Jahon | 12:19 / 11.11.2021
3622
2 daqiqa o‘qiladi

YouTube dizlayk hisobini berkitadi. Yoqmagan videoga dizlayk bosish saqlab qolinadi

10 noyabrdan boshlab YouTube videotasvirlar ostidagi dizlayk hisoblagichni berkita boshlaydi. Videohosting blogida ma'lum qilinishicha, endi salbiy baholar sonini faqat rolik egalari ko‘ra olishadi.

Foto: stock.adobe.com

Tomoshabinlar o‘zlariga yoqmagan videorolikka dislak tugmasini avvalgidek bosishlari mumkin bo‘ladi — tugmaning o‘zi joyida turadi. YouTube shu yo‘l bilan blogerlar va boshqa video mualliflarni Internetda ta'qib qilishdan himoya qilmoqchi.

«YouTube’da dizlayklar hisoblagichi maxfiy bo‘ladi, lekin dizlayk tugmasining o‘zi joyida qoladi», — deyiladi platforma matbuot xizmati xabarida.

Kompaniyadagilarning fikricha, tugmaning bo‘lmasligi ayrim videolarni ommaviy ravishda minuslab tashlashga rag‘batni yo‘qotadi. Yangilik endi ish boshlayotgan va «adolatsiz ravishda» hujumlarga duchor bo‘layotgan blogerlarni himoyalash uchun qilinmoqda.

«Tajriba davomida ayrim tomoshabinlar “Yoqmadi” belgisining miqdori videoni ko‘rish haqida qaror qabul qilishda yordam berishini aytishdi. Biz buni tushunamiz. Biroq shu bilan birga hisoblagichning berkitilishi YouTube hamjamiyatiga foyda keltiradi. Bu mualliflar yuzma-yuz keladigan asossiz salbiy fikrlarga qarshi kurashish yo‘lidagi qadamlardar biri.

Biz o‘zaro hurmat va inklyuziv muhit yaratishni maqsad qilganmiz. U yerda mualliflarda muvaffaqiyatga erishish va o‘zini xafv-xatarsiz namoyon qilish imkoniyati taqdim etiladi», —deyiladi kompaniya bayonotida.

Avvalroq platforma o‘tkazgan tajribada ayon bo‘lishicha, dizlayklar hisoblagichi bo‘lmasligi salbiy baholar sonini keskin kamaytirar ekan. Ko‘pchilik foydalanuvchilar videoni ko‘rish yo ko‘rmaslik masalasida dizlayklar soniga e'tibor berishiga qaramasdan, tugmani yonidagi sonlarni olib tashlashga qaror qilingan.

Dizlayklarni berkitish masalasi haqida YouTube shu yil mart oyidayoq xabar qilgan edi. O‘shanda mualliflarning o‘zi salbiy baholar sonini ko‘rsatish kerak yoki yo‘qligi borasida qaror qabul qilishi nazarda tutilayotgan edi. 

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid