Jahon | 14:32 / 05.03.2026
8418
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjondagi aeroportda Eron droni quladi

Ozarboyjon mudofaa vazirligi hujum uchun javobgarlikni Eron zimmasiga yuklagan va javob choralari tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

5 mart kuni Ozarboyjonning Naxichivon shahridagi aeroport hududida Eron droni qulab tushdi. Voqea joyida olingan video APA axborot agentligi tomonidan e’lon qilingan.

Ukrainaning Supernova+ telegram-kanali yozishicha, aeroportga «Shohid-136» rusumli dron urilgan (Rossiyadagi modifikatsiyasi «Geran-2» sifatida ma’lum).

Naxichivondan Eron chegarasigacha masofa kamida 30 kilometrni tashkil etadi.

Ozarboyjon TIV dron zarbasi oqibatida aeroport infratuzilmasi shikastlangani va ikki kishi yaralangani haqida xabar bergan. Eronning yana bir droni Shakarobod qishlog‘idagi maktab yoniga qulagan. Maktab o‘quvchilari evakuatsiya qilingan.

Vazirlik Erondan «mazkur hodisaga imkon qadar tezroq oydinlik kiritishni, izoh berishni va kelgusida bunday holatlarning oldini olish uchun zarur shoshilinch choralar ko‘rish»ni talab qilib bayonot berdi.

Sodir bo‘lgan voqea «xalqaro huquq normalari va prinsiplariga zid bo‘lib, mintaqada keskinlik kuchayishiga olib kelishi» qayd etilgan.

Ozarboyjon mudofaa vazirligi Naxichivonga dronlar hujumi uchun javob qaytarilishini va’da qildi.

4 mart kuni Eron hududidan uchirilgan ballistik raketa Turkiya havo kengligiga kirgani va urib tushirilgani ma’lum bo‘lgandi. Tehrondagilar esa raketani Turkiyaga uchirmaganini aytmoqda. Eronlik harbiylar Turkiya hududida urib tushirilgan raketa aslida qaysi yo‘nalishda uchirilgan bo‘lganiga aniqlik kiritmagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid