Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bahodir Jalolov - Olimpiada chempioni!
Bahodir Jalolov finalda amerikalik bokschini yengib, Olimpiada chempioni bo‘ldi va O‘zbekiston delegatsiyasiga yana bir medal taqdim etdi.
Foto muallifi Almurat Mamadaminov
8 avgust kuni Tokio Olimpiadasining so‘nggi kunida Bahodir Jalolov (+91 kg) oltin medal uchun jangda amerikalik Richard Torresga qarshi ringga ko‘tarildi.
Jangning birinchi raundi teng kurashlar ostida kechdi, ammo hakamlar bu raundni amerikalik bokschiga berishdi - 2:3.
Ikkinchi raundda esa Jalolov raqibga bosimni oshirdi va bir necha bor xavfli zarbalar yo‘llab, raqibni nokdaun holatiga tushirdi, referi hisobni ochdi, ammo Torres jangni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. Bu safar hakamlarning barchasi Jalolovning ustunligini qayd etishdi - 5:0.
Jalolov hal qiluvchi raundda ham faollik ko‘rsatishda davom etib, kuchli zarbalari bilan raqibni qiynab qo‘ydi. Yakunda hakamlar bir ovozdan o‘zbekistonlik bokschining g‘alabasini tan olishdi va Jalolov Olimpiadaning oltin medalini qo‘lga kiritdi.
Bu O‘zbekiston boks jamoasining Olimpiadadagi yagona medali bo‘ldi.
Ma'lumot uchun, ushbu bokschilar 2019 yilgi jahon chempionati chorakfinalida ham ro‘baru kelgan, o‘shanda Torres birinchi raundda kuchli zarbani o‘tkazib yuborib, hushdan ketgan, uni ringdan zambilda olib chiqib ketishgandi.



Jalolov finalgacha bo‘lgan yo‘lda ozarboyjonlik Magomed Abdullayev, hindistonlik Satish Kumar va britaniyalik Freyzer Klarkni mag‘lub etgandi.
Bu O‘zbekiston delegatsiyasi uchun Tokio Olimpiadasidagi beshinchi medal bo‘ldi. Bungacha taekvondochi Ulug‘bek Rashidov oltin, dzyudochi Davlat Bobonov bronza, og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev oltin va erkin kurashchi Bekzod Abdurahmonov bronza medalga ega chiqqandi.
Olimpiada yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi 3ta oltin va 2 bronza bilan umumiy reytingda 31-o‘rinni egalladi.


Mavzuga oid
10:10 / 07.10.2025
Bahodir Jalolov professional boksdagi navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritdi
16:32 / 13.06.2025
Bahodir Jalolovning navbatdagi jangi sanasi va raqibi ma’lum bo‘ldi
08:07 / 06.04.2025
Bahodir Jalolov ukrainalik raqibni mag‘lub etdi
12:39 / 06.02.2025