Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Yurak to‘qimasidan klapan yasadik” – O‘zbekistonda ilk bor noyob yurak operatsiyasini o‘tkazgan kardiojarroh
Toshkent davlat tibbiyot universitetining bolalar ko‘p tarmoqli klinikasida 6 yoshli bemorda dunyodagi eng zamonaviy yurak jarrohligi amaliyotlaridan biri – organning o‘z to‘qimasidan yangi klapan yasash operatsiyasi amalga oshirildi. Mazkur jarrohlik usuli O‘zbekistonda ilk bor qo‘llandi. Kardiojarroh Bobur To‘rayev amaliyot qanday o‘tkazilgani haqida Kun.uz’ga so‘zlab berdi.
Jarayon besh soatga yaqin davom etgan. Operatsiyada uch nafar jarroh, narkoz shifokorlari, sun’iy qon aylanish apparati mutaxassisi, umumiy hisobda o‘n nafardan ortiq tibbiyot xodimlari ishtirok etgan. Jarrohlik tugagach, bemor yuragi exokardiografiya orqali tekshiruvdan o‘tkazilgan va bosim o‘lchovlari normal ko‘rsatkichlarda ekanligi tasdiqlangan.

“Bemorimiz Amirxon ismli 6 yoshli bola tug‘ma uch tabaqali klapan yetishmovchiligi bilan olib kelingan edi. Bu klapan yurakning o‘ng bo‘lmachasi bilan o‘ng qorinchasi orasida joylashgan va qon oqimini tartibga solib turuvchi muhim tuzilma hisoblanadi. Avvalo, biz mavjud klapanni davolashga harakat qildik, biroq operatsiya davomida uni qayta tiklashning imkoni bo‘lmadi. Keyin esa Avstraliyadagi ustozlarimdan o‘rgangan texnologiyani qo‘llashga qirishdik, ya’ni yurakning o‘ng bo‘lmachasi quloqchasidan to‘qima olib, undan yangi klapan yasadik. Hozirda bemorning ahvoli yaxshi, reanimatsiyadan olinib, palataga chiqarilgan: bolakay o‘rnidan turib, o‘ynab yuribdi”, – deydi Bobur To‘rayev.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, jarrohlik amaliyotida qo‘llangan yurak to‘qimasining kesilishi organ faoliyatini izdan chiqarmaydi, chunki bu jarayon faqatgina zarur bo‘lgan anatomik tuzilma darajasida amalga oshiriladi. Shuningdek, ushbu usul transplantatsiya va implantatsiyada uchraydigan immunologik rad etilish (rejyeksiya) xavfini minimallashtiradi. Bemorning o‘z yurak to‘qimasi yoki organi ishlatilgani uchun u tanaga mos tushadi va qon aylanishi deyarli tabiiy holatda davom etadi, hech qanday jiddiy buzilish bo‘lmaydi. Bu esa tromb hosil qilish xavfini kamaytiradi va klapanning funksional chidamliligini oshiradi.

“Bo‘lmacha yurakning to‘rtta kameralaridan biri bo‘lib, ichida qon to‘planadigan bo‘shliqdir. Uning asosiy vazifasi qon kelib tushgach, uni qorinchaga o‘tkazishdan iborat. Ushbu bemorimizda uch tabaqali klapan to‘g‘ri ishlamagani sababli o‘ng qorinchadan o‘ng bo‘lmachaga oqim ortib ketgan. Aslida bunday bo‘lmasligi kerak: sog‘lom klapan zich yopilib, bo‘lmachadan qon faqat qorinchaga, u yerdan esa o‘pka arteriyalariga o‘tishi lozim. Ammo klapan yetarli darajada ishlamagani uchun bo‘lmachadan qorinchaga o‘tgan qonning bir qismi yana qorinchadan bo‘lmachaga qaytib ketgan. Natijada bo‘lmachaning hajmi me’yordan ikki-uch barobar kattalashgan. Operatsiya davomida mazkur bo‘lmachaning quloqchasidan bir parcha to‘qima oldik, kesilgan joy norma darajasidan kichraymadi. Bu usul bemor hayoti uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi”, – deydi kardiojarroh.

Mazkur operatsiyaning unikalligi shundaki, jarayon davomida hech qanday sun’iy material qo‘llanmaydi: organning bir qismidan tayyorlangan klapan organizm tomonidan tezroq qabul qilinadi, infeksiya xavfi kamayadi va bemor uzoq muddat sog‘lom yashash imkoniga ega bo‘ladi.
“O‘smirlarga sun’iy klapan qo‘yishning bir qator kamchiliklari mavjud. Eng katta muammo bolaning yoshi va yurak o‘lchamlari o‘zgarishida. Kichik yoshdagi bemor uchun mos keladigan mini sun’iy klapanni topish ancha qiyin.

Bundan tashqari, bola ulg‘ayishi bilan yurak hajmi va o‘lchamlari ham kattalashadi, biroq sun’iy klapan o‘sish jarayonida ishtirok eta olmaydi. Oqibatda, u vaqt o‘tishi bilan yurak uchun kichik bo‘lib qoladi va qayta operatsiya qilinib, yangisini o‘rnatishga zarurat tug‘iladi”, – deydi Bobur To‘rayev.
Suhbat davomida shifokor yurak operatsiyalarini o‘tkazish bo‘yicha xorijda o‘rgangan tajribalari, bolalarda uchrayotgan yurak kasalliklari sabablari va ularning oldini olish choralari, faoliyatida kuzatilayotgan tibbiy asbob-uskunalarining eskirganligi muammosi haqida gapirib berdi.
Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Jurnalist: Diyoraxon Nabijonova
Operator va montaj ustasi: Bobur Anvarov
Mavzuga oid
15:15 / 09.12.2025
Toshkentda 31 yoshli erkak xususiy klinikada burun operatsiyasi vaqtida vafot etdi
01:36 / 01.12.2025
Yurak uchun eng foydali mahsulotlar aytildi
20:15 / 11.10.2025
Reportaj: Chirchiqda tug‘ilgan siam egizaklariga shifoxonadan uyiga javob berildi
08:10 / 09.10.2025