priborimiz - “iskovich” apparati bug‘latkichiga bir millilitr tomiziladi. Undan havo orqali detektorga yetib borib ionga aylanadi va moddalarning spektri maxsus dasturda ko‘rinadi. Tegishliligi aytilayotgan moddalar borligi dasturda ko‘ringan bosimga ko‘ra aniqlanadi. Masalan, morfiy 180 darajada chiqadi, psixofaol moddalar esa 200dan oshiq darajada ko‘rinadi”, deydi olima Saida Ishoqova.
“Hozirgi vaqtda butun dunyoda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini saqlash va tig‘iz vaqtlarda iste'molchiga yetkazish dolzarb muammo. Shundan kelib chiqib, institutimizda ham oquvchan akkumulyatorlar ustida loyihalar olib borilmoqda. Uning o‘ziga xosligi elektr energiyani suyuq holatda saqlaydi. Bu akkumulyatorlardan quyosh va shamol elektr stansiyalari uchun foydalansa bo‘ladi. Bundan tashqari, tig‘iz vaqtda iste'molchilarga elektr energiya talabi oshganda balansni ushlab turishda keng qo‘llansa bo‘ladi”, deya o‘zi shug‘ullanayotgan loyiha haqida tushuntirish berdi institut kichik ilmiy xodimi Shuhrat Iskandarov.
Institutning kelajak strategiyasi
Institutda fizikani keyingi bosqichga ko‘tarish qanday tasavvur qilinadi? Buning uchun sharoitlar mavjudmi va bugun qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda? Institut katta ilmiy xodimi Rustam Ashurov hali O‘zbekistonda muqobili yo‘q maxsus laboratoriya haqida ma'lumot berdi.
“Bugun zamonaviy fanga qaralsa, asosan funksional nanomateriallar, 2-D materiallar va boshqa strukturalarga ega bo‘lgan materiallarni sintez qilishga urg‘u berilyapti. Asosiy ilmiy xayp ham o‘sha sohalarga qaratilgan. Xo‘sh, O‘zbekistonda biz kelajak deb qarayotgan sohalarda qandaydir ishlar qilinyaptimi?
Avvalo, bu yo‘nalishlarda tadqiqot olib borish uchun ilmiy salohiyat va qurilmalardan tashqari o‘ziga xos sharoit ham talab etiladi.
O‘zbekistonda ilk marotaba nanozarralarni boshqariluvchi sintez qiladigan, ya'ni atomlardan qavatma-qavat struktura o‘stiradigan apparatni xarid qilyapmiz. Bunday tadqiqotlar uchun R-1000 klassdagi cleenroom shakllantirildi. Uni shu darajada ushlab turish uchun yuqori qavatlarda o‘ziga xos infrastrukturalari joylashgan.
Taxminan 1,6 mln dollarga xarid qilinayotgan o‘stiruvchi klaster esa cleenroom’ga joylanadi va uning yordamida nanostrukturalar, 2-D materiallar va boshqa murakkab strukturalarni olishimiz mumkin. Buning natijasida bir necha grammi ming dollar bo‘lgan moddalar olishimiz va boshqa shu kabi loyihalar bilan shug‘ullanishimiz mumkin bo‘ladi”.
Vatandoshlarni ilmiy hamkorlikka jalb etish
O‘zbekistonda uzoq vaqt ilm-fanga nisbatan bo‘lgan e'tiborsizlik tufayli ko‘plab vatandoshlarimiz o‘z ilmiy-karerasini chet el ilmiy markazlarida qurishdi. Bugunda dunyoda taniqli bo‘lgan nufuzli olimlar ichida vatandoshlarimiz ko‘p ekanligi quvonarli, albatta.
Ammo ularni O‘zbekistonda ilm-fanni rivojlantirish va zamonaviy ilmiy maktablar tashkil qilish jarayoniga qayta jalb qila olish oson emas. Bugun ularni qiziqtira oladigan takliflar va zamonaviy ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoitlar bo‘lishi kerak.
Yigitali Mahmudov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi Mirvohid Mirrahimov
Mavzuga oid
08:11 / 16.10.2021
Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi tashkil etiladi
19:27 / 27.11.2019
Botanika, Zoologiya institutlariga hamda Botanika bog‘iga avtomashinalar topshirildi
15:47 / 05.08.2019
Garajdagi startap: Nanotexnologiya kuchini innovatsiyaga aylantirayotgan laboratoriya
22:25 / 31.07.2019