Jahon | 15:13 / 02.02.2026
5698
9 daqiqa o‘qiladi

Eron-Xitoy harbiy mashg‘ulotlari rejasi, Pokistonda o‘ldirilgan yuzlab jangarilar va Turkiyadagi mudhish avtohalokatlar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Eron atrofidagi vaziyat

Eron oliy rahnamosi Ali Xominaiy AQSh tomonidan zarba berilishi mintaqaviy urush keltirib chiqarishidan ogohlantirdi.

«Bu safar, agar AQSh urushni boshlab bersa, u butun mintaqaga yoyiladi», - dedi Xominaiy yakshanba kuni Tehronda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda.

Xominaiy Vashingtonning Fors ko‘rfaziga aviatashuvchilar va harbiy kemalar yuborganini «yangilik emas» dedi. Uning aytishicha, AQSh rasmiylari ilgari ham bir necha bor shunga o‘xshash tahdidlar qilgan, ko‘pincha «barcha variantlar stol ustida», jumladan harbiy kuch ishlatish imkoniyati borligini ta’kidlab kelgan.

«Endi bu odam ham doimiy ravishda ‘biz harbiy kemalarni olib keldikʼ va shunga o‘xshash gaplarni aytyapti», - dedi Xominaiy Donald Trampni nazarda tutib. «Eron xalqi bunday gaplardan qo‘rqmasligi kerak. Eron xalqi bu tahdidlarga ta’sirlanmaydi».

AQShning Eronga zarba berish ehtimoli haqidagi xavotirlar kuchayib borayotganiga qaramay, keskinlik pasayayotganidan darak beruvchi belgilar ham paydo bo‘ldi.

Shanba kuni Eronning yuqori martabali rasmiysi muzokaralar uchun «tuzilmaviy asos» shakllanayotganini bildirdi. Tramp ham jurnalistlarga Eron bilan «jiddiy muzokaralar olib borilayotganini» aytgan.

Bundan tashqari, mahalliy OAVlar Eron fevral oyining o‘rtalarida Hind okeani shimoliy qismida Xitoy va Rossiya bilan qo‘shma dengiz harbiy mashg‘ulotlari o‘tkazishini bildirdi.

«Dengiz xavfsizlik kamari» deb nomlangan qo‘shma mashg‘ulotlarda Eronning muntazam harbiy-dengiz floti hamda Islom inqilobi muhofizlari korpusi, shuningdek Xitoy va Rossiya harbiy-dengiz kuchlari qatnashadi.

Isroil yana G‘azoga zarba berdi

G‘azoda davom etayotgan sulhga qaramay Isroil shanba kuni sektorga shiddatli havo zarbalarini berdi. Uylar, chodirlar va politsiya bo‘limiga qilingan hujumlar oqibatida 32 kishi halok bo‘ldi.

Isroil harbiy samolyotlari G‘azo shahrining g‘arbida joylashgan Shayx Radvan politsiya bo‘limini bombardimon qildi. Bu hujumda besh nafar xodimni ham o‘z ichiga olgan holda 13 kishi halok bo‘lgan. Boshqa havo zarbalari G‘azo shahridagi kamida ikki uyga va Xon Yunusdagi chodirga berilgan.

«‘Sulh’ deyishadi. O‘sha bolalar nima qildi? Biz nima qildik?» — deydi uch yoshli jiyanining jasadini ko‘tarib olgan Samer al-Atbash.

Isroil harbiylarining aytishicha, bu zarbalar avvalgi kuni sulh buzilganiga javoban berilgan. Unga ko‘ra, Rafahda tunnel ichidan chiqib kelgan sakkiz nafar qurolli shaxs aniqlangan.

IDF’ga ko‘ra, Hamas va uning ittifoqchilariga aloqador qo‘mondonlar, qurol-yarog‘ omborlari hamda ishlab chiqarish obektlari nishonga olingan.

G‘azoning qariyb yarmida nazoratni saqlab turgan Hamas esa Isroil sulhni buzganini aytdi. Biroq shanbadagi hujumlarda o‘z a’zolari yoki obektlari zarba olgan yoki olmaganini ma’lum qilmadi.

10 oktyabrdan buyon Isroil G‘azoda sulhni bir necha marotaba buzib, 500 ga yaqin falastinliklarni o‘ldirdi.

Reutersʼning xabar berishicha, Hamas sulhning ikkinchi bosqichi doirasida AQSh qo‘llab-quvvatlaydigan yangi Falastin ma’muriyatiga o‘zining 10 ming nafar politsiya xodimini qo‘shishni talab qilmoqda. Bu talab Isroil tomonidan qarshilikka uchrashi ehtimoli bor.

