O‘zbekiston | 18:05 / 03.04.2021
56903
2 daqiqa o‘qiladi

1 maydan boshlab davlat boshqaruvi xodimlarining soni 15 foizgacha qisqartiriladi

Prezident “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tuzilmasini maqbullashtirish va shtat birliklari sonini qisqartirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Kun.uz manbasi xabariga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning idoraviy va hududiy bo‘linmalari boshqaruv xodimlarining shtat birliklarini qisqartirish va tuzilmasini maqbullashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining qator takliflari ma’qullandi.

Xususan, 2021 yil 1 maydan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning idoraviy va hududiy bo‘linmalari boshqaruv xodimlarining soni 15 foizgacha maqbullashtiriladi hamda ularning yangilangan cheklangan soni belgilanadi.

Mavjud boshqaruv xodimlari shtat birligi soni 44 099 bo‘lsa, qisqartirilayotgan shtat birliklari 5 308tani tashkil etadi. Shundan davlat budjeti hisobidan mavjud shtat birliklari soni - 40 035, qisqartirilayotgan shtat birliklari - 5 192. Budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan mavjud shtat birligi soni - 4 064, qisqartirilayotgan shtat birliklari  - 116. 2021 yil 1 may holatiga boshqaruv xodimlari shtat birligi soni 38 791tani tashkil etadi. 

Qayd etilishicha, hujjat davlat tomonidan tartibga solishning zamonaviy bozor mexanizmlari joriy etilishi, davlat organlarida sohaga oid bo‘lmagan vazifalarning qisqartirilishi, ular faoliyatiga raqamli texnologiyalarning joriy etilishi, shuningdek, davlat funksiyalarini amalga oshirishga xususiy sektorning jalb qilinishi kabi yo‘nalishlarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan kelib chiqib, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.

Mavzuga oid