Pokiston 145 nafar jangari yo‘q qilinganini bildirdi

Balujiston bo‘ylab davom etgan 40 soatlik janglarda Pokiston xavfsizlik kuchlari 145 nafar jangari yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Pokiston ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Talal Chaudrining aytishicha, shanba kuni oddiy fuqarolar kiyimida bo‘lgan hujumchilar shifoxonalar, maktablar, banklar va bozorlarga kirib, o‘q otishni boshlagan.

«Har bir holatda hujumchilar fuqarolar sifatida kirib, do‘konlarda ishlayotgan oddiy odamlarni ayovsiz nishonga oldi», — dedi u. Separatistik «Balujiston Ozodlik Armiyasi» hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

Balujiston bosh vazirining aytishicha, jangarilar hujumlari oqibatida 17 nafar huquq-tartibot xodimi va 31 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan. Shuningdek, guruh Pokiston xavfsizlik kuchlarining 84 nafar a’zosini o‘ldirganini va 18 nafarini asirga olganini da’vo qildi.

Bunga javoban armiya, politsiya va terrorizmga qarshi bo‘linmalar keng ko‘lamli qarshi operatsiyalarni boshlagan. Pokiston armiyasi shanba kuni 92 nafar, juma kuni esa 41 nafar jangari o‘ldirilganini ma’lum qildi.

Pokiston janubi-g‘arbidagi Eron va Afg‘oniston bilan chegaradosh ushbu viloyatda isyonchilar xavfsizlik kuchlari, tinch aholi va infratuzilmaga hujumlarni kuchaytirgan.

Davlatning eng katta va eng kambag‘al viloyati bo‘lgan Balujistonda separatistlar ko‘proq avtonomiya va tabiiy boyliklardan katta ulush talab qilmoqda.

Pokiston armiyasi hujumlar «Hindiston qo‘llab-quvvatlagan jangarilar» tomonidan amalga oshirilganini aytdi. Hindiston esa bu bayonotni rad etdi.

Rossiya droni 12 kishini o‘ldirdi

Ukraina rasmiylarining ma’lum qilishicha, 1 fevral kuni Dnepropetrovsk viloyatidagi konchilarning avtobusiga Rossiya droni zarba bergan. Hujum oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘lib, yetti kishi jarohatlangan.

Hujum, Volodimir Zelenskiy kelasi haftada uch tomonlama muzokaralarning ikkinchi bosqichi bo‘lishini e’lon qilganidan bir necha soat o‘tib sodir bo‘ldi.

Qayd etilishicha, halok bo‘lgan va jarohatlanganlarning barchasi smenadan qaytayotgan xodimlar bo‘lgan.

Hujum Ternivka shahrida sodir bo‘lgan, e’lon qilingan videolarda oynalari chilparchin bo‘lgan, kuyib ketgan avtobus aks etgan.

Bundan tashqari, rasmiylar yakshanba kuni Zaporijjya shahrida tug‘uruqxona va turar joy binosiga berilgan zarbalar oqibatida kamida to‘qqiz kishi jarohatlanganini bildirdi.

Zelenskiyning aytishicha, Putin 1 fevralgacha Ukraina energetika infratuzilmasiga hujum qilmaslikka rozi bo‘lgan bo‘lsa-da, mamlakatdagi logistika obektlarini nishonga olishni davom ettirmoqda.

Turkiyada avtobus halokati

Yakshanba kuni Turkiyaning janubidagi Antaliya viloyatida shaharlararo avtobus yo‘ldan chiqib ketib, to‘qqiz kishi halok bo‘ldi, yana o‘nlab odamlar jarohat oldi. Tasvirlarda avtobus avtomagistralga chiqish yaqinida qiyalikda yonboshlab yotgani aks etgan.

«Biz Ispartadan Antaliyaga ketayotgan edik. Yo‘lda tuman bor edi, haydovchi esa juda tez harakatlanayotgan edi», - dedi halokatdan omon qolgan yo‘lovchi Ahmet Kodaz.

Shundan so‘ng, avtobus burilishga kelganda burila olmagan. «Avvaliga yon tomonga og‘ib, sirg‘aldi, keyin to‘siqqa tiqilib qoldi. Shundan so‘ng yo‘lovchilar bilan birga qiyalikdan pastga ag‘darilib ketdik», deydi u.

Antaliya viloyati hokimi halok bo‘lganlar sonini tasdiqladi va avtobusda 34 nafar yo‘lovchi bo‘lganini bildirdi. Rasmiylarning aytishicha, jarohat olganlarning yetti nafari og‘ir ahvolda, halok bo‘lganlar orasida haydovchi ham bor.

Euronewsʼning yozishicha, xuddi shu kuni Burdur viloyatida sodir bo‘lgan boshqa bir yo‘l-transport hodisasida yetti kishi halok bo‘lgan.

Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya Turkiyada 2024 yilda YTHlar oqibatida 6,3 mingdan ko‘proq odam vafot etganini eslatdi va yo‘l harakati qoidalarini qat’iylashtirishga chaqirdi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